Aleksandr Onika: “Lokomotiv”dan nima uchun ketganimni bilmayman”

Narzulla Saydullayev
21 yanv 2014, 10:10
O'tgan mavsumning ikkinchi yarmini “Lokomotiv” safida o'tkazgan Aleksandr Onika ayni damda “Neftchi” mashg'ulotlarida ishtirok etyapti.
Kuni kecha farg'onaliklar “Metallurg”ga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazib, bir taym harakat qilgan Onika jarima to'pidan juda chiroyli to'p kiritdi (video). Bahs yakuniga yetish arafasida u bilan qisqacha suhbat qurdik.

“Ukrainada to'p surgan paytim biz asosan jismoniy mashqlar orqali chempionatga hozirlik ko'rardik, - deydi moldovalik futbolchi. - Bu yerda esa ko'pincha to'p bilan ishlayapmiz. Murabbiylar mashg'ulot vaqtida e'tiborni to'p bilan ishlashga, o'yin uslubini shakllantirishga qaratishyapti. Mashqlar oson bo'lyapti deya olmayman. Har holda mavsumga tayyorgarlik har doim qiyin kechadi. Bazan trenajyor zaliga borib turibmiz. “Neftchi” bilan hali shartnoma tuzganim yo'q. Ammo muzokalar davom etyapti. Menimcha, yangi mavsumni shu jamoada boshlasam kerak”.

“Lokomotiv”ni nima uchun tark etdim? To'g'risini aytsam, oxirgi kunlarda ham “Loko”da qolishimga ishongandim. Klub men bilan to'liq hisob-kitobni qilib bo'ldi. Lekin murabbiylardan sado chiqmadi. Hech kim qo'ng'iroq ham qilmadi. Keyin esa ketishim kerakligini tushunib etdim. Umuman olganda, menga bu yerdagi muhit yoqyapti. O'zbekistonda maza qilib futbol o'ynasa bo'ladi. Shu bois yurtingizda ko'proq qolmoqchiman”.

Xayrulla Xoliqov suhbatlashdi.   

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia