Alan Perren: "Chorak finalda bizga kim raqib bo'lishining farqi yo'q"

Narzulla Saydullayev
14 yanv 2015
Xitoy - O'zbekiston (2:1) uchrashuvidan so'ng tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida Alan Perren va futbolchi Vu Ksi ishtirok etdi.

"Bugun katta natijaga erishdik. Yigitlar g'ayrat bilan harakat qilishdi va fantastik natijaga erishdik. Keyingi bosqichga chiqdik. O'yin boshida u qadar yaxshi o'ynay olmadik. Lekin oxirigacha kurashib kerakli natijaga erishdik", - deydi Perren. 

"Biz murabbiyning ko'rsatmasiga ko'ra o'ynadik. Yaxshi o'yin bilan g'alabaga erishdik. Barchamiz xursandmiz", - deydi Vu Ksi.


- Tanaffus vaqtida zaxiradagi bazi o'yinchilar chigalyozdi mashg'ulotlarini qilishmadi. Buning sababi nimada?

- Chigalyozdi mashq qilmagan bo'lsa ham zaxiradan maydonga tushganlar yaxshi o'ynashdi. Masalan, Sun Ke gol urdi. Bizga mashg'ulot emas o'yin muhim.  


- Almashtirishlarni izohlab bersangiz.

- O'yin 90 daqiqa davom etadi. Futbolchilarda jismoniy kuch bo'lishi kerak. Menda uchta o'zgartirish imkoniyati bor. Ularning bari men uchun juda muhim. Vaziyatdan kelib chiqib kerakli o'yinchilarni tushirdim. 


- Avstraliyaga kelishdan oldin siz guruhda birinchi o'rinni olamiz degan edingiz. Tabriklayman. Vu Ksi va Sun Ke haqidagi fikrlaringizni bildirsangiz. 

- Vu Ksi ham, Sun Ke ham bugun jamoamizga foyda keltirishdi. Sun Ke maydonga tushishi bilan gol urishga erishib ruhiyatimizni ko'tarib yubordi.


- Guruhda birinchi o'rinni olib bo'ldinglar. Chorak finalda qaysi raqibga qarshi o'ynashni istardingiz: Janubiy Koreyami yoki Avstraliyami?

- Biz raqib tanlay olmaymiz. Kim bizga raqiblik qilsa o'sha jamoaga qarshi o'ynayveramiz. Osiyo Kubogida kuchsiz raqib yo'q.


- Jamoa guruhdan chiqish vazifasini ijobiy hal qildi. Bugun futbolchilarga bayram qilishlariga ruxsat berasizmi?

- Mehmonxonaga qaytgach shampan ichishim mumkin. Lekin keyingi o'yinlar biz uchun muhim. O'zimizni yo'qotmagan holda navbatdagi bahsga tayyorgarlik ko'ramiz.


Vu Ksi: "Albatta biz keyingi bosqichga chiqdik. Buni nishonlaymiz. Qo'shiqlar va raqslar bilan dam olamiz. Ertadan KXDRga qarshi o'yinga tayyorgarlik boshlanadi"


- Ikkinchi bo'limda nimalar bo'lgani haqida aytib bering.

Vu Ksi: "Murabbiy ko'rsatmasi to'g'ri bo'lib chiqdi. Irodali g'alabaga erishganimizdan xursandmiz. Zaxiradan tushganlar bizga anchagina yordam berdi".


Narzulla Saydullaev

Brisben shahridan


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia