"Andijon" bosh murabbiysiz yig'inga kirishdi

Narzulla Saydullayev
16 dek 2014, 18:00
Oliy ligada jamoalar soni 16ta qilingani sababli elitada o'z o'rnini saqlab qolgan burgutlar kechadan yig'inga kirishdi.
Aytish lozimki, bosh murabbiy Edgar Gess ayni damda jamoa bilan birga emas. Shuning uchun mashg'ulotlarni uning yordamchilari Oleg Tyulkin, Vitaliy Legay hamda Qahramon Abduqodirov o'tkazmoqda.

Bugun soat 11:00da jamoa "Sog'lom avlod" stadionida mashg'ulot o'tkazdi. Yigirmaga yaqin futbolchi ishtirok etgan mashg'ulot asosan yugurish bilan o'tdi. Joriy mavsum jamoa sharafini himoya qilgan Temur G'aniev, Muhiddin Xudoyorov, Sergey Smorodin, Rahim Qodirov, Davron Tursunov, Ibrohim Otaxonov, Bahrom Abdurahimov, Lochin Soliev, Shuhrat Mirxoldirshaev, Mirzakamol Kamolov, Abbos Maxstaliev, Aziz Ibragimov kabi futbolchilar hozircha jamoada emas.

Har xolda bugungi mashg'ulotlarda ularni uchratmadik. Asror Rahmonov, Rasul Rahmonov, Alisher To'xtasinov, Bekzod G'oziev, Akmal Jo'raboev, Abdulatif Abduqodirov, Akbar Xodjaev kabi asosiy tarkib a'zolari bilan birga yoshlar jamoasidan bir qator iqtidorli o'yinchilar yig'inga jalb etilgan. Yangi futbolchilardan ma'lum muddat Tailand chempionatida faoliyat yuritgan Rinat Muslimov va "Olmaliq" himoyachisi Shoyad Mullajonov shug'ullanayotganini aytish mumkin. Bosh murabbiyni shu kunlarda Andijonga kelishi aytilmoqda. Olingan ma'lumotlarga ko'ra, jamoa futbolchilar bilan to'liq hisob-kitob qilmagan. Shu bois bir qator o'yinchilar jamoasini o'zgartirish payida yuribdi. Agarda shunday bo'lsa, tabiiyki Edgar Yakovlevichga oson bo'lmaydi. Chunki u yangitdan tarkib tuzishga majbur bo'ladi. Tayyorgarlik rejasiga binoan futbolchilar dekabr oyining oxiriga qadar Andijonda shug'ullanadi.   

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia