Baxtiyor Ashurmatov: Tarkibni shakllantirishda davom etmoqdamiz

Narzulla Saydullayev
18 fev 2014, 15:54
Hozirda "Navbahor" bosh murabbiyi tarkibni shakllantirishga alohida e'tibor qaratgan va bir qator futbolchilarni sinovdan o'tkazmoqda.
Jamoaning tayyorgarligi xususida Ashurmatov bilan muloqotda bo'ldik va o'zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.

Tarkibni shakllantirish xususida

- Bugungi kundagi asosiy vazifamiz jamoa tarkibini shakllantirish sanaladi. Shu bois ko'plab futbolchilarni sinovdan o'tkazmoqdamiz. Ammo, murabbiy sifatida hozirda selekciya ishlaridan ko'nglim to'lgani yo'q. Chunki, o'zimiz kutgan darajadagi futbolchilarni hali tarkibga jalb eta olmayapmiz. Yaxshi saviyasidagi ijrochilarni boshqa klublar o'z saflariga qo'shib olishmoqda. Shu jihatdan bu borada boshqalardan oqsamoqdamiz. Mavsum boshlanishiga qadar vaqt borligini hisobga oladigan bo'lsak, chempionat startiga qadar barchasini ijobiy tomonga o'zgartirishga umid qilmoqdamiz. 19 fevralgacha poytaxtda shug'ullanamiz. Futbolchilarga qisqa muddatlik tatil e'lon qilingach, 23 fevraldan yana Toshkentda mashg'ulotlarga kirishamiz. Hal qiluvchi yig'inimizda jamoa sharafini himoya qiladigan futbolchilarni saralab olamiz. Shu bilan birgalikda jamoaviy o'yin va turli kombinacion usullarni shakllantirishga harakat qilamiz.

Tarkibga qo'shilayotganlar borasida
- Toshkentdagi yig'in paytida ko'plab futbolchilarni jamoaga taklif qildik. Misol uchun Bunyodkor klubidan Alisher Shog'ulomov va Orif Mamajonov, Paxtakordan Tohir Shamsiddinovlarni jalb etdik. Ularni yangi mavsumda jamoamizga foydasini tegishiga ishonchim komil. Yana bir qator futbolchilarni sinovdan o'tkazmoqdamiz. Shuningdek, bir qator yaxshi saviyadagi o'yinchilarni safimizga qo'shib olishni niyat qilganmiz. Lekin, hali ham jamoamizning bazi chiziqlarida muammolar yo'q emas. Misol uchun markaziy himoyamizni kuchaytirmasak bo'lmaydi. Bugungi kunda bu chiziqqa mos tushadigan futbolchilarning hammasi o'ziga jamoa topib bo'lgan. Mavsum boshlanishiga qadar ushbu muammoni ham ijobiy tarzda hal qilamiz degan umiddaman. Bundan tashqari, oliy liga o'yinlarida ko'p gol uradigan haqiqiy hujumchi ham yetishmayapti. To'g'ri, jamoada Abdumalik Abdullaev, Alisher Shog'ulomov, Sohib Abdullaev singari hujumchilarimiz bor. Ammo, biz bular bilan cheklanib qolmasdan, yana bir mahoratli hujum topishga harakat qilmoqdamiz. Bugungi kunda mamlakatimiz futbolida mohir hujumchini topish qiyin kechmoqda. Shu jihatdan klublarimiz legionerlarga ishonishmoqda. Shunday bo'lsada, mahalliy hujumchilarimizdan birini tarkibga qo'shib olsak, yomon bo'lmasdi degan umiddaman.

Legionerlarni taklif qilish to'g'risida
- Ayni paytda o'tgan mavsumda Buxoro klubida to'p surgan beloruslik Yuriy Rijko mashg'ulotlarimizda ishtirok etmoqda. Ushbu futbolchini safga qo'shish payidanmiz. Uning harakatlari murabbiylar shtabiga maqul keldi. Futbolchini Namanganda olib qolish uchun klub rahbariyati bilan o'zaro gaplashib olamiz va imkoniyatlarimiz to'g'ri kelsa, Rijkoni tarkibda olib qolishni niyat qilganmiz. Bu yil imkoni bo'lganida, tarkibga yana bitta legioner futbolchini jalb qilishimiz mumkin edi. Biroq, bu masalani rahbariyat hal qiladi. Klubning moliyaviy ahvolidan kelib chiqqan holda ish tutamiz. Hozirgi kunda yaxshi legionerni xarid qilish uchun katta mablag' ketadi. Saviyasi past bo'lgan xorijlikni jamoaga olib kelib, yarim mavsum o'ynatib, javob berib yuborishdan foyda yo'q.

Darvozabonlar borasida
- Yaqinda jamoamizga So'g'diyona darvozaboni Nodir Ashurmatovni jalb qildik. Hozirda jamoamizda ikkita teng saviyali darvozabonimiz bor. Ular Doniyor Usmonov va Xurshid Xo'jaevlardir. Ayni paytda Xo'jaevning sog'ligida muammolar borligi sababli, Ashurmatovni sinovda o'tkazmoqdamiz. Xo'jaevni tez orada sog'ligini tiklab, yana safimizga qaytishidan umidvormiz. Ular mavsum davomida jamoa uchun foydali o'yin ko'rsatishlariga ishonchim komil. Shu jihatdan klubimizning bu boradagi muammosini hal qilishga astoydil bel bog'laganmiz.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfcnavbahor.uz