"Bu Dembelega aytilgan "ovozingni o'chir" ishorasimi?" - Duening golni nishonlashi PSJ ichida mojaro keltirib chiqarishi mumkin

Aslanov Jasurbek
18 fev 2026
Fransiyalik taniqli jurnalist Daniel Riolo PSJning 20 yoshli yarim himoyachisi Dezire Duening YCHL doirasidagi "Monako"ga qarshi bahsdagi (3:2) harakatlariga e'tibor qaratdi.

O'yin davomida Dembelening o'rniga zaxiradan maydonga tushib, dubl qayd etgan Due golini quloqlarini yopib nishonlagan edi.

Mojaroning ildizi qayerda?

Yaqindagina Fransiya chempionati doirasidagi "Renn"ga (1:3) qarshi o'yindan so'ng Usmon Dembele jamoadoshlarini tanqid qilib: "Agar har kim faqat o'zi uchun o'ynasa, sovrinlarni qo'lga kiritib bo'lmaydi", deb aytgan edi. Ko'pchilik bu tanqidni aynan yosh Duega qaratilgan deb hisoblagan.

Rioloning xavotiri:

Jurnalistning fikricha, Duening bu ishorasi jamoa ichidagi muhitga salbiy ta’sir qilishi mumkin:

"Goldan keyin quloqlarni yopib olish - bu tanqidni qabul qilmaslik belgisi. Agar bu tanqid OAV tomonidan bo'lganida, muammo yo'q edi. Lekin bu yerda gap jamoadoshlar haqida ketmoqda. Bu ishorasi bilan u go'yoki Dembelega ovozingni o'chir degandek bo'ldi.

Menga Duening xarakteri va uning biroz mag'rurligi yoqadi, u fantastik o'yin o'tkazdi. Biroq bunday harakatlar kiyinish xonasida Dembelening: Bu menga qaratilganmidi? degan savoliga sabab bo'lishi mumkin. Hozirgi futbolchilar bunday mayda narsalarga juda ta’sirchan bo'lib qolishgan", - dedi Riolo "After Foot" dasturida.

PSJ kiyinish xonasidagi vaziyat qanchalik jiddiy ekanini tez orada bilib olamiz. Luis Enrike yosh iqtidor va tajribali yulduz o'rtasidagi bu "sovuq urush"ni to'xtatib qola oladimi?


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: RMC Sport