Afsonaviy Davids faoliyatini tugatdi

Nadirkhuja Yuldashev
29 dek 2013, 02:51
40 yoshni qarshi olgan mashhur ko'zoynakli charm to'p ustasi - Edger Davids futbolchilik faoliyatini yakunlashga qaror qildi.

Bugungi kunda gollandiyalik futbolchi Angliyaning beshinchi divizioni vakili "Barnet" jamoasida o'ynovchi murabbiy rolida faoliyat olib borayotgan edi. "Sky Sports"ni xabar qilishicha, uning bunday qarorga kelishiga chempionatdagi hakamlarning adolatsizliklari sabab bo'lgan. Yarim mavsumni o'zidayoq uch marotaba hakamlar tomonidan qizil kartochka olgan Davids "Barnet"da murabbiylik faoliyatini davom ettiradimi yoki yo'q, buni hali ma'lum qilmagan.

Aytish joizki, "Barnet" Angliya futboli tarixida o'z o'rniga ega jamoa. Bu klub 1888 yilda Londonda tuzilgan.

Bugungi yoshlar Davids haqida to'liq ma'lumotga ega emaslar. Shuning uchun uning faoliyati haqida qisqacha axborotni beramiz.

Davids 1973 yilning 13 martida Surinamning Paramaribo shahrida tug'ilgan. 1991/96 yillar davomida "Ayaks" sharafini himoya qilib chempionlar ligasida g'alaba qozongan. "Ayaks"ning oltin davrida to'p tepgan yarim himoyachi o'z ko'z oynagi bilan "Milan" (1996/1998), "Yuventus" (1998/04), "Barselona" (2004), "Inter" (2004/06), "Tottenxem" (2005/07), "Ayaks" (2007/08), "Kristal Pelas" (2012) va "Barnet" (2012/13) jamoalarida faoliyat yuritgan.

Ikki karra Yevropa chempionatining bronza medallari egasi. Uch karra Italiya chempioni. FIFAning jahonning eng kuchli 100 nafar futbolchilari ro'yhatidan o'rin olgan.


Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: championat.asia