"8+3". Abramovga nima pand berdi?

Championat.asia'da "8+3" rukni davom etadi.

Bu gal O'FA hakamlar departamenti boshlig'i Erkin Baxtiyorov bilan suhbatlashdik. Unga futbolga oid 8, futboldan tashqari 3ta savol bilan murojaat qildik.

- Siz o'yinlarini bevosita kuzatgan eng kuchli futbolchi kim?

- O'zimizdan - Mirjalol Qosimov. Chet eldan - Ronaldu va Messi. "Barselona"ga muxlislik qilganim uchun Messi, lekin bu Ronalduning kuchli ekanligini inkor qilolmaydi.

- Siz ko'rgan eng chiroyli gol qaysi?

- Ronaldinyoning Braziliya terma jamoasi libosida Angliyaga jarima zarbasidan urgan goli (2002 yilgi mundial).


- Futbol olamida boshqalardan mutlaq ajralib turadigan shaxs kim?

- Andres Inesta

- O'zbekiston terma jamoasini boshqargan eng kuchli murabbiy kim?

- Shu paytgacha bo'lmagan. Katanetsni endi ko'ramiz. Unga ozgina vaqt kerak. O'rtoqlik uchrashuvlaridan xulosa chiqarish noto'g'ri deb o'ylayman.

- O'zbek futbolidagi eng omadsiz shaxs kim?

- Aynan bitta shaxsga to'xtalmayman. Har gal Jahon  chempionatiga chiqishiga ozgina qolayotgan Milliy terma jamoamizni omadsiz deya olaman. 2014 va 2018 yillarda mundialga chiqishi uchun 1 qadam etmagan murabbiylar.

- Abramovchi?

- Abramov? Saudiya Arabistoniga qarshi o'yinda tanlangan tarkibni ko'rdik. Menimcha, bu kishiga omadsizlik emas, bilimsizlik pand berdi.

- Sizningcha, bugun o'zbek futbolining qaysi jihatlari tanqidga loyiq?

- Asosan, kadrlar yetishmovchiligini o'zbek futbolining kamchiligi deb o'ylayman. Bunga murabbiylar, hakamlar, klublardagi rahbarlik lavozimlarini ko'rsatish lozim.

- Siz bevosita stadiondan kuzatgan eng oxirgi o'yin?

- O'zbekiston Kubogi-2021 finalida bo'lib o'tgan "Paxtakor" - "Nasaf" (1:2) uchrashuvini stadiondan kuzatdim.

- O'zingiz o'yinlarini kuzatgan futbolchilar orasidan ramziy jamoa tuzib bering.

- F. Vartez, Kafu, Puyol, Maldini, Jordi Alba - Pirlo, Kante, Zidan - Messi, Krishtianu Ronaldu, Ronaldo.

- Hayotdagi kumiringiz kim?

- Ota-onam. Otamning shijoatlari, onamning sabrlari. 

- O'zingizga yoqmagan tarafingiz qaysilar? Kamchiliklaringiz...

- Judayam ko'p ikkilanaman, qaror qabul qilishim qiyin. 

- Hayotingizning burilish nuqtasi sifatida qaysi voqeani eslaysiz?

- Hozirgacha bo'lgan vaqtni aytadigan bo'lsam, burilish nuqtasi sifatida 2020 yil 16 noyabr O'FA hakamlar departamenti boshlig'i lavozimga tayinlangan kunimni eslayman. Lekin hali hammasi oldinda.


"8+3". O'zbek futbolidagi eng omadsiz shaxs kim?


Manba: championat.asia