"Uembli"da "Titanlar jangi": Angliya Kubogi finali uchun prevyu
25 may 13:20
Yangiliklar
"Uembli"da "Titanlar jangi": Angliya Kubogi finali uchun prevyu
"Manchester Siti" APLdagi g'alabadan so'ng "oltin dubl"ni rasmiylashtirishga yaqin turibdi.
Agar "shaharliklar" CHempionlar Ligasi finaliