"Istiqlol" mardlarcha OCHLni tark etdi

Xayrulla Xoliqov
29 yanv 2020
OCHL pley-off bosqichining oxirgi o'yinida Tojikiston klubi Saudiya Arabistonida bahs olib bordi.

Jidda shahrida kechgan "Al Ahli" bilan o'yinda Tojikiston chempioni "Istiqlol" mardonavor kurashdi. Yaxshi bilasiz, yon qo'shnilarimiz avvalgi bosqichda "Lokomotiv"ni 1:0 hisobida mag'lub etishgandi. 

Pley-offning oxirgi bosqichida "Istiqlol" "Al Ahli" darvozasiga to'p kirita olmadi, biroq kuchli raqibga qarshi tengma-teng kurash olib bordi. O'yindagi yagona gol 90+1-daqiqada penaltidan kiritildi. Bu vaziyatda uchrashuv hakami "Istiqlol" futbolchisi jarima maydonchasi ichida raqibiga tirsagi bilan zarba berdi deb topib penalti belgiladi. 

To'p oldiga yaqinlashgan Muhammad Yusef Belali mo'ljaldan adashmay o'yinda hisobni ochdi. Shu tariqa "Al Ahli" bahsni 1:0 hisobida o'z foydasiga hal etib OCHL guruh bosqichiga yo'l oldi. "Istiqlol" esa o'z yurishini OFK Kubogida davom ettiradi. 


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia