Faqat bitta yo'l qoldi

Tolibjon Qosimov
4 iyun 2021
JCH-2022 saralash Osiyo qitasi ikkinchi bosqichning hal qiluvchi bellashuvlari start olib ulgurdi.

O'zbekiston terma jamoasi joy olgan "D" guruhi doirasida kecha Falastin va Singapur terma jamoalari o'zaro bahs olib borishdi. Unda falastinliklar 4:0 hisobida g'alaba qozonishdi.

Vakillarimiz Ar Riyoddagi yurishlarini 7 iyun kuni Singapurga qarshi bahs bilan boshlashadi. Shu sabab bo'lajak raqibning o'yinini kuzatdik. Biz uchun Falastinning guruhda so'nggi pog'onani egallashi muhim edi, buni ko'p bor aytib keldik. Sababi, agar falastinliklar oxirgi bo'lishsa va biz birinchi emas, ikkinchi bo'lib qolsak, u holda bizdan 3 ochko olib tashlanardi. Yani, KXDR saralashdan chetlatilgani bois ikkinchi o'rinni olgan jamoalarning guruhda oxirgi bo'lgan raqiblari bilan uchrashuvlardagi ochkolari olib tashlangani holda hisob-kitob qilinadi. Agar Abramov shogirdlari birinchi bo'la olishsa, unda bu qoidaning bizga bir tomchi ham aloqasi qolmaydi. Lekin, barcha ikkinchi o'rinlar uchun bu amalda bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda O'zbekistonning barcha bellashuvlarda g'alaba qozonishini kutganimiz kabi Falastinning hamma o'yinini boy berishiga umid qilishimiz kerak edi. Kecha esa ikkinchi holat deyarli "uxladi". Nazariy jihatdan Falastin hamon oxirgi bo'lishi mumkin. Lekin, vaziyatga real baho bersak bu endi qiyin.


Falastin kecha Singapurga hech qanday imkon qoldirmadi. Birinchi bo'limda uch kun keyingi raqiblarimiz birorta hujum ham uyushtira olishmadi. O'yin tomonlama Singapur juda ham "qashshoq". Bu jamoani ortiqcha qiyinchiliksiz yirik hisobda yutishimiz kerak. Himoyachilarining kechagi harakatlarini ko'rib hayron qoldim. Falastin esa aksincha, menda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Ular o'zgacha ishtiyoq bilan o'ynashdi, bizga ham oldindagi bellashuvlarda mana shunday ishtiyoq juda va juda zarur. Falastin esa kechagi holatida 15 iyun kuni Yamanni ham mag'lub eta oladi. Ko'rinib turibdiki, endi biz Falastinning oxirgi bo'lishidan umid qilmasligimiz kerak. Ular guruhda beshinchi bo'lishmaydi va biz ikkinchi bo'lib qolgan taqdirimizda bizdan 6 ochko olib tashlanishi mumin, agar Saudiyagacha Singapur va Yamanni mag'lub etsak.


O'zbekiston terma jamoasi oldida esa faqat bitta yo'l qolyapti - Saudiya Arabistonini mag'lub etish. Chunki, ikkinchi o'rin biz uchun tavakkal degani. Hozir tavakkal qila oladigan holatda emasmiz.

Kechagi o'yindan keyin guruhimizdagi holat.


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: Championat.asia