Xavfli mavzu - hakamlar! Hamma ayb ulardami?
29 mar 2021 15:48
Yangiliklar
Xavfli mavzu - hakamlar! Hamma ayb ulardami?
Bugun Superliga va PRO Liga hakamlariga nisbatan gap so'zlar ko'payib ketgan. Nima uchun hakamlarning saviyasi tushib ketdi, nima uchun hakamlar kamayib ketdi, nima uchun hakamlarga nisbatan adolatsizliklar ko'payib ketdi? Bu haqda esa hech kim gapirmaydi. CHunki ko'pchilik asl sababni bilmaydi.
So'nggi paytlarda bo'layotgan gap so'zlar ketidan yosh hakamlarni futbolga kirib kelishi keskin tushib ketdi. Buni Toshkent shahar FAda ishlash jarayonida ko'ryapman. SHahar chempionatimiz va 2-liga o'yinlarini o'tkazishimiz uchun hakamlarga zormiz. Avvallari ularning safi uzunligidan ish topib bera olmas edik. Bugun esa aksincha. Buning asoratini yaqin yillarda ko'ramiz, ko'p emas, yana bor yo'g'i 3-4 yil o'tib Superligamizda malakali hakamlar juda kamayib ketadi. Hozir ko'rib turgan xatolarimiz, keyingi 4 yilda arzimagan holat bo'lib qoladi.
Hakamlar nima uchun kamayib ketyapti?
1. Bolalar ligasida mag'lubiyatga uchragan jamoa murabbiylari va ota-onalari ochiqchasiga hakamlarga tazyiq o'tkazyaptilar. U xato qilmagan bo'lsada, ko'p murabbiylar o'rganib oldi, aybni hakamga qo'yishga. O'zining xatosini birov orqali tuzatib ketish bu nomardning ishi.
2. Toshkentdan tashqari boshqa viloyatlarda o'tkazilinadigan chempionatda hakamlar uchun haq to'lanmaydi. Tabiiyki, yosh hakamlar uchun o'yinga qiziqish umuman yo'q. Hech kim bugungi sharoitda o'zining kissasidan xarajat qilib o'yin boshqarib kelmaydi. Ularning hech bo'lmasa yo'l kirasi va tushligi uchun haq to'lanishi kerak. Bugungi kunda Toshkentda bitta hakam 3ta o'yinni boshqarib ketsa 100 000 so'm ishlayapti. Buning uchun u, ertalabdan turishi va bir necha so'kinishlarga chidab 4 soat tinmay yugurishi kerak. Toshkent sharoitida bugun 100 000 so'm unchalik katta emas. SHunda ham mag'lubiyatga uchragan jamoalar haqqini bermay ketadi.
3. 2-ligalardagi bezorilik. 2-ligada gavdasi katta-katta yigitlardan kaltak eb yurgan hakamlarning soni kundan-kunga oshib boryati. Murabbiy va homiydan ham tepki eganlar yo'q emas. 2-ligani chetga suramiz, Toshkentda 50 yoshdan oshgan faxriylar ligasida hakamlarni do'pposlayotganlar yo'q emas. Yutqazib qo'ysa "tankasi" orqali O'FAdagi tanishlariga chiqib ishdan haydatib yuborish bilan do'q qilayotganlari ham yo'q emas.
4. Hakamlar maktabi yopilgach, uni ochish yo'lidagi ishga qo'l urildi-yu, tinchib ketdi. Bugungi yosh hakamlarni xatolarini ko'rsatib beruvchi kurslar yo'q bo'lib ketdi. Buning sababi yo'q emas, tepa ligalarda quvg'inga uchrayvergach, ularda yangi yoshlarni tarbiyalashga ishtiyoq qolmagan ko'rinadi. O'FA huddi yoshlar terma jamoalariga etibor qaratganidek, yosh hakamlarni ham o'z kissasidan tarbiyalashi kerak. Ularni o'qitish, kiyintirish hech qanaqasiga pullik bo'lmasligi kerak. CHunki ular pul to'lab o'qigandan keyin, shu pulni chiqarishga harakat qiladilar. CHiqarish uchun esa qing'ir yo'lga o'tishga majbur bo'ladi, sababi bizda bolalar futboli va 2-liga to'lovlari sariq chaqaga teng. Respublika musobaqalariga esa bir kunga 5ta o'yin boshqarasizmi yoki undan kam farqi yo'q, kunlik to'lov 50 000 so'm, bunga nima beradi? Masalan, Namangan shahrida bo'lib o'tadigan o'yinga CHustdan hakam kelsa yoki Farg'onaga Quvasoydan, Navoiyga Zarafshondan. Kelib ketishiga zo'rg'a etadigan pul bilan biz kelajakka hakam tayinlaymizmi? Yo'q, u o'sha erdagi "issiq" pulni maqul ko'radi.
5. Hakamlar ham va nihoyat o'zlarini himoya qilishni o'rganishlari kerak. Har doim ham bo'ladigan diskvalifikaciyalar adolat bilan bo'lmaydi. U rostan xato qilgan bo'lsa ham ommaga chiqarib chetlatilganligi haqida sazoya qilinadi. Agar rostan o'rtaga pul aralashgan bo'lsa, gap yo'q bunaqalarni qamab yuborsa ham bo'ladi, agar ikkinchi tomonni ham omma orqali jazolansa! Kambag'alning bolasi xato qilsa - jinoyat, boyning bolasi xato qilsa - sho'xlik! Kuni kecha hakamlarga nisbatan qo'llanilgan jazo va ularga pul taklif qilganlar nomisiz jarima to'lash bilan qutilib qolganlarini yuqoridagi jumlaga zab mos tushadi. Kecha o'sha hakamlarga pul berib nom qozonib olgan murabbiy, bugun pul bermagani uchun yutqazib qo'ysa noliyapti. Demak, uni mag'lubiyaga uchratgan jamoa PUL chiqqanmi? Nima uchun hakamni chetlatgandan keyin, pul chiqqan jamoani qidirmaymiz? Pul chiqmagan, hakam insoniy faktor tufayli xato qilganmi unda? Unday bo'lsa nima uchun tushuntirish ishlari va qoidalar bilan ish ko'rmaymizda, uni chetlatamiz, hakamlar to'lib-toshib yotgan zamondamizmi? Hakamlar o'zlarining uyushmaligini tuzishlari kerak. Bu uyushma, hakamlarni tarbiyalash, xatolar ustida ishlashi va kerak bo'lsa tuhmat bilan chetlatilgan hakamlarining huquqini qonuniy yo'l bilan himoya qilib berishi kerak bo'ladi. Aks holda, futboldagi so'nggi odam sifatida yuraveradilar.
Kovid-19 kelmagunicha biz shifokorlarni qadriga etmadik. Ularni urishgacha bordik. 3-4 yil o'tib hakamlarimiz ham qolmaydi. Agar ularning sonini ko'paytirmasak, yillar o'tgach ligamizga ming zo'r murabbiy bilan, futbolchilar kelmaydimi, tajribasiz hakamlar o'yin tizginini buzib yuboraveradilar.
Kecha "Olimpik" va "Oq Tepa" o'rtasidagi o'yinda qanot hakami jarima zarbasidan kiritilmagan golni hisoblamadi. Buni efir orqali ko'rganlar bildi. Ammo bosh hakamning miyasida 1-bo'lim tugamaguniga qadar uni gol yoki gol bo'lmaganligi haqidagi o'y o'taverdi. Natijada o'yin tizginini qo'ldan boy berdi, o'yin hushtakka "o'tirib" qoldi. Alisher SHog'ulomov esa faqatgina o'yin tugaganidan keyin bildi-ki, u erda gol yo'q edi. Unga qadar esa emociya o'z so'zini aytdi va u matbuotga chiqish qildi.
Agar hakamlar himoyasiz qolaveradigan bo'lsalar, ishoning, futbol bu bilan o'sib qolmaydi. Avvallari hakamlar mashg'ulotlarga bugungidek ko'p vaqt ajratmaganlar. 1990-2000 yillardagi futbolimizga nazar tashlang, maydondagi 70-80% hakam ancha to'la bo'lgan. Qo'pol qilib aytganda, semiz bo'lgan. U paytdagi futbolning tezligi ularni ortiqcha yugurmasligiga ham sabab bo'lgan. TV translyaciya bo'lmagan. Maydon markazidan turib ham hushtak chalib qo'yaverganlar. Bugungi futbol tezlashdi, har bir o'yin TVda namoyon. Hakam har kuni mashg'ulot o'tkazmasa, jismoniy holatini boy beradi, natijada ishga chiqa olmaydi. Ish so'zini bekor ishlatmadim. Bugun hakamlik ishga chiqishga teng kasbga aylandi.
Siz futbolchi kabi har kuni mashg'ulot o'tkazasiz. Yangi komunikaciyalarni o'z hisobingizdan xarid qilasiz, vitamin ichasiz va hokazo. Avvallari yakshanba bo'ladigan o'yin oldidan 2 kun yugurib qo'yilsa bo'ldi edi. Istagan paytingiz, istagan ishingiz bilan shug'ullanardingiz. Bugun esa bunday emas. Endi Toshkentda siz har kuni ishga borasiz, ishga kirishdan oldin 7-8 yil ota-onalarni so'kishini eshitasiz, keyin 1-2 yil 2-liga va faxriylar ligasi o'yinchilaridan kaltak eysiz va bir oyda bir marotaba Superligada o'yin olasiz.
Daromadingiz, shunda 3.5 mln so'm, agar siz markaziy hakam bo'lsangiz. Agar qanot hakami bo'lsangiz ancha kam. OFK yoki FIFA doirasidagi hakam bo'lsangiz oyiga 3tagacha o'yin olasiz. Lekin bunday toifadagi hakamlar kamayib ketdi. Hakamlarni daromadi oyiga 10-20 mln atrofida bo'lsa o'sish bo'ladi. Nega bunchalik ko'p, bu bizning soliq, bu bizning haqqimiz deyishga shoshilmang. Ular ham futbolning bir bo'lagi. Futbolchilar oyiga 10 mlndan 500 000 000 so'mga, nollar ko'payib ketmadi. Bugun superligamizda bir oyda besh yuz million so'm maosh oladigan futbolchilar ham bor. Hali mukofot pullarini qo'shing. Murabbiylarning maoshlari ham chakki emas 50 mlndan 100 mlgacha olishadi. Endi mana shu o'yinni to'g'ri boshqarib ketish uchun 3 mln olishni o'rtasidagi farqni ko'rdingizmi?
Yana bir narsani inobatga olish kerak. Bolalar futbolida nadbavka degan jirkanch narsa bor. Hakamlar va murabbiylar o'zaro hamkorlikda o'yinlarni to'g'irlab yurishadi. 3 yil davomida Toshkent terma jamoasi bilan musobaqalarga chiqaman. Biron hakamga pul taklif qilmadim, buni qarangki, ularning birontasi oldimga kelib bugun yordam beraman, "stavka" bunday demadi! Ularni o'zi kelmaydi, agar murabbiy bormasa! Mana, muammo qaerda? Mukofot pullaridan sochma qilib yig'ib berayotgan futbolchi va murabbiylar, Siz avval KO'ZGUga qarang, keyin matbuot anjumanlarida chiqish qiling degan bo'lardim. Bu maqola bilan hakamlarni yonini olishni aslo niyat qilmadim, yaqin yillar ichida kunimiz tajribasiz hakamlarga qolib ketganida afsuslaganimizdan ko'ra, bugun hakamlarning ishini rivojlantirish bo'yicha dastur ishlab chiqishimiz kerak.
Lekin yaxshi hakamlarni chiqa olmay qolib ketayotganiga yana bir muhim sababni ko'rsatib o'tishim kerak. Ko'z o'ngimda Toshkentda istedodli hakamlar so'nib borayapti, bundaylar viloyatlarda ham etarlicha topilsa ajab emas. Sababi nima, bilasizmi? Ularning o'rniga hozirgi ko'plab nazoratchilarimizning, yani sobiq hakamlarimizning farzandlari "suqilib" kirishyapti. Men Toshkentda, ularning farzandidan ancha kuchli salohiyatga ega bo'lgan yoshlarni ko'raman. Ammo ular yillar davomida zaxira hakami bo'lib yuraveradilar. Ularning birgina xatosi oylab o'yinlarga qo'yilmasligiga sabab bo'laveradi. Bu tanganing ikkinchi tomoni.
Fikrlar