JCH-2014. Mundial ishtirokchilari - Italiya
03 iyu 2014 15:29
Yangiliklar
JCH-2014. Mundial ishtirokchilari - Italiya
Italiya terma jamoasi dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri sifatida etirof etib kelinadi. Bu jamoa har bir musobaqada g'oliblik uchun kurashib keladi.
Italiya futbol federaciyasi 1905 yildan boshlab FIFAga azo kirishgan. 1954 yilda esa UEFA ham azo bo'lgan.
Italiya terma jamoasi Jahon chempioni bo'lishda ham faqatgina Braziliyadan ortda qolishmoqda. "Skuadra Adzurra"da to'rtta chempionlik mavjud. shuningdek, Italiya Jahon chempionini nomini munosib himoya qila olgan ikki termadan biri hisoblanadi. 1934 va 1938 yillarda Italiya Jahonda tengsiz deb topilgan. Bunday natijani faqatgina Braziliya takrorlay olgan. Braziliyaliklar 1958 hamda 1962 yillarda ketma-ket ikki bor Jahon kubogiga ega bo'lishgan.
Italiya har doim kuchli tarkib va tajribali mutaxassisga ega bo'lgan. Lekin shunga qaramay, Italiya futbolida ham katta pasayishlar kuzatilgan. 1986 - 2006 yillar mobaynida Italiya Jahon va Evropa chempionatlarida zafarli odimlarini davom ettira olishmagan va 20 yil mobaynida sovrinsiz qolib ketishgan.
SHu o'rinda 1994 yilgi mundialda Italiya hamda Braziliya terma jamoalari o'rtasida kechgan final o'yinini eslab o'tmasdan iloj yo'q. O'sha yili finalda ikki grandlar to'qnash kelishadi va g'olib nomini penaltilar seriyasi orqali aniqlashga to'g'ri keladi. Muhim pallada Roberto Badjoning osmon-u falakka tepgan to'pi butun Italiya halqini "shok" holatiga keltirib qo'yadi. Roberto Badjoning noaniq tepgan zarbasi necha ming-minglab futbol ishqibozlarini ko'z yoshlariga sabab bo'ladi. Mundialdan keyin ko'plab futbolchilar terma jamoani tark etishadi. SHu jumladan Roberto Badjo ham.
Yana bir eslashga arziydigan musoboqa bu Evropa chempionati - 2000. O'shanda Italiya terma jamoasini afsonaviy Dino Zoff boshqaradi. Guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan "Skuadra Adzurra", keyinchalik Ruminiya va Gollandiya termalariga qarshi to'p tepishadi.
Bu o'yin qahramoni esa Franchesko Toldo bo'ladi. Gollandiya o'sha o'yinda asosiy vaqtda ham va o'yindan keyingi penaltilar seriyasida ham bir nechta 11-metrlik jarima zarbasini amalga oshirishadi. Lekin gollandiyaliklar umumiy hisobda atiga bittasini Toldo darvozasiga kirgiza olishadi. “Lotoreya” bahsida Italiya Gollandiyani mag'lub etadi va finalga yo'l oladi. Finalda esa Franciya Italiya ustidan g'alaba qozonadi.
SHundan so'ng, Italiya terma jamoasiga Marchello Lippi taklif etiladi. Ushbu mutaxassis Germaniyada bo'lib o'tgan mundialda “Skuadra Adzurra”ga to'rtinchi Jahon kubogini olib beradi.
Ushbu katta g'alabadan so'ng, Italiya futbolida katta inqiroz kuzatiladi. Ayni paytla o'sha inqiroz davom etmoqda desak ham bo'ladi. Avlodlar almashuvi ham Italiya uchun og'ir kemoqda. Evro-2008 va JCH-2010da Italiya o'zidan kutilgan o'yinni namoyish etib bera olmaydi. Bunga bir nechta omillar sabab bo'lgan. Keyinchalik 2012 yilgi Evropa chempionati oldidan terma jamoa boshqaruvi CHezare Prandelli topshiriladi. Ushbu murabbiyi qo'li ostida jamoa bir qator yorqin o'yinlarni o'tkazdi va o'sha chempionatda finalga qadar etib bordi. Lekin hal qiluvchi bellashuvda Ispaniya Italiyani mag'lub etib, bosh sovrinni o'ziniki qilib olgandi. Ammo Italiya uchun Evropa chempionati muvaffaqiyatli yakunlangan. Sababi, Prandelli jamoasidan hech kim finalgacha etib borishlarini kutmagan edi.
