Futzal. JCH-2016. Mundialni qabul qiladigan arenalar

Tolibjon Qosimov
15 avg 2016, 16:18
Shu yilning 10 sentyabridan 1 oktyabriga qadar Kolumbiyada futzal bo'yicha Jahon chempionati bahslari bo'lib o'tadi.

Unda o'z tarixida ilk marta O'zbekiston milliy terma jamoasi ham qatnashadi.

Quyida mundial o'yinlari o'tkaziladigan arenalar haqida ma'lumot berib o'tamiz. Hisob bo'yicha sakkizinchi Jahon chempionati uchrashuvlari uchta shaharda o'tkaziladi. Bular: Kali, Medelin va Bukaramanga.

KALI



Shahar: Kali
Arena: "Coliseo el Pueblo"
Qurilgan yili: 1971
Arena sig'imi: 12000
Nechta o'yin o'tkaziladi: 20

Aholi soni bo'yicha Kolumbiyaning uchinchi shahri bo'lgan Kali (Bogota va Medelindan so'ng)da joylashgan "Coliseo el Pueblo" o'z bahriga 12000 muxlisni sig'dira oladi. Ushbu arena aslida 18000 odamga mo'ljallangan, ammo mundial sababli arena o'rindiqlari avvalgi umumiy o'rindiqlardan zamonaviy alohida-alohida o'rindiqlarga o'zgartirildi. Shuning uchun, sport saroyining sig'imi 18 mingdan 12 mingga qisqardi.

Ushbu inshoot 1971 yilgi Panamerika o'yinlari uchun qurilgan. Unda basketbol, boks va yana bir qator sport turlari bo'yicha musobaqalar o'tkaziladi. Bundan tashqari, turli xil koncertlar ham tashkillashtiriladi.

Kalida Jahon chempionatining ochilish o'yini Kolumbiya hamda Portugaliya terma jamoalari o'rtasida o'tkaziladi. O'zbekiston terma jamoasi ham dastlabki ikki turdagi o'yinini shu yerda o'tkazadi, faqatgina Portugaliyaga qarshi uchinchi tur Medelinda o'tishi belgilangan. Musobaqaning uchinchi o'rin uchun va final bellashuvlari ham aynan Kalida bo'lib o'tadi. Bir so'z bilan aytganda, "Coliseo el Pueblo" mundialning asosiy arenasi bo'ladi.

"Coliseo el Pueblo" arenasining avvalgi ko'rinishi

"Coliseo el Pueblo" arenasida ta'mirlash jarayoni



BUKARAMANGA



Shahar: Bukaramanga
Arena: "Coliseo Bicentenario"
Qurilgan yili: 2011
Arena sig'imi: 7000
Nechta o'yin o'tkaziladi: 15

Bukaramanga shahrida joylashgan "Coliseo Bicentenario" arenasi 7000 nafar muxlisga mo'ljallangan. Inshoot 2011 yilda qurilgan. Unda mahalliy "Real Bukaramanga" klubi uy uchrashuvlarini o'tkazadi.

Bukaramangada mundialning jami 15ta o'yini bo'lib o'tadi. "Coliseo Bicentenario"dagi ilk bahs Toshkent vaqti bilan 18 sentyabr kuni 02:00da Mozambik hamda Avstraliya terma jamoalari o'rtasida tashkillashtirilsa, so'nggi bellashuv chorak finalning birinchi qarama-qarshiligi bo'ladi.

"Coliseo Bicentenario" arenasida ta'mirlash jarayoni

"Coliseo Bicentenario"ning umumiy ko'rinishi



MEDELIN



Shahar: Medelin
Arena: "Medellin Sports Coliseum"
Qurilgan yili: 1955
Arena sig'imi: 6000
Nechta o'yin o'tkaziladi: 17

Medelin shahrida joylashgan "Medellin Sports Coliseum" o'z bag'riga 6000 ishqibozni sig'dira oladi. Arena 1955 yilda qurilgan va 2009 yilga qadar "Ivan de Beodut Coliseum" nomi bilan yuritib kelingan. 2009 yildan esa inshootga "Medellin Sports Coliseum" nomi berilgan. Ushbu sport saroyida futzaldan tashqari, basketbol, engil atletika kabi sport turlari bo'yicha musobaqalar ham o'tkaziladi.
Ushbu arena o'zining noodatiy dizayni bilan e'tiborni tortadi. O'zbekiston terma jamoasi Portugaliyaga qarshi uchinchi tur bahsini aynan Medelindagi arenada o'tkazadi.

Kolumbiyada bo'lib o'tadigan futzal bo'yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qiladigan arenalar haqida ma'lumotlarni e'tiboringizga havola etdik. 24 terma jamoa ishtirok etadigan musobaqada jami 52 uchrashuv tashkillashtiriladi. Mundialda Xose Mariya Mendez boshchiligidagi O'zbekiston terma jamoasiga omad va muvaffaqiyat tilab qolamiz.

"Medellin Sports Coliseum"ning tashqi ko'rinishi




Tolibjon Qosimov

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia