
O'FF Terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonov Twitter’da haqiqatan ham akkaunt ochganini O'FF matbuot kotibi Sanjar Rizaev ham tasdiqlagan. Ushbu xabar yozilayotgan vaqtda @Talipdjanov mikroblogida birorta tvit qoldirilmagan edi. Tolibjonov hozircha 12 tviterni follou qilgan (ular orasida O'FF Matbuot xizmati xodimlari, shuningdek, Kun.Uz internet-nashri tvi-akkaunti ham bor).
O'FF Terma jamoalar markazining asosiy vazifasi, Asqar Tolibjonovning ushbu markaz direktori sifatida o'tkazgan ilk matbuot anjumanida ma'lum qilinganidek, terma jamoalarga turli musobaqalarda qatnashishi, ularga tayyorgarlik ko'rishi maqsadida iloji boricha yaxshi sharoitlar yaratib berish, terma jamoalar uchun murabbiylar shtabini aniqlash va butun respublika bo'yicha faol selekciya ishlarini yo'lga qo'yishdan iborat.
Qayd etish joiz, Terma jamoalar markazi direktori sifatida Asqar Tolibjonov bir necha bor ishqibozlar va OAV e'tibori markaziga tushib qolgandi. Xususan, O'zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2014 saralash 4-bosqichini Eronga qarshi mag'lubiyat bilan boshlaganidan so'ng, Tolibjonovning iste'foga chiqarilgani haqida xabarlar tarqatilgandi. Keyinchalik bu xabarlar rad etilgan edi. Shuningdek, 2012 yil avgustida ishqibozlar guruhi Asqar Tolibjonov ustidan O'FF prezidenti Mirabror Usmonovga shikoyat qilishgani ma'lum bo'lgandi.
Shuningdek, JCH-2014 saralash 4-bosqichi doirasidagi Livan va Qatar milliy terma jamoalariga qarshi o'yinlari arafasida chiptalar masalasida yuzaga kelgan muammolardan so'ng, ishqibozlar chiptalar savdosini tashkil qilgan O'FF Terma jamoalar markazi va uning rahbariyatini tanqid qilib chiqishgan edi.