Arteta: "Venger "Arsenal"ga qaytish uchun to'g'ri vaqt tanladi"

Sherzod Nurmatov
27 dek 2022, 17:50
Londonning "Arsenal" klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta "Vest Xem"ga qarshi o'yinni Arsen Venger kuzatib borganidan mamnunligini bildirdi.

Derbida ikkinchi taymda urilgan uchta gol evaziga zafar quchgan "to'pchilar" ustozi Arteta kechagi kun "maxsus kun" bo'lganini ta'kidladi. Sababi o'yinni bevosita stadiondan kuzatganlar orasida Arsen Venger ham bor edi. 



Mikel fransiyalik mutaxassis haqida shunday dedi:

"U to'g'ri vaqt tanladi. Chindan ham alohida kun edi. Chunki "boksing dey" futbol o'ynash uchun juda yaxshi kun. Bu o'yin Vengerga mos darajada bo'ldi va unga yoqdi, deb o'ylayman. Futbolchilar uning kelgani haqida bilishmas edi. Biz uni tinch qo'ydik. Sten va Josh ham shu yerda edi. Bu chindan ajoyib kun bo'ldi. 

Kelgani uchun unga katta rahmat. Umid qilamanki, bino bo'ylab sayr qila turib, hamma u haqida o'ylaydigan narsani, uning bu yerda qoldirgan merosini his qiladi. Uning shu yerda bo'lishi klub uchun juda muhim".

"Arsenal" Bukayo Saka, Gabriel Martinelli va Eddi Nketia tomonidan kiritilgan uchta to'p evaziga "Vest Xem" ustidan 3:1 hisobida ustun keldi va 7 ochkolik farqni saqlagan holda APL turnir jadvalida peshqadalik qilmoqda.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Football London