Jahon chempionlarining qadri nega bunchalik past?

Narzulla Saydullayev
7 sen 2018, 16:42
Aslida O'zbekistonda Mehribonlik uylari o'rtasidagi futbolga e'tibor yuqori darajada bo'lgan deb ayta olmaymiz.

Biroq shu yilning may oyida O'zbekiston terma jamoasi Rossiyada o'tgan Mehribonlik uyi bolalari o'rtasidagi Jahon chempionatida g'oliblikni qo'lga kiritgach barchasi o'zgaradi deb kutagandik.

Afsuski o'sha chempionlikdan keyin ham hech qanday o'zgarish kuzatilmadi, e'tibor past darajada bo'lib qolaverdi.

“Chempion bo'ldinglar, rahmat, bu yog'iga yana o'zinglar davom etaveringlar degandek munosabat kuzatildi. Chempion bo'lgan bolalar erishgan natijasiga yarasha hech narsa qilinmadi, hech bo'lmaganda oliy o'quv yurtiga imtiyozli yo'llanma taqdim etilsa bo'lardiku. Jahon chempionligi xuddiki norasmiy turnir yoki qandaydir shoudek qabul qilindi”, - deydi biz bilan suhbatda Mehribonlik uyi terma jamoasi bosh murabbiyi Jamshid Asadov.
 
Albatta har bir g'alabaga rag'bat bo'lishi kerak, endi keyingi Jahon chempionatida qatnashadigan bolalarga qanday qilib motivaciya bersa bo'larkin? Chunki ular chempionlikka erishish hech qanday ahamiyat kasb etmasligini ko'rib bo'lishdi-ku.

O'FA qishda U-23 Osiyo chempionlarini munosib taqdirlagan edi. Ular bunga haqli edilar gap yo'q, lekin bizningcha Mehribonlik uylari o'rtasidagi Jahon chempionatining nufuzi Osiyo chempionatidan hech bir jabhada kam emas edi. Ko'ngli yarim bo'lgan bolalar Mehribonlik uyining o'zidabir oy davomida yig'in o'tkazib, Jahon chempioni bo'lishdi lekin ularga e'tibor bo'lmadi.

“Jahon chempionatida foydalangan formani “Lokomotiv” futbol klubi tayyorlab berdi, bundan tashqari Jahon chempioni bo'lganimizdan keyin “temiryo'lchilar” sovg'a tariqasida Mehribonlik uyidagi minifutbol maydonini kapital ta'mirdan chiqarib berishdi. Tayyorgarlik jarayonida xatto o'rtoqlik o'yinlarini o'tkazishda ham “Lokomotiv” jamoasi o'z yordamini ko'rsatdi.  Bundan tashqari “Paxtakor” futbol klubi va Milliy olimpiya qo'mitasi tomonidan sovg'alar taqdim etildi. Tamom”, - deydi suhbatdoshimiz.

Munosib rag'batlantirish kelajakdagi musobaqalarda katta motivaciya bo'ladi-ku.  Bu terma jamoa a'zolaridan hech kim nimadir so'rab hech qatga borgani yo'q va bormaydi ham. Lekin bu bolalar ham O'zbekiston bayrog'i ostida Jahon chempionatida qatnashdi va yurt bayrog'ini yuqoriga ko'tardi. Bu bolalar ham O'zbekiston farzandi. Ularning aybi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi bo'lganimi yoki O'FAga a'zo bo'lmaganimi? Qancha e'tibor bo'lsa shu bolalarga bo'lishi kerak emasmidi aslida. Ular velosiped uchadigan yoshdan o'tgan...



“Bitta savol tug'iladi: Agar shu yoshdagi terma jamoamiz Jahon chempioni bo'lsa, bunga ishonish qiyin albatta, ularga qanday e'tibor bo'lardi?”, - deydi Jamshid Asadov.  

Xo'sh O'zbekistonda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o'rtasidagi futbolni rivojlantirish uchun qanday ishlar amalga oshirishi kerak? Bu savolimizga bosh murabbiy quyidagicha javob berdi:

“Mehribonlik uylari terma jamoasi tayyorgarlik ko'rishi uchun barcha sharoitlar yaratilishi, moddiy-texnik bazasini kuchaytirish kerak. Terma jamoamizni Mehribonlik uylari o'rtasidagi xalqaro musobaqalarda ishtirokini taminlash. Mehribonlik uylari o'rtasida har yili o'tkaziladigan Respublika musobaqasini tashkil qilish. Xalqaro musobaqalarda o'zini ko'rsatgan futbolchilarni munosib rag'batlantirish va futbol akademiyalariga joylashishini taminlash.

Shularning barchasi yo'lga qo'yilsa ishonamizki kelajakda Mehribonlik uyi bolalari orasidan ham O'zbekiston terma jamoasi a'zolari yetishib chiqadi”.

Murabbiydan Jahon chempioni bo'lgan yigitlarga OAVning e'tibor qanday bo'ldi deb so'radik. Asadov xo'rsinib quyidagi voqeani so'zlab berdi.

“Bunyodkor”da Olimpiya kuni futbol shousiga taklif etishganidan yigitlar juda xursand bo'lishgandi. Shouga bordik, stadionda ajoyib tarzda e'lon qilib bolalarni tanishtirishdi, lekin ming afsuski televizorda ko'rsatganda negadir biz chiqqan joyini to'lig'icha kesib tashlabdi. Bolalar TVda o'sha vaziyatni ko'rib, bizni ustimizdan shunchalik ham kuladimi deb yuborishdi. Bizni kesib tashlashar ekan nima uchun tadbirga chaqirishdi deb xonadan chiqib ketishdi”.

Xulosa qilib aytganda agar biz Jahon chempioni bo'lgan bolalarga bunchalik bee'tibor bo'lsak, shu ketishda yaqin kelajakda yurtimizdan Jahon chempionlari yetishib chiqmaydi.


Narzulla Saydullaev

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia