Vunderkind: SHerzod Karimov: “Jahon chempioni darvozasiga urgan golimni hech qachon unutmayman”
15 okt 2015 11:12
Yangiliklar
Vunderkind: SHerzod Karimov: “Jahon chempioni darvozasiga urgan golimni hech qachon unutmayman”
Loyihamizning ilk ishtirokchisi sifatida 2009 yil Misrda bo'lib o'tgan yoshlar o'rtasidagi U20 Jahon chempionatida qatnashgan SHerzod Karimovni tanladik. Ahmad Ubaydullaev jamoasida sardor bo'lgan yarim himoyachi o'sha mundialda jamoamizning ilk goliga mualliflik qilgandi.
- Nima yoki kim sizning futbolchi bo'lishingizga sabab bo'lgan?
- Yoshligimda dadam meni futbolga olib borganlar. Menimcha 90 foiz futbolchilarda shunday bo'lsa kerak. Yoshligim Farg'onada o'tgan. Dastlab Farg'ona futbol maktabida tahsil olganman, keyinroq Toshkentda CHig'atoy futbol maktabida o'qishni davom ettirganman.
- Bog'cha yoki kichik sinfda o'qib yurganingizda kim bo'lishni orzu qilgansiz?
- To'g'risi yoshligimda ham futbolchi bo'lishni orzu qilganman. Boshqa kasb haqida umuman o'ylamaganman ham.
- Ko'pchilik futbol jiddiy kasb emas deb hisoblaydi. Bunga qanday qaraysiz?
- Nimaga futbolning ham o'ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Yig'inlarda, mashg'ulotlarda va o'yinlar vaqtida juda ko'p mehnat qilinadi. Futbolchining faoliyati qisqa bo'lgani tufayli balki shunday o'ylashar. Lekin men uchun futbol jiddiy kasblar qatoriga kiradi.
- Siz Jahon chempionatida ishtirok etdingiz, gol urdingiz. SHu darajaga etishishingizda kimning xissasi katta?
- Farg'onada o'qib yurganimda birinchi murabbiyim Yo'ldosh aka Ortiqov edi. Keyinchalik Mixail Andreevich Ivanov qo'l ostida shug'ullanganman. Aynan Mixail Ivanov boshchiligidagi jamoa Toshkentda Respublika tayyorlov guruhlari doirasida Ahmad Ubaydullaevning jamoasini 3:0 hisobida mag'lub etgandik. O'sha o'yindan keyin Ahmad aka meni CHig'atoyga taklif qilgandilar.
- 2007 yil Osiyo chempionati saralashini yodga olamiz...
- Saralash bahslari Toshkentda o'tgandi. Yaman, Nepal va Iordaniya kabi jamoalarni kichik hisoblarda mag'lub etib Osiyo chempionatiga chiqqandik. Bu jamoa 2006 yil tuzilgan. Aslida CHig'atoy futbol maktabida bu jamoadan 10 nafar futbolchi birga o'ynardik, keyinchalik terma jamoaga boshqa yigitlar ham taklif qilingandi. Jamoa tashkil etilganidayoq Jahon chempionatiga chiqish maqsad qilib qo'yilgandi.
- Qanday qilib o'sha jamoaga sardor bo'lib qolgansiz?
- Jamoa tuzilganida futbolchilar o'rtasida so'rovnoma bo'lib o'tgan. Yigitlar menga ishonch bildirishgan. Aynan shu ishonchni oqlash uchun ham maydonda ikki karra ko'proq ter to'kish kerak. Jamoaga doim dalda bo'lish, qiyin vaziyatlarda sheriklarining ruhiyatini ko'tarishi lozim. CHig'atoyga kelganimda Sunnatilla Mamadaliev sardor edi. Bir yildan so'ng meni jamoa sardori etib tayinlashgan. SHu sababli terma jamoaga ham sardor sifatida tanlashgan bo'lsa kerak.
- SHerzod Karimovning xobbisi nima? Bo'sh vaqtlarida nima qiladi?
- Bo'sh vaqtlarimda farg'onalik do'stlarim bilan ko'rishib, ular bilan suhbatlashishga harakat qilaman. SonyPlaystation o'yinlarini ham o'ynab turaman. Alohida xobbiyim yo'q bo'lsa kerak.
- Sportchi sifatida qanday zararli odatlaringiz bor?
- Zararli odatlarim yo'q shekilli. Buni atrofdagilardan so'rasangiz barchasini aytib berishsa kerak (kuladi). CHetdan qaragan odamga ko'rinadi.
- 2008 yil Saudiya Arabistoni mezbonlik qilgan Osiyo chempionati haqida. Qanday xotiralar qolgan?
- Saudiya Arabistoni musobaqani yuqori saviyada o'tkazgan. Mehmonxonalar, sharoitlar va stadionlar yaxshi holatda bo'lgandi. Guruhda Iordaniyani mag'lub etgandik. Avstraliya bilan bahsda durangga erishgandik. O'shanda gol urganim yodimda. So'nggi turda Tailand ham mag'lub etilgan va chorak finalga chiqqandik. CHorak finalda Jahon chempionati yo'llanmasi o'ynalgandi. Xitoy bilan o'yin ko'pchilikni yodida bo'lsa kerak. Qo'shimcha taymlar tugab borayotganda darvozabonimiz qizil kartochka olib maydonni tark etgandi. Murabbiyimiz barcha uchta o'zgarishni amalga oshirib bo'lgandi. SHu bois penaltilar seriyasida darvozaga himoyachi Murod Xolmuhammedov turib ikkita zarbani qaytarishga erishgandi. Biz shu tariqa mundialga chiqqandik. Juda ham qiyin bahs edi.
Yarim finalda Janubiy Koreya bilan o'ynagandik. Asosiy maqsad Jahon chempionatiga chiqish vazifasi bajarib bo'lingandi. Lekin bosh murabbiyimiz Ahmad Ubaydullaev bizni ruhlantirib bugun yutsanglar finalga chiqasizlar va tarixga kirasizlar degandilar. Koreyslarga qarshi bahsda mening golim yagona bo'lib qolgan va biz finalga yo'l olgandik.
Hal qiluvchi o'yinda BAA bilan to'qnash kelganmiz. Maqsadimiz chempion bo'lish edi. Kenja To'raev hisobni ochgandi. Lekin standart vaziyatlardan so'ng ikkita gol o'tkazib yuborgandik. Tan olish kerak o'sha jamoa BAAning oltin avlodi hisoblanadi. Mana hozir o'sha tarkibda o'ynaganlarning deyarli barchasi milliy terma jamoa sharafini himoya qilmoqda. O'sha murabbiy hozir adashmasam milliy terma jamoa bosh murabbiy bo'lib ishlamoqda.
- Nega O'zbekistonning o'sha tarkibidan deyarli hech kim milliy terma jamoada o'ynab keta olmadi?
- Balki o'zimizda ayb bordir. Balki o'z ustimizda ishlamay qo'ygandirmiz...Futbolda ko'p narsa omadga ham bog'liq. Balki terma jamoa murabbiylari o'sha jamoani xuddi BAAga o'xshab milliy terma jamoa sifatida shakllantirishsa hozir o'ynab ketgan bo'larmidik.
- Jahondagi qaysi futbolchi bilan bir jamoada o'ynashni orzu qilasiz?
- Braziliyalik Rikardo Kaka. Uning “Milan”dagi o'yinlarini ko'rib yoqtirib qolganman. Harakatlarini kuzatib o'zim uchun kerakli jihatlarni olishga intilganman. Aslida men “Barselona” muxlisiman. Kataloniya klubining jamoaviy o'yin menga yoqib qolgan.
- Endi Misrdagi Jahon chempionatini yodga olamiz.
- Misrga uchib borib Ismoilia shahriga joylashgandik. U erda Angliya va bizning jamoa bitta mehmonxonada yashagandi. To'g'risi sharoitlar u qadar yuqori darajada bo'lmagandi. O'yinlarga keladigan bo'lsak birinchi o'yin Ganaga qarshi kechgan. Juda kuchli hayajon qamrab olgandi. Ikkinchi bo'lim boshida hisobni ochgandik. Keyin bo'shashganmizmi nimadir bo'lgan va ganaliklar ikkita gol urib g'alaba qozonib ketishgandi. Gana futbolchilari haqiqatdan ham jismonan kuchli va tezkor edi. Lekin aynan ular Jahon chempioni bo'lishiga ishonmagandim. Braziliya chempion bo'lsa kerak deb taxmin qilgandim. Finalda Gana haqiqiy matonat ko'rsatib chempion bo'lgandi. Jahon chempioni bo'lgan jamoaga gol urganimni hech qachon unutmayman.
Ochig'i Urugvay Ganadan ko'ra kuchliroq o'ynagandi. Balki G'ulom O'runovning barvaqt chetlatilishi ham tasir qilgandir, lekin baribir Janubiy Amerika qitasi vakilining kuchliligi bilinib turgandi.
Ikkita sariq kartochka tufayli Angliyaga qarshi o'ynay olmagandim. Jamoam o'yinini chetdan kuzatish juda og'ir bo'lgan. Yigitlar yaxshi o'ynashgandi. Hisobni ochgandik. Biz ko'proq gol urib yutsak guruhdan chiqishimiz mumkin edi. Umid bor edi. Lekin inglizlar o'yindagi deyarli birinchi hujumni samarali yakunlab hisobni tenglashtirishgandi.
- 2013 yil Xitoyning “Cindao Jonun” klubida ijarada o'ynab qaytdingiz. Nega Xitoyda ko'p qolmadingiz?
- Eng asosiy muammo bu jamoaga qo'shilib keta olmaganim bo'lgan. Bundan tashqari ilk bor xorijda o'ynagandim. Ovqatlariga ham ko'nika olmaganman. Ovqat emasangiz kuch bo'lmaydi, mashg'ulotlarda va o'yinlarda ishtirok etish uchun esa kuch ko'rak. Til borasida muammo bo'lmagan. Yonimda doim tarjimon yurardi. Balki koreyalik murabbiyga mening o'yin uslubim maqul kelmagandir.
- Agar sizning qo'lingizda bo'lsa bizning futbolimizda nimani o'zgartirardingiz?
- Agar imkonim bo'lganida futbol maktablari, futbol infrastrukturasiga ko'proq urg'u berardim. Bolalar futboliga yanada ko'proq etibor qaratardim. Bolalar kelajagimiz deb bejizga aytishmaydi.
- Jahon chempionatida sizga qarshi o'ynagan Andre Ayyu, Gaston Ramires, Nikolas Lodeyro kabi futbolchilar jahon yulduzlariga aylanishdi. O'zbekistonning o'sha tarkibidan hech kim xattoki Rossiyaga ham ketgani yo'q...
- Jahon chempionatidan so'ng bir qator futbolchilarga xorijdan takliflar bo'lgandi. Juda ko'p takliflar bo'lgandir. Ivan Nagaev, Fozil Musaev, Islom To'xtaxo'jaevga takliflar bo'lganini bilaman. O'zimga ham “Rubin” klubidan taklif tushgandi. Lekin klublar o'zaro kelisha olishmagani uchun Rossiyaga o'tishim amalga oshmagan. Lekin buning uchun klubimdan xafa bo'lmaganman, sababi ular meni yoshligimdan tarbiyalashgan. Agar klubni qoniqtiradigan taklif bo'lganida meni qo'yib yuborishardi deb o'ylayman.
- Hamon bo'ydoqsiz. SHerzod Karimov qachon oila quradi?
- Nozik savol berdingiz (kuladi). Yaqin oylar ichida to'yim bo'ladi.
- Farzandlaringiz ham futbolchi bo'lishini istarmidingiz?
- Qaysi kasbni tanlasa o'sha kasbda ishlashiga sharoit yaratib beraman. To'g'ri futbol qiyin kasb, lekin agar o'zi shuni xohlasa bunga qarshilik qilmayman.
- Ukangiz Islombek Karimov ham futbolni tanlagan...
- Oilada uchta aka-ukamiz. Katta akam futbol sohasida faoliyat yuritmaydi. Islombek “Paxtakor” yoshlar jamoasida maydonga tushib turibdi. O'z ustida ko'proq ishlashini doim takidlayman. Kerak bo'lsa tanbeh beraman, xatolarini ko'rsatib beraman. SHerzod Karimovning ukasi bo'lgani uchun “Paxtakor”da o'ynab yuribdi deyishmasin deb uqtiraman.
- Sizni qiziqqon futbolchi deyish mumkinmi? “Naft Tehron” bilan o'yinni esga olishning o'zi kifoya.
- O'yinda bazida qizishib ketasiz. Bu futbolda bo'lib turadi. Jamoa yuta olmay turgan vaziyatlarda qizishib ketaman, bu rost. “Naft” bilan o'yinga kelsak birinchi bo'limda aynan o'sha futbolchi bir necha marta turtib ketdi, hakamga sezdirmay zarba berdi. Ikkinchi bo'lim boshida chiday olmadim unga zarba berib yubordim. O'sha vaziyatda hakamga hech qanday etiroz bildirmay maydonni tark etgandim. SHukrki jamoa kamchilik bo'lsa ham irodali g'alabani qo'lga kiritgandi.
- So'nggi savol SHerzod Karimovga Jahon chempionati nima berdi va nimani olib qo'ydi?
- Jahon chempionati o'z ustimda yanada ko'proq ishlashni, futbol vaqtida tezroq qaror qabul qilishni, yanada professional bo'lishni o'rgatdi. Nimani olib qo'ydi? Guruhdan chiqa olmaganimiz hamon alam qiladi.
Savol javoblar yakunlangach SHerzod Karimov 10ta shartdan ikkitasini tanlashi va ularni bajarishi kerak edi. 10ta shart orasida baxtli bilet ham bor edi. SHerzod Karimov ikkinchi shartda aynan baxtli biletni oldi va shartimizdan qutulib qoldi. Birinchi shartda esa futbolchi nimadan qo'rqishini aytib berdi.
Ushbu holatni saytimizning VIDEO bo'limi orqali tomosha qiling.
Zarina Alimova va Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Foto: Tolibjon Qosimov
Fikrlar