Rasman: Eng chiroyli gol muallifi 2021 yilni AGMKda o'tkazadi

Narzulla Saydullayev
16 yanv 2021, 17:32
AGMK klubi matbuot xizmati bergan xabarga ko'ra, tajribali futbolchi Sanjar Tursunov 2021 yilgi mavsumda ham olmaliqliklar sharafini himoya qiladi.

"2020 yildan e'tiboran AGMK safiga o'tgan va jamoamizning tarixiy natijasiga erishishda o'z hissasini qo'shgan ajoyib iqtidor egasi klub bilan o'rtadagi bitimni 2021 yil yakuniga qadar uzaytirdi.

Sanjar Tursunovning o'tgan mavsumda "Qo'qon-1912" darvozasiga kiritgan supergoli PFL talqiniga ko'ra, Superliganing eng chiroyli goli deya topilgandi. Shuningdek, "championat.asia" nashri Tursunovning takrorlanmas super golini 2020 yilning benazir goli deya tariflagandi.

Yangi mavsumda ham AGMK bilan birgalikda maqsad sari intiladigan Sanjar Tursunovga omad tilaymiz va chiroyli gollarni kutib qolamiz", - deyiladi klub matbuot xizmati bergan xabarda.

"Championat.asia" ma'lumotlariga ko'ra, Sanjar Tursunov oldida qator variantlar paydo bo'lgandi. Bular orasida xorijdan ham takliflar kelib tushgan. Biroq futbolchi kelasi mavsumda ham aynan AGMKda o'ynashni maqul topdi.




Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia