26 o'yin futbolchilarning o'sishi uchun etarlimi?

Narzulla Saydullayev
28 okt 2013, 17:29
2010 yilgi mavsumdan buyon oliy liga jamoalari 26tadan uchrashuvda maydonga tushishmoqda.
Shundan buyon bu to'g'risija turlicha mulohazalar bildirib kelinmoqda va ularning aksariyatida murabbiy hamda mutaxassislar bir mavsum uchun 26 o'yin o'tkazish juda kam ekanligini ta'kidlab o'tishmoqda. Hisoblab ko'radigan bo'lsak, ichki musobaqalarda bir klub ko'pi bilan 35ta uchrashuv o'tkazishi mumkin ekan. Shunda ham O'zbekiston Kubogining barcha bosqichida ishtirok etib, finalgacha yetib borgan jamoa. Aynan shu holat bo'yicha biz Osiyodagi ko'plab davlatlardan ortda qolib ketyapmiz.

OCHLda hozircha Eron, Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Avstraliya biz bilan bir qatorda doimiy o'rinlariga ega. Yani, muntazam ravishda qitaning klublar o'rtasidagi birinchi raqamli turnirida ushbu davlatlardan jamoalar qatnashib kelishadi. Milliy chempionat, Kubok va turli mintaqaviy turnirlardagi ishtirokni qo'shganimizda, har mavsumda o'zbek jamoalari eng kam uchrashuvda maydonga tushishar ekan. Ta'kidlab o'tish lozimki, bellashuvlar sonining kamligida O'FF yoki PFLning ayblashning keragi yo'q. Chunki yuqori saviyada o'ynashga tayyor bo'lmagan yoxud ko'plab muammolarga ega jamoalarning majburlab ushlab turish o'zini umuman oqlamaydi. Bundan tashqari, murabbiylar bilan o'tkazilgan yig'ilishda ularning o'zlari chempionat tizimini o'zgartirmaslik uchun ovoz berishadi yoki klublar yangi formatni taklif qilishmayapti. Yig'ilishda shunchaki qatnashib qaytishadi. Albatta, 3-4 nafar faol menejerlarni hisobga olmaganda. 26 o'yin esa bir mavsum uchun juda oz. Bunda faqat 15 nafar atrofida o'yinchilardan foydalanib mavsumni yakunlash mumkin. Bizningcha, chempionat oxirida "pley-off" tizimini tashkil etish orqali bu muammoga echim topish mumkin edi. Afsuski, jamoalarimizning o'zlari vaqtida bu o'zgarishni yoqlashmadi. Chempionatdagi keskin o'yinlar soni shunda ancha ortgan bo'lardi. O'rtamiyonalar ham mavsum oxirida bellashuvlarni sovg'a qilib yubormasdan har bir yuahsda hech bo'lmaganda raqibning yutishiga yo'l qo'ymaslik uchun maydonga tushishardi. Peshqadamlar o'rtasidagi janglar haqida to'xtalib o'tirishning hojati bo'lmasa kerak. Agar 7tadan ikki guruhga bo'lib yuborsa, jamoalar rosa 38 o'yin o'tkazishlari mumkin ekan. Agar tavakkal qur'a asosida bir davrali bahslarga ko'nishsa, unday holda bir mavsum 32 bellashuvdan iborat bo'ladi.

Yuqorida qayd etib o'tilgan mamlakatlarda jamoalar turli miqdorda bahslarni o'tkazishadi. Eronda klublar yuqori divizionda 16 klub ishtirok etadi va 30 o'yinda maydonga chiqadi. Bu tizimni eng optimal variant deb aytish mumkin. Jamoalar mavsum davomida deyarli har hafta o'yin amaliyotiga ega bo'lishadi. Bundan tashqari, kubokdagi ishtirok tufayli ham futbolchilarni tez-tez almashtirib turishga imkoniyat tug'iladi. Boshqacha aytganda, jamoa yaqqol ikki toifa o'yinchilarga bo'linib qolmaydi. Futbolda o'ziga xos musobaqa ritmiga ega bo'lish juda muhim elementlardan biri hisoblanadi. Aytaylik, har etti kunda bir bellashuvda qatnashayotgan jamoada ikki yoki uch haftalik tanaffus yuzaga kelsa, bu faqat zararga xizmat qiladi. Shu sababli ham ko'plab yetakchi jamoalar tanaffuslardan keyin avvalgi o'yin saviyasiga qaytishga qiynalishadi va muhim ochkolarni qo'ldan boy berishadi. Shuningdek, o'sha ritmning qisqa muddatli bo'lishi maqsadga muvofiqdir. Masalan, har besh kunda maydonga tushadigan har sakkiz kunda o'ynaydigan klubdan jismoniy, texnik va boshqa ko'rsatkichlar bo'yicha ustun bo'ladi. Albatta, o'rtacha holda olganda. Lekin bu o'sha ritmga amal qilinsa, "So'g'diyona"ning "Real"dan yaxshiroq o'yin ko'rsatishi degani emas. Eron masalasiga qaytsak. Fors klublari chempionatdagi 30 bellashuvdan tashqari kubokda yana 5-8 atrofida o'yin o'tkazishadi. Demak, forslar o'lkasida har bir klub o'rtacha 35 bor rasman bahslashish imkoniyatiga ega. Ichki musobaqa uchun bu deyarli Yevropa darajasidagi ko'rsatkich sanaladi. Qolaversa, Eronda futbolchilar jismoniy jihatdan juda kuchli va har bir uchrashuv keskin kurashlar ostida kechadi.

Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar chempionatlarida xuddi biz singari 14tadan jamoa ishtirok etadi. Bir mavsumda yuqori ligadagilar 26ta uchrashuvda qatnashadi. Arablarda biz bilan bir xil vaziyat ekan deb o'ylashga shoshilmang. Bu davlatlarning har birida kamida ikkitadan rasmiy kubok bahslari mavjud. Shuningdek, Arab davlatlari ligasida va turli mintaqaviy kuboklarda jamoalar qo'shimcha uchrashuvlarda maydonga tushishlari mumkin. Misol uchun, Saudiya Arabistonida Shahzoda va Qirol Kuboklarida muvaffaqiyatli qatnashgan jamoa jami 17 bellashuv o'tkazadi. Kichik turnirlarni hisobga olmaganda, 40 uchrashuv kelib chiqyapti. BAA va Qatarda ham bir mavsum uchun o'yinlar soni 40ta atrofida. Yana bir bor eslatib o'tamiz, arab davlatlari o'rtasidagi turli musobaqalar bu ro'yxatga kiritilmagan. Agar barchasini qo'shadigan bo'lsak, peshqadam klublar 50tacha rasmiy bellashuvlarda o'z omadlarini sinab ko'rishadi. O'z-o'zidan kelib chiqyaptiki, g'arbiy mintaqada ayni paytda o'zbek jamoalari eng kam o'yin amaliyotiga ega bo'lishadi. Bizning klublar nari borsa 35 uchrashuv o'tkazishadi, bazi klublar esa 28ta. Boz ustiga, arablar kichik tanaffus yuzaga kelishi bilanoq Yevropaning biror mashhur jamoasi bilan o'rtoqlik o'yinlarida kuch sinashishadi.

Sharqiy Osiyo mamlakatlariga nazar tashlasak, eng ko'p bahslar Yaponiya va Avstraliyada o'tishiga guvoh bo'lamiz. "J" ligada mavsum har bir jamoa uchun 34 bellashuvdan iborat. Yana ikki kubok musobaqasida esa kuchli klublar 13-17ta atrofida bahs o'tkazishi mumkin. Demak, bir futbolchi faqat ichki musobaqalarning o'zida 50 uchrashuvda maydonga tushish imkoniyatiga ega. Mahalliy klub va milliy terma jamoada o'ynaydigan futbolchilar bir mavsumda 70tacha o'yinda qatnashadi. Shu sababli Yaponiyadan kuchli futbolchilar yetishib chiqmoqda. Avstraliyada 27 uchrashuvdan chempionatdan so'ng "pley-off" bahslari o'tkaziladi. Unda yana 4-5, "A" liga Kubogida esa 6-7 o'yinda maydonga tushish imkoniyati bor. Janubiy Koreyada 28 o'yin, chempionatning "pley-off" bosqichi va ikkita kubok mavjud. Bu yerda ham uchrashuvlar soni 40tadan oshadi. E'tibor qilsak, oxirgi yillarda Yevropaga yo'l olgan o'yinchilar asosan shu uch chempionatdan chiqqanini ko'ramiz. Chunki yosh paytidanoq futbolchilar to'g'ri ritmga tushib olishadi va keyin shunday suratga ko'nikish ularda qiyinchilik tug'dirmaydi. Xitoyda esa bizning avvalgi tizim: 30 o'yinli chempionat. Ko'rinib turibdiki, Sharqiy Osiyoda grand jamoalar 40-50 bellashuvda maydonga tushadi. Shuning uchun hozir qitamizda sharqliklar ustunlik qilishyapti. Terma jamoalar miqyosida ham, klublar bo'yicha ham 2013 yil sharqliklarning muvaffaqiyati bilan yakunlandi. Chunki futbolchi qancha ko'p o'ynasa, u shunchalik o'sib boraveradi. Bizdagi ko'plab tanaffuslar esa futbolchilarning ma'lum ritmga ko'nikib olishiga va shu orqali bellashuvlarning keskin ruhda o'tishiga xalal bermoqda. Ehtimol, PFL formatni o'zgartirish haqida o'ylab ko'rar.


Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia