Kanchelskis muxlislar bilan uchrashdi

Mirjalol Normatov
8 apr 2019, 21:18
“Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis bugun muxlislar bilan uchrashdi.

Unda muxlislar Andrey Antanasovichga o'zlarini qiziqtirgan bir necha savollar bilan murojaat qilishdi.

Mazkur savollarga javob bergan “lochinlar” ustozi jamoaning salbiy natijalariga ayrim futbolchilarning klub shani va qadr-qimmati uchun maydonga tushayotganliklarini his qilmasliklari, ularda xarakter va ruhiy holatning yetishmasligi bilan bog'ladi. Shuningdek, Andrey Kanchelskis jamoa ahil hamda inoqligini, futbolchilar o'rtasida bo'linish yo'qligini ta'kidladi.

Bundan tashqari, “Navbahor” bosh murabbiyi 4-6-turlar doirasidagi safarda o'tkaziladigan (5-turdan o'rin olgan “Surxon”ga qarshi kechadigan bahs ham “Markaziy” o'yingoh maydoni chimi hali tayyor emasligi bois, safarda o'tkazilishi ehtimoli yuqori) “Nasaf”, “Surxon” hamda “Dinamo” klublariga qarshi kechadigan bahslarda shogirdlari  maydonga faqat g'alaba ilinjida tushishlari, mazkur o'yinlarda ijobiy natija qayd etish uchun qo'lidan kelgan hamma narsani amalga oshirishini, muxlislar jamoaning 12-o'yinchisi ekanligi, ularning qo'llab-quvvatlashlari  “Navbahor”ga ruhiy quvvat, qo'shimcha kuch berishini ta'kidlab, ularga o'z minnatdorchiligini bildirdi.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.  

O'xshash yangiliklar


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: fcnavbahor.uz