“Lokomotiv” yig'inida xorijlik futbolchilar+Suyunov

Narzulla Saydullayev
24 iyul 2013, 19:33
Toshkentning “Lokomotiv” klubi ham ayni damda boshqa jamoalar kabi ikkinchi davra o'yinlariga tayyorgarlik ko'rmoqda.
Hakim Fuzaylov boshchiligidagi jamoa mashg'ulotlarni o'z bazasida olib bormoqda. Yaqinda “temiryo'lchilar” oliy liga vakili “Buxoro” bilan o'rtoqlik uchrashuvida ishtirok etishdi.

Klub matbuot kotibi Otabek Eshmamatovning ma'lum qilishicha, ayni paytda bir nechta xorijlik futbolchilar sinovdan o'tkazilmoqda. Avval xabar berib o'tganimizdek, bundan bir necha kun oldin turkmanistonlik 22 yoshli hujumchi Arslonmurod Omonov jamoa murabbiylari ixtiyoriga yetib kelgandi. Shuningdek u bilan birga yana moldaviyalik va rossiyalik bo'lgan legioner o'yinchilar ham ayni paytda yig'inda ishtirok etmoqda. Ularning ko'pchiligi yarim himoya va hujum chizig'ida to'p suruvchi futbolchilardir. Futbol agentlari murabbiylar shtabiga uzoq xorijlik futbolchilarni ham tavsiya qilishgan. Ayni paytda klub ularning nomzodlarini o'rganib chiqmoqda. Shu bois yaqin orada “Lokomotiv” tarkibida yana yangi nomlarni uchratsak ajab emas.

Mahalliy futbolchilardan “Paxtakor” bilan xayrlashishga ulgurgan himoyachi Ilhom Suyunov bugungi kunda Hakim Fuzaylov olib borayotgan mashg'ulotlarda ishtirok etmoqda. Undan tashqari birinchi davrada Gulistonda ijara asosida o'ynagan Ibrohim Rahimov ham "Lokomotiv"ga qaytib kelgan.

Birinchi davrada raqobt tufayli zaxirada qolib ketgan ayrim o'yinchilarni jamoa boshqa klublarga ijaraga berishni o'ylab turibdi.   

“Lokomotiv”ning yaqin oradagi rejalari hususida aytadigan bo'lsak, 26 iyul kuni “temiryo'lchilar” Bekobodning “Metallurg” jamoasi bilan sinov-nazorat bahsida maydonga tushadi.

Islombek Rustambekov

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia