
- Albatta mazkur bellashuv biz uchun oson kechmasligini avvaldan ma'lum edi. Sababi ayon, “Mashal” 1-liganing eng yetakchi klubi, qolaversa, oliy ligaga ham chiqishga asosiy da'vogar jamoadir. Buni ular biz bilan bo'lgan bahsda ham amalda isbotlashdi.
Raqibning jismoniy va funkcional tayyorgarligi hamda o'yin tashkil qilishi yuqori darajada ekanligi sezilib turdi. Bundan tashqari, “Mashal” safida oliy liga havosidan bahra olgan tajribali o'yinchilar to'p surishadi. Lekin biz shu kuni g'alabaga loyiq o'yin namoyish qildik. O'ylagan rejalarimizni barchasini amalga oshira oldik.
Xolis aytadigan bo'lsam, mehmonlar bizdan faqat atletizm borasida ustunlik qildi, Qolgan barcha jabhalarda ular bilan tengma-teng o'ynadik, hatto ayrim vaziyatlarda ustunlikka ham erishdik. Bellashuv davomida ikkala jamoada ham darvozalarni ishg'ol qilish uchun juda ko'p imkoniyat bo'ldi deya olmaymanku, ammo kam ham bo'lmadi. Biz ikkita vaziyatni golga aylantirib, g'alaba nashidasini surdik.
Biz har doimgi o'yinimizni namoyish etdik. Yani, to'pni ko'proq nazorat qilgan holda, raqibni to'psiz qoldirib, o'yinda ustunlikka erishishga harakat qildik. Ahamiyatlisi, o'yinimiz kutilganidan-da, yaxshiroq chiqdi. Ayniqsa, kombinacion o'yin tashkil qilishda raqibdan ustunlik qila oldik, deb o'ylayman. Rosti, men mag'lubiyat haqida umuman o'ylamadim. Chunki mag'lubiyat to'g'risida o'ylaydigan bo'lsangiz futbol o'ynamagan maqul. To'g'ri, raqib tajribali, ammo futbolda yutib bo'lmaydigan jamoaning o'zi yo'q.
Garchi “Mashal” hisobni ochgan bo'lsa-da, g'alaba qozonishimizga ishongandim. Sababi, biz shunga loyiq o'yin namoyish etayotgandik. Yana aytishim mumkinki, ikkinchi golni sal oldinroq urishimiz mumkin edi. Hisob 1:1 ko'rinish olib turganida bizda bir yo'la ikkita vaziyatdan foydalana olmadik. Nasib qilgan ekan, uchinchisi golga aylandi va g'alaba qozondik.