Futbol klublari matbuot kotiblari O'zPFL seminarida ishtirok etishadi

Narzulla Saydullayev
24 fev 2014, 13:04
O'FF Ijroiya Qo'mitasi qarori bilan tasdiqlangan O'zPFLning 2014-2018 yillarga mo'ljallangan rivojlanish dasturi asosida 26 fevral kuni Toshkentdagi Miran International mehmonxonasida Oliy va Birinchi liga futbol klublari matbuot kotiblari uchun xalqaro o'quv seminari bo'lib o'tadi.

Bir kunlik nazariy va amaliy mashg'ulotlarni o'z ichiga olgan o'quv seminarini Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Media departamenti boshlig'i Chetan Kulkarni olib boradi.

Mashg'ulotlarda o'yindan avval, o'yin vaqtida va o'yindan keyin OAV bilan ishlash, o'yin o'tkaziladigan joyda OAV bilan ishlash uchun zaruriy infratuzilmani tashkil etish (matbuot anjumani, mikst-zona va hakazo), shuningdek, OAV va jamoatchilik bilan aloqalar to'g'risida bilim va ko'nikmalar beriladi.

Seminar muloqot tarzida tashkil etiladi va unda ishtirok etadigan Oliy va Birinchi liga klublari vakillari o'zlarini qiziqtirgan savollar bilan OFK vakiliga, shuningdek, O'zPFL mutaxassislariga murojaat qilishlari mumkin bo'ladi.

Ushbu seminar Oliy liga va Birinchi liga musobaqalarida ishtirok etayotgan klublarning matbuot bilan ishlash borasidagi bilim va ko'nikmalarini oshirib, O'zbekistonda professional futbol targ'ibotini rivojlantirish va futbol klublarining muxlislar orasidagi obro'-e'tiborini oshirishga yordam beradi. 


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfl.uz