Vadim Abramovning gaplari qanchalik rost? Akbar Ismatullaev bo'lgan voqeani aytib berdi
07 apr 20:18
Yangiliklar
Vadim Abramovning gaplari qanchalik rost? Akbar Ismatullaev bo'lgan voqeani aytib berdi
Futbolchi kamida yarim yil hech qaysi klubda o'ynay olmaydigan bo'ldi.
Kecha Superliganing 5-turidan o'rin olgan "Bunyodkor" - "Dinamo" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar ustozi Vadim Abramov Akbar Ismatullaev borasidagi savolga javob berdi.
Ushbu matbuot anjumanidan keyin Akbar Ismatullaev biz bilan aloqaga chiqdi va intervyu bermoqchi ekanini aytdi. Bugun futbolchining fikrlarini eshitdik:
Avvalo shuni aytmoqchimanki shaxsan menda "Dinamo" va Vadim Abramovga hech qanday adovatim yo'q. Kechagi "Bunyodkor" - "Dinamo" o'yindan keyingi matbuot anjumanini o'qidim. Aslida vaziyat bunday bo'lgandi:
"Dinamo" klubi bilan 15 dekabrgacha limitdan tashqari shartnomaga qo'l qo'ydim. Yani "Dinamo" klubi pro ligadan chiqqani uchun 15 nafar yangi futbolchi bilan shartnoma tuza olardi. Men o'sha limitdan tashqari shartnoma tuzdim. 2023 yil oxirigacha "Bunyodkor" bilan shartnomam bor edi, o'sha shartnomani oxiriga etkazib qo'dim va 2024 yilning yanvar oyidan "Dinamo"ning Toshkentdagi yig'iniga borib qo'shildim. 4-5 kun jamoa bilan mashg'ulot o'tkazdim. Negadir yangi jamoa bo'lganigami o'rnasha olmadim va yordamchi murabbiy orqali Vadim Abramovga futbolchilikni tugatmoqchi ekanimni aytdim.
SHundan keyin uyda xotirjam o'tirdim va 2-3 kundan keyin yordamchi murabbiy qo'ng'iroq qilib Abramov sen bilan gaplashib olmoqchi dedi. Hurmat qilib borib gaplashdim. Bosh murabbiy menga qarab: "Dinamo"ga yordam berishing kerak, oilangni boqishing kerak, seni jamoamda ko'ryapman dedi. Xullas kelishib oldik. Ertasidan yana mashg'ulotlarga qaytdim va bor kuchim bilan ishlay boshladim. Aynan shu suhbatdan keyin futbolni hali tark etishga erta ekanini tushunib etdim. Burilish nuqtasi edi.
Yanvar oyida Dubayda xorijiy yig'inga bordik. Birinchi o'yin "Rostov"ga qarshi bahsda maydonga tushdim va o'sha o'yindan keyin bosh murabbiy meni maydonga tushirmay qo'ydi. Balki o'sha bahsdagi o'yinim unga yoqmagandir. Yig'in paytida hamma futbolchi ham zo'r formada bo'lmaydi. Yanvar oyidagi yig'in tugadi qaytib keldik. Hech qanday gap so'z bo'lmadi. Fevraldagi Turkiyadagi yig'inga ham bordim. 21 fevralda qaytishimiz kerak, 20 fevralda meni chaqirib bizda yoshi katta futbolchilar limiti to'lib qopti, bitta futbolchi ortiqcha ekan seni ro'yxatdan chiqarmoqchimiz deyishdi. Pro ligadan "Qo'qon-1912" taklif bor borasanmi deb so'rashdi. Men Pro ligada o'ynash niyatim yo'qligini aytdim. Mayli Toshkentga borib yana o'ylab ko'ramiz, mavsum davomida formangga qaytib olasan dedi bosh murabbiy.
24 fevral kuni "Dinamo" yig'ildi. Yig'ilishidan oldin yordamchi murabbiy Abramov bilan gaplashib ko'rgin seni limitdan chiqarmoqchimiz dedi. Abramov bilan gaplashdim. Transfer oynasi yopilishiga 1 kun qolganida ro'yxatdan chiqarib yuborish noto'g'ri ish bo'ldi deb o'ylayman. Yanvar va fevral oyida "Dinamo" uchun ishladim. To'g'risini aytaman fevral oyidagi mashg'ulotlarimdan kelib chiqib meni limitdan chiqarishlarini umuman kutmagandim.
Kechagi matbuot anjumanida aytgan bitta gapi menga yoqmadi: "Agar futbol o'ynashni xohlaganida men unga imkon berardim". Abramov menga imkon berganida futbol albatta o'ynardim. Hali 33 yoshdaman futbol o'ynashga kuchim bor. Bosh murabbiyning o'zi meni transfer yopilishiga 1 kun qolganida ro'yxatdan chiqarib yuborgandi.
Bu intervyu orqali hech kimni yomonlamoqchi emasman, shunchaki o'z nomimni oqlash niyatidaman.
"Paxtakor"da 8 yil, "Metallurg"da 4 yil, Tailandda "Buriram"da o'ynadim, "Bunyodkor"da 1,5 yil o'ynadim. Hech qaysi klubda yomon nom qoldirmaganman. Men bilan birga ishlagan murabbiylar, rahbariyat va futbolchilar biladi professional tarzda ishlaganman. Aynan kechagi matbuot anjumanidan keyin intervyu berishga qaror qildim.
To'g'ri menda "Bunyodkor"ga qaytish imkoniyati bor edi. Reglament bo'yicha agar klub bir tomonlama futbolchi bilan shartnomani bekor qilganida men transfer oynasi yopiq bo'lsa ham boshqa klub bilan shartnoma tuza olardim. Agar shunday qilganimda "Dinamo" klubini turli sankciyalar kutardi. Men esa Samarqand klubiga ziyon bo'lmasligin istadim va shartnomani kelishgan holda ikki tomonlama bekor qildim.
"Dinamo" klubiga rahbariyat, muxlislariga, murabbiylariga hech qanday adovatim yo'q. Samarqand klubiga omad tilayman", - dedi Akbar Ismatullaev.
Rasman: «Dinamo» jarima to'laydigan bo'ldi
Akbar Ismatullaev va "Dinamo" ishi O'FA qo'mitasiga oshirildi
Fikrlar