Asror Aliqulov: “Butsalarimni mixga ilmoqchi emasman”

18 noya 2013, 14:34
Qashqadaryolik himoyachi Asror Aliqulovni muxlislarga ortiqcha tanishtirib o'tishni xojati bo'lmasa kerak.
Mudofaa chizig'ida ishonchli o'yinlari bilan ko'pchilikni e'tiborini tortgan. Aliqulov o'z vaqtida milliy terma jamoamizda ham asosiy himoyachilardan biri bo'lgan.

Ammo taniqli himoyachining oxirgi yillarda unchalik ham omadi chopmayapti. Sababi a ynan Asror to'p tepayotgan “Sho'rtan”ning o'yini yildan yilga keskin pasayib ketmoqda.

 Xabaringiz bor, bu yil G'uzor jamoasi elitani tark etdi. Endi jamoaning kelgusi taqdiri qanday kechadi? Aliqulov klubda qolib, keyingi yilni birinchi ligada o'tkazadimi? Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida 35 yoshli himoyachi bilan suhbatlashdik.

- Asror aka, ayni paytda barcha klublarimiz qatori “Sho'rtan” ham tatilda bo'lsa kerak?
- Ha, chempionat poyoniga etgach, futbolchilarga dam berilgan.

- O'z vaqtida OFK Kubogida ishtirok etgan jamoa keyingi yilni birinchi ligada o'tkazadigan bo'ldi. Xo'sh, kelgusi rejalar qanday?
- Ochig'i, hozir hech narsa aniq emas. Futbolchilarning qachon to'planishi haqida ham ma'lum bir kun belgilanmagan.

- Garchi “Sho'rtan” safida taniqli yetakchilar o'ynashgan bo'lsada, yakunda jamoa baribir kuchlilar safini tark etdi. Bunga ko'pchilik moddiy imkoniyatning juda ham past bo'lganligini sabab sifatida ko'rsatmoqda. Siz qanday fikrdasiz?
- Muvaffaqiyatsizlikning asosiy sabablaridan biri ham shu.

- Mavsum yakunlanganiga ham bugun roppa-rosa 10 kun bo'ldi. Aytingchi, klub o'z futbolchilari bilan hisob-kitob ishlarini poyoniga etkazdimi?
- Yo'q. Bilasizmi, jamoaning futbolchilardan nafaqat shu yilning oylik maoshlaridan qarzi bor, balki o'tgan yilgi hisob-kitoblar ham to'liq yakuniga etmagan. 2012 yilgi mavsumdan ko'p maoshlar qolib ketgan. Bu yil esa 50 foiz qolgan.

- Siz haqingizda gap ketganida, ko'pchilik bu yil Aliqulov uchun futbolchilikdagi so'nggi mavsum bo'ldi deyishmoqda. Yaqin orada murabbiylikka o'tish rejangizda bormi?
- Buni kim aytdi sizga. To'g'risini aytsam, yana bemalol yashil maydonda o'ynashga kuchim etadi. Shunday ekan hozircha butsalarimni mixga ilmoqchi emasman.

- Unda kelasi yilni oliy ligada o'tkazasizmi yoki “Sho'rtan”da qolib, birinchi ligada o'ynaysizmi?

- Elita vakillaridan ham takliflar bo'lmoqda. Hozircha bir to'xtamga kelganim yo'q. Butun e'tiborimni yaxshilab xordiq chiqarishga qaratganman. Extimol bu masala, yanvar oyida hal bo'lsa kerak.


Islombek Rustambekov suhbatlashdi.

Manba: championat.asia