“Metallurg” tarkibidagi yangilar “tasdiqdan” o'tdi

Narzulla Saydullayev
1 avg 2014, 14:53
Kecha O'zbekiston futbol federatsiyasi Professional futbol ligasida “Metallurg” futbol klubi davralar oralig'idagi transferlar oynasidan unumli foydalangan holda yangi o'yinchilarini rasman tasdiqdan o'tkazdi.
Unga ko'ra ikkinchi davradan e'tiboran bekobodliklar tarkibida olti nafar yangi o'yinchi to'p suradigan bo'ldi. Yangi o'yinchilardan ikki nafari bekobodliklar uchun begona emas. Hujumchi Zohid Abdullaev (fotoda) uzoq yillar “Metallurg” sharafini himoya etgan, jamoaning to'purar hujumchilaridan biri bo'lgan. Shuningdek, iqtidorli yarim himoyachi Javlon Mirabdullaev ham bekobod futboli tarbiyalanuvchisi. Avvaliga “Andijon”da, keyin “Bunyodkor”da o'ynagan Javlon Mirabdullaev 2014 yilgi mavsumning ikkinchi yarmini “Metallurg” tarkibida o'tkazadi.

Zohid Abdullaevdan tashqari Farg'onaning “Neftchi” jamoasidan bekobodliklar safiga yarim himoyachi Maruf Murodov ham kelib qo'shildi. Viloyat birinchiligida o'ynagan Azizxon Ibragimov ham “Metallurg”ning asosiy tarkib o'yinchilaridan biriga aylanish uchun harakat qiladi. Tarkib yana ikki nafar yosh o'yinchilar bilan boyidi. Sunnat Ermatov Toshkent temiryo'lchilari tarkibidan “Metallurg”ga kelib qo'shilgan bo'lsa, Doniyor Jo'raev klubning bolalar va o'smirlar olimpiya zahiralari sport maktabi tarbiyalanuvchisidir.

O'z navbatida “Metallurg” 6 nafar o'yinchi bilan xayrlashdi. Bular Sardorbek Soibov, Murod To'ychiboev, Konstantin Petrov, Benumi Abdunabiev, Mansurbek Maxsudov va Ravshanbek Yagudin.
 
Quyida “Metallurg” tarkibiga kelib qo'shilgan yangi futbolchilar haqida batafsil ma'lumot berilmoqda:

Ismi sharifi

Tug'ilgan yili

Ampluasi

 Raqami

Qaysi jamoadan

Zohid Abdullaev

25.05.1984

Hujumchi

55

“Neftchi”

Maruf Murodov

11.03.1990

Yarim himoyachi

66

“Neftchi”

Azizxon Ibragimov

08.05.1986

Yarim himoyachi

46

“Neftchi-Tinchlik”

Javlon Mirabdullaev

19.03.1994

Himoyachi

88

“Bunyodkor”

Sunnat Ermatov

17.06.1995

Yarim himoyachi

47

“Lokomotiv”

Doniyor Jo'raev

09.08.1997

Himoyachi

48

“Metallurg” BO'OZSM



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: metallurg-pfc.uz