Hozirgi mundial oldidan ham Italiyadan yuqori natijalar talab etilmayapti. Jamoada avlodlar almashuvi haligacha davom etmoqda va “skuadra adzurra” o'z o'yin uslubini shakkllantirish uchun biroz vaqt talab etiladi. Terma jamoada Buffon, Pirlo va Kellini singari tajribali futbolchilari bor. Qolganlari asosan yosh futbolchilar. Ko'pchiligi uchun esa bu mundial debyut sanaladi. Jamoa sardori Buffon takidlab o'tganidek, Italiya hozirgi tarkibi bilan chorak finalgacha borsa ham, bu ular uchun yaxshi natija hisoblanadi. Lekin Italiya terma jamoasi har doim kutilmagan natijalarni qayd eta olishi mumkin. Bunga misollar etarlicha topiladi. Nima bo'lgan taqdirda ham, Italiya chempionat favoritlari qatoridan joy oladi. Amalda ular qanday natijani ko'rsatishlarini esa mundialdan so'ng bilib olamiz.
Italiya 17 bor mundial ishtirokchisiga aylangan. Jami 80ta o'yin o'tkazib, shularning 44 bahsida g'alaba qozongan va 21 o'yinda durang qayd etgan. Qolgan 15 uchrashuvda esa mag'lubiyatga uchragan. To'plar nisbati: 126-74.
Italiya terma jamoasi haqida:
Tashkil topgan yil: 1910
Mintaqasi: Evropa
Bosh murabbiy: CHezare Prandelli
Jamoa sardori: Janluiji Buffon
Eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchi: Janluiji Buffon (137 o'yin)
Eng yaxshi to'purar: Jiji Riva (35 gol)
FIFA reytingidagi o'rni: 7
Ilk o'yin: Italiya - Franciya 6:2 (1910 yil)
Eng yirik g'alabasi: Italiya - AQSH 9:0 (1948 yil)
Eng yirik mag'lubiyati: Vengriya - Italiya 7:1
Erishgan yutuqlari:
Jahon chempioni: 4 karra (1934, 1938, 1982, 2006)
Evropa chempioni: (1968)
Olimpiada g'olibi: (1936)
Italiya terma jamoasining yakuniy tarkibi:
Darvozabonlar: Janluidji Buffon (Yuventus), Mattia Perin (Jenoa), Salvatore Sirigu (PSJ).
Himoyachilar: Inyacio Abate (Milan), Andrea Bardzali (Yuventus), Leonardo Bonuchchi (Yuventus), Djordjo Kellini (Yuventus), Matteo Darmian (Torino), Mattia De SHilo (Milan), Gabriel Paletta (Parma).
Yarim himoyachilar: Alberto Akvilani (Fiorentina), Antonio Kandreva (Lacio), Daniele De Rossi (Roma), Klaudio Markizio (Yuventus), Tiago Motta (PSJ), Marko Parolo (Parma), Andrea Pirlo (Yuventus), Marko Verratti (PSJ).
Hujumchilar: Mario Balotelli (Milan), Antonio Kassano (Parma), Alessio CHerchi (Torino), CHiro Immobile (Torino), Lorenco Insine (Napoli).
Terma jamoaning yakuniy tarkibiga kira olmagan futbolchilar: Antonio Mirante (Parma), Juzeppe Rossi (Fiorentina), Mattia Destro (Roma), Kristian Majjio (Napoli), Manuel Paskual (Fiorentina), Andrea Ranokkiya (Inter), Rikkardo Montolivo (Milan), Romulo Souza (Verona).
SHahboz Beg'amov
Fikrlar