Levandovskining soyasida qolgan kechagi kun qahramonlari FOTO

Narzulla Saydullayev
23 sen 2015, 13:42
"Bavariya" hujumchisi kecha Robert Levandovskining 9 daqiqa ichida 5ta gol urgani haqidagi xabarlarni o'qiyverish ko'pchilikning joniga tekkani bor gap.

Kecha bir zumda barcha OAV polshalik hujumchining ajoyib natijasi haqida bong urishdi. Haqiqatdan ham fantastik natija qayd etdi Levandovski. Biroq biz kecha oqshom o'z klublari safida o'ynab qahramon bo'lganlarni ham esga olishni maqsad qildik.

Belgiyalik Kevin De Bruyne yozda juda katta summa evaziga "Manchester Siti"ga ko'chib o'tganini barcha biladi. "Chelsi"ning sobiq futbolchisi Tumanli Albionga qaytib tezda yangi jamoasiga qo'shilib keta oladi. Kecha Angliya Liga kubogi doirasida "Sanderlend" mehmoni bo'lgan "shaharliklar" raqibni 4:1 hisobida taslim qilishdi. Kevin "Siti" tarkibidagi ikkinchi golini urishga erishdi.



O'tgan mavsumni "Manchester Yunayted"da o'tkazgan argentinalik Anxel Di Mariya faoliyatini Parijda davom ettirishga qaror qildi. Avgust oyi so'nggida Fransiyaga ko'chib o'tgan futbolchi PSJ klubining asosiy futbolchilaridan biriga aylanib bo'ldi. Biroq u dastlabki uchta o'yinda raqiblar darvozasiga to'p kirita olmagandi. Kecha "Gengam"ni qabul qilgan Loran Blan shogirdlari 3:0 hisobida zafar quchishdi. Anxel ushbu uchrashuvda o'z hisobiga gol hamda golli pas yozib qo'yishga muvaffaq bo'ldi. Di Mariya Fransiyadagi o'z gollari hisobini ochdi, ko'ramiz u mavsum davomida nechta gol urarkin?



31 yoshli Vedad Ibishevichni ko'pchilik tanimasligi mumkin, ammo Bundesliga muxlislar juda yaxshi bilishadi. Oxirgi yillarda Germaniyaning "Xoffenxaym" va "Shtutgart" klublarida o'ynab ko'plab gollar urgan hujumchi bu yozda "Gerta"ga o'tishga qaror qildi. Bosniya va Gertsegovina terma jamoasi futbolchisi yangi jamoasi safida ham gol urishni boshlab yubordi. Ibishevich kecha "Keln"ga qarshi bahsda o'z hisobida ikkita gol yozib qo'yishga erishdi.



"Bavariya" klubi tarbiyalanuvchisi bo'lgan Sandro Vagner ayni paytda Bundesliga debyutanti "Darmshtadt" klubida o'ynamoqda. 1987 yilda tug'ilgan hujumchi kecha "Verder" bilan o'yinda dublga erishdi va jamoasining muhim g'alabasini taminladi. Qizig'i Vagner 2010-2012 yillarda aynan "Verder" jamoasi sharafini himoya qilgandi.



Sinisha Mixaylovich boshchiligidagi "Milan" asta-sekin o'zining avvalgi mavqeiga qaytmoqda. "Rossonerlar" kecha "Udineze" mehmoni bo'lib safardan 3:2 hisobidagi g'alaba bilan qaytishdi. Mehmonlar safida yarim himoyachi Jakomo Bonaventura qahramon bo'ldi. Futbolchi Mario Balotelli hisobni ochganidan 5 daqiqa o'tib gol urishga erishdi. Birinchi bo'lim so'nggida esa aynan Bonaventuraning pasidan so'ng Kristian Sapata to'p kiritdi.



Fransiyalik Antuan Grizmann "Atletiko"ning haqiqiy yetakchisiga aylanib ulgurdi. Yozda jamoani Mario Mandjukich, Arda Turan kabi yetakchilar tark etgach Grizmann asosiy planga chiqmoqda. Kecha tunda u "Xetafe" bilan o'yinda ikki bor raqib darvozasini ishg'ol qiliga muvaffaq bo'ldi. Tarkibda Jekson Martinez, Fernando Torres kabi hujumchilarga ega bo'lgan "matraschilar" safida Grizmann to'purar bo'lib turgani e'tiborga molik. 



2004 yildan buyon "Real Sosedad" sharafini himoya qilib kelayotgan Imanol Agirreche kecha xet-trik rasmiylashtirdi. Devid Moyes boshchiligidagi jamoa safarda "Granada"ni 3:0 hisobida taslim qildi. O'tgan turda "Espanol"ga qarshi o'yinda ham o'z hisobiga gol yozib qo'ygan Imanol 4ta gol bilan Ispaniya chempionati to'purarlar poygasida ikkinchi o'ringa chiqib oldi. Undan faqat Krishtianu Ronaldu ko'proq to'p kiritgan.


Narzulla Saydullaev tayyorladi

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia