Jud Bellingem: "Ko'p ichadi deyishgani yolg'on, men professionalman"

Aslanov Jasurbek
14 apr 2026
Madridning "Real" klubi yarim himoyachisi Jud Bellingem o'zining spirtli ichimliklarga ruju qo'ygani haqidagi tarqalgan mish-mishlarga ilk bor rasmiy munosabat bildirdi.

Avvalroq ispaniyalik mashhur yutuber AuronPlay ingliz yulduzi haqida keskin fikrlar bildirgan edi: "Ispaniyada Jud Bellingem qadam bosmagan birorta tungi klub qolmadi. U alkogolni haddan tashqari yaxshi ko'radi. Mashg'ulotlarda esa tanasidan ter emas, rom sizib chiqadi".

Bellingem 20 yanvar kuni YCHL doirasidagi "Monako"ga qarshi bahsda (6:1) gol urib, uni qo'llarida qadah (ryumka) borligini ifodalovchi ishora bilan nishonlagan edi.

"Menimcha, bu haqda avval ham aytganman: shaxsiy hayot va futbolni aralashtirib bo'lmaydi. Odamlar meni ko'p ko'ngilochar joylarga borishim va ko'p ichishim haqida yolg'on gapirishdi, ammo bu haqiqatga to'g'ri kelmaydi. Men o'ta professional futbolchiman.

O'sha golni nishonlash usuliga kelsak, bu shunchaki hazil edi, xolos", - dedi Bellingem Chempionlar Ligasi 1/4 finali doirasidagi "Bavariya"ga qarshi o'yin oldidan o'tkazilgan matbuot anjumanida.

Eslatib o'tamiz, "Real" va "Bavariya" jamoalari o'rtasidagi hal qiluvchi javob uchrashuvi ertaga Myunxenda bo'lib o'tadi. Birinchi o'yinda nemis klubi 2:1 hisobida g'alaba qozongan. Bellingem va uning jamoadoshlari Myunxenda kambek qilishga harakat qilishadi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Marca