"Dinamo" Kingsli Sarfo bo'yicha bayonot berdi

Sherzod Nurmatov
12 fev 2026
Shaxs shani, qadr-qimmati va klub imiji masalasi – "Dinamo"ning Kingsli Sarfo bo'yicha rasmiy bayonoti e'lon qilindi.

"Ijtimoiy tarmoqlarda "Dinamo" PFK futbolchisiga aylangan ganalik Kingsli Sarfo haqida turli mish-mishlar tarqatildi. Klub bu borada rasmiy munosabat bildirib, quyidagilarni ma'lum qiladi:

Klub ganalik 30 yoshli legioner Kingsli Sarfo bilan yanvar oyida bir yillik shartnoma imzoladi. Aksariyat manbalarning "Dinamo" ganalik yarim himoyachini sotib olgani, transfer qilgani haqidagi gaplar asossiz. U jamoa safiga erkin agent sifatida kelib qo'shildi.

"Dinamo" PFK futbolchi bilan shartnoma imzolashdan avval uning sport karerasidagi faoliyati bilan tanishib, Sarfoning maydondagi harakatlarini tahlil qilib o'rgangan, jamoa o'yinini kuchaytirishi borasida xulosaga kelgach, so'ng shartnoma imzoladi. Klub uning qariyb 10 yil avvalgi o'tmishidan xabardor bo'lmagan. 

Futbolchining tasdiqlashicha, bundan 9 yil avval – 2017 yil Shvetsiyadagi faoliyati davomida o'zi tanishgan qiz bilan yaqin munosabatda bo'lgach, Shvetsiya qonunchiligiga ko'ra, o'shanda qiz voyaga etgan deb hisoblanishiga yana bir yildan kamroq vaqt bo'lgan. Shu bois afrikalik futbolchining o'zaro rozilik asosidagi yaqinlashuvi Shvetsiyada omma e'tiboriga tushib, mamlakat qonunchiligiga ko'ra jinsiy zo'ravonlik sifatida malakalangan. Sud ishida Sarfo qizning voyaga etmaganidan xabari bo'lmaganini isbotlagach, u 32 oyga qamoq jazosi va jarimaga tortilgan, yakunda 1 yil-u, 10 oyda ozodlikka chiqarilgan. Yani, u qilmishi uchun jazoni o'tagan. Shundan keyin u o'tgan 6 yil davomida Yevropadagi faoliyati davomida "Olimpiakos", APOEL klublari safida muvaffaqiyatli faoliyat yuritdi, mamlakat chempioni bo'ldi, Yevropa Chempionlar ligasi va evrokubok bahslarida maydonga tushgan. Kingsli hozirgacha o'z mamlakati Ganada xayriya ishlarida faollik ko'rsatmoqda. Sarfo bilan shartnoma imzolanganidan qariyb uch hafta o'tib, bu xabarlar ketma-ket tarqatilgani nega yoki kimga kerak bo'lgani sababi klub uchun mavhum", – deyiladi bayonotda.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Динамо" матбуот хизмати