Baxtiyor Qosimov: “G'alaba qozonishni juda istagandik”

Sherzod Nurmatov
25 okt 2021
Superliganing 23-turidan o'rin olgan “Andijon” – “Nasaf” (1:1) uchrashuvidan keyin mezbonlar futbolchisi Baxtiyor Qosimovning fikrlariga quloq tutdik.

- “Nasaf”ga qarshi o'yindan keyingi taassurotlaringiz qanday?

- Bugungi o'yinda qayd etilgan natijadan xafamiz, chunki g'alabani qo'ldan chiqarib qo'ydik. “Andijon” o'z maydonida muxlislari qarshisida to'p tepgan holda g'alabani qo'lga kiritmoqchi edi. Bunga juda yaqin ham edik. Turnir jadvalidagi holatimizdan kelib chiqib aytsam, “Nasaf”ni mag'lubiyatga uchratish muhim ahamiyatga ega hisoblanardi. 

- G'alabani saqlab qolishning iloji bormidi?

- Albatta. Bizda g'alabani saqlab qolish yoki ikkinchi golni urib, yakunda uch ochkoga ega bo'lishimiz ham mumkin edi. Ikkinchi bo'limda o'z darajamizda o'ynay olmadik. Ozgina bo'shashganimiz tufayli raqibga imkoniyat taqdim qildik. Ular esa belgilangan penaltidan gol urib ketdi. 

- “Andijon”ning Superligada qolish imkoniyatini qanday baholaysiz?

- Xudo xohlasa, qolgan turlarda ijobiy natijalarga erishish uchun harakat qilamiz. Bizda futbolni juda yaxshi ko'rishadi. Muxlislarimiz har qanday holatda ham stadionga kelishib, bizni qo'llab-quvatlamoqda. Ularni xursand qilish uchun ham Superligada jamoamizni saqlab qolmoqchimiz. Bizni juda qiyin o'yinlar kutmoqda. Ushbu bahslarda kerakli ochkolarni to'play olamiz.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia