BAAning biz uchun noqulay avlodi

Narzulla Saydullayev
5 mar 2014, 12:28
Bugun milliy terma jamoamiz joriy yildagi yagona rasmiy o'yinini o'tkazadi.
“Bunyodkor” stadionida Mirjalol Qosimov shogirdlari BAA bilan Osiyo Kubogi saralash bahslarining oxirgi turida to'qnash kelishadi. Shundan keyin kelasi yilning yanvar oyida boshlanadigan Osiyo Kubogiga qadar boshqa rasmiy uchrashuvda maydonga tushmaymiz. Raqib haqida turli ma'lumotlar bilan ushbu maqolada tanishtirib o'tamiz.

Bu safargi raqibni biz uchun eng noqulay jamoalardan biri sifatida etirof etsak bo'ladi. Chunki BAAning hozirgi avlodi bilan ko'p marta to'qnash kelib, biror marta g'alabaga erishmaganmiz. Tarkibda 24 yoshdan kichik bo'lgan futbolchilar soni 15 nafarni tashkil qiladi, shuningdek, qolgan o'yinchilar ham 27 yoshdan emas. 90 foizga. Shu sababli hozirgi avlod termasi deb bemalol yozish imkoniyatiga egamiz. Bu jamoa bilan ilk to'qnashuv 2008 yil Saudiya Arabistonida o'tgan yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionati finali bo'lgan. O'shanda raqib 2:1 hisobida zafar quchgan.



2010 yil esa Osiyo o'yinlarida BAA bizni 3:0 hisobida dog'da qoldirgan. Keyinchalik Olimpiada saralash bahslarida 0:0 va 2:3 hisoblaridagi natijalar BAAning Londonga borishini taminlagandi. Nihoyat, o'tgan yili Osiyo Kubogi saralash uchrashuvida safarda 1:2 hisobida imkoniyatni boy berganmiz. O'sha jamoalarni Mahdi Ali boshqargan. Demak, ushbu mutaxassis o'zbek terma jamoalariga hozircha bosh murabbiy sifatida yutqazmagan. Bu salbiy ananani yo'qqa chiqarish vaqti yetib keldi.

BAA FUTBOL ASSOTSIATSIYASI
Tashkil topgan vaqti:
1971 yil
FIFA a'zosi: 1972 yildan
OFK a'zosi: 1974 yildan
Rasmiy internet sayti: www.uaefa.ae
Prezidenti: Yusuf Al Serkal
Futbol bilan shug'ullanuvchilar soni: 82 776
Professional futbolchilar soni: 7 776
Klublari soni: 31
Futbol rasmiylari soni: 986

Zaid sherlari va oqlar laqabi bilan mashhur bo'lgan terma jamoa har ikki-uch yilda turli xil natijalarni qayd etib keladi. Qaysidir ikki yilni juda yuqori tarzda o'tkazgan terma jamoa nimagadir bir xillilikka erisha olmaydi va bazan autsayderlar qatoriga ham tushib qoladi. Lekin Mahdi Ali boshqaruvni qo'lga olgach, BAA o'yinida ijobiy tarafga o'zgarish ko'zga tashlandi. Tarkibga jalb etilgan yoshlar ishonchni oqlashdi. Oxirgi marta BAA 2012 yilning 6 sentyabr sanasida Yaponiyaga o'rtoqlik uchrashuvida 0:1 hisobida yutqazgandi. Shundan buyon Mahdi Ali shogirdlari mag'lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda.



BAA terma jamoasi o'zining birinchi muvaffaqiyatiga 1989 yilda erishgan. O'shanda jahon chempionati saralash bahslarini yuqori kayfiyatda o'tkazgan futbolchilar mundial finalida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritishgandi. Aslida bu voqea 1986 yilda sodir bo'lishi ham mumkin edi, ammo hal qiluvchi saralash uchrashuvida Iroqqa imkoniyatni boy berib qo'ygan Amirliklar futbolchilari bunday imkoniyatdan mahrum etilishgandi. Shunga qaramay, o'sha jamoa o'z yo'lida olg'a davom etdi va oradan to'rt yil o'tgach, ishqibozlarini ajoyib natija bilan xursand etishga erishdi. Italiyada o'tgan mundialda guruh bosqichida Germaniya, Yugoslaviya va Kolumbiya bilan to'qnash kelgan arablar barcha uchrashuvda engilishdi. Albatta, o'sha paytda jahonning ko'zga ko'ringan jamoalariga qarshi turib berish BAAning qo'lidan keladigan ish emasdi. Shunday bo'lsa-da, jahon chempionatida ishtirok etishning o'zini ham katta muvaffaqiyat deb aytsa bo'ladi.

1996 yil Osiyo Kubogida finalda Saudiya Arabistoniga imkoniyat boy berilgan. Shundan so'ng bir oz tatilga chiqqan Amirliklar termasi 2007 yildagina xalqaro miqyosdagi g'alabaga erisha oldi. Fors Ko'rfazi Kubogi finalida Ummonni Ismoil Matarning yagona goli evaziga mag'lub etgan BAA o'zining tarixiy muvaffaqiyatini nishonladi. 2013 yilda esa buni takrorladi. Bu safar asosiy rollarda Ahmad Halil va Omar Abdulrahmon singari futbolchilar bo'lishdi.



BAA TERMA JAMOASI
Laqablari:
“Oqlar” (“Al Abyad”)
Bosh murabbiyi: Mahdi Ali
Sardori: Ali Hasif
Eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchisi: Adnan Al Talyani (161 uchrashuv)
To'purari: Adnan Al Talyani (52 gol)
Stadioni: “Shayx Zayd” stadioni
FIFA reytingidagi o'rni: 58
Eng yuqori o'rni: 42 (1998 yil noyabr)
Eng quyi o'rni: 138 (2012 yil yanvar)
Birinchi xalqaro o'yini: Qatar – 1:0 (1972 yil, 17 mart, Saudiya Arabistoni)
Eng yirik g'alabasi: Bruney – 12:0 (2001 yil 14 aprel, Bruney)
Eng yirik mag'lubiyati: Braziliya – 0:8 (2005 yil 12 noyabr, BAA)
Muvaffaqiyatlari: Osiyo Kubogi finalchisi 1996, “Ko'rfaz Kubogi” g'olibi 2007, 2013, jahon chempionati 1990 va Konfederatsiyalar Kubogi 1997 ishtirokchisi.

BAA MAMLAKATI
Poytaxti:
Abu Dabi
Yirik shaharlari: Dubay, Sharja, Fujayra
Pul birligi: dirxam
Rasmiy tili: arab
Hududi: 82,880 kv.km.
Aholisi: 2, 48 million
Internet domeni: .ae

BAAga futbolning kirib kelishi va uning taraqqiy etishida Britaniya harbiy zobitlarining hissalari katta bo'lgan. Britaniyadan tashrif buyurgan askarlar va savdogarlar mahalliy aholiga noma'lum bo'lgan o'yinni o'ynay boshlashgan. Tez orada arablar bu sport turiga qiziqib qolishgan, lekin hukumat buni rasmiylashtirishni ancha ortga cho'zgan. Futbol yigirmanchi asrning boshlarida kirib kelgan bo'lsa-da, uning rasman tan olinishi o'tgan asrning ikkinchi yarmida ro'y bergan. Futbol assotsiatsiyasi 1971 yilga kelib tuzilgan bo'lsa, oradan bir yil o'tib, u FIFAga va 1974 yil OFK a'zosiga aylangan. Shuni takidlash lozimki, futbol assotsiatsiyasi BAAda birinchi bo'lib tuzilgan sport hukumati hisoblanadi. 1980-yillarning boshidan milliy terma jamoa asta-sekinlik bilan kuchaya boshladi va qisqa yillarda muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritdi. Ayni paytda mamlakatda 7776 nafar futbolchi professional sifatida ro'yxatdan o'tgan. Yana 75 000 kishi ushbu sport turi bilan muntazam ravishda shug'ullanib keladi. Klublar borasida esa bu davlatning ko'rsatkichlari juda maqtanarli darajada emas. Amirliklarda hammasi bo'lib 31 jamoa faoliyat ko'rsatadi. Lekin aholisi ko'p bo'lmagan mamlakat uchun bu o'rtacha natija sanaladi.



2000 yildan keyingi bosh murabbiylar:
Abdulloh Masfar   2000
Anri Mishel (Fransiya)   2000-2001
Abdulloh Saqr   2001
Tini Ryuys (Gollandiya)   2001
Jo Bonfrere (Gollandiya)   2001
Roy Xojson (Angliya)   2002-2004
Aad De Mos (Gollandiya)   2004-2005
Dik Advokat (Gollandiya)   2005
Bruno Metsyu (Fransiya)   2006-2008
Dominik Bateni (Fransiya)   2008-2009
Srechko Katanets (Sloveniya)   2009-2011
Abdulloh Masfar   2011-2012
Mahdi Ali   2012-...

Ali milliy terma jamoada 2012 yilning avgust oyidan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Terma jamoalarda esa 2008 yildan buyon bosh murabbiy sifatida ishlayapti. U BAAda turli yoshdagi terma jamoalarni jahon chempionati va Olimpiadaga olib chiqqan yagona murabbiy sanaladi.



Mahdi ALI
To'liq ismi
: Mahdi Ali Hassan Redha
Tug'ilgan sanasi: 20.04.1965
Tug'ilgan joyi: BAA
Futbolchilikdagi ampluasi: yarim himoyachi
O'ynagan jamoasi: 1983–1998 “Al Ahli”.
BAA terma jamoasida 1985-90 yillarda o'ynagan.
Boshqargan jamoalari: 2003 BAA U16 (yordamchi), 2008   BAA U19, 2009–2010 “Al Ahli”, 2009 BAA U20, 2011   “Baniyas” (vaqtinchalik), 2010–2012 BAA olimpiya terma jamoasi, 2012 yil avgust oyidan BAA terma jamoasida.
Muvaffaqiyatlari: Prezident Kubogi sohibi 1988, 1996, Osiyo chempioni 2008, “Ko'rfaz Kubogi” g'olibi 2013.

BAA milliy terma jamoasi Toshkentga quyidagi delegaciya va futbolchilar bilan tashrif buyurgan:
Muhammad Obayd Hammad (bosh rahbar), Adnan Al Talyani (rahbar), Mutrif Al Shamsi (menejer), Mahdi Ali (bosh murabbiy), Hassan Abdul Rahmon (yordamchi murabbiy), Hassan Ismoil (darvozabonlar murabbiyi), Patris K (fitness murabbiy), Jalol G'ali (shifokor), Yusuf Sahnun (fizioterapevt), Muhsin Balhuz (ovqatlantirish bo'yicha shifokor), Salim Al Naqbi (media koordinator), Lars Valter (o'yin tahlilchisi), Andras va Stefan (massajchilar), Hisham Teknuin (fotograf), Kailani Abdul Munim va Abbos Mahmudi (jihozlar bo'yicha xodimlar).

Futbolchilar: Abdul Aziz Haykal, Abdul Aziz Sanqur, Ismoil Hammadi, Ahmad Halil, Volid Abbos, Majid Hassan (“Al Ahli”), Muhammad Favzi, Habush Solih (“Baniyas”), Ali Hasif, Ali Mabhut, Hamid Ismoil (“Al Jazira”), Xolid Issa, Muhammad Ahmad, Muhannad Anzi, Muhammad Abdulrahmon (“Al Ayn”), Habib Fardan (“Al Nasr”), Hamdan Kamoli, Issa Ahmad, Salim Solih (“Al Vahda”), Muhammad Yusuf, Ahmad Hamis (“Sharja”), Bandar Ahbobi (“Al Dafra”), Muhammad Nosir (“Al Vasl”).



Tayyorgarlikni 27 fevraldan boshlagan Amirliklar vakillari poytaxtimizga 3 mart kuni yetib kelishdi. FIFA reytingida yuqoriga sakrash qilgan BAA ushbu o'yinda ham mag'lubiyatga uchramasa, reytingda o'rnini deyarli saqlab qoladi. Ular buni chin dildan istashayotgani turgan gap. O'z o'rnida Mirjalol Qosimov jamoasi oldiga O'FF tomonidan BAAni mag'lub etish vazifasi qo'yilgani haqida O'FF tomonidan rasmiy ma'lumot tarqatilgan. Demak, har ikki jamoa Osiyo Kubogiga borish masalasini hal etib qo'ygan bo'lishiga qaramay, bizni keskin uchrashuv kutib turganiga shubha yo'q. Raqib safida bazi yetakchilarning yo'qligi bizning imkoniyatni oshirayotgandek tuyulmoqda. Lekin barchasini yuahs hal etib beradi. Ishqibozlarni esa futbolchilarimizni qo'llab turish uchun “Bunyodkor” stadioniga taklif etib qolamiz.

Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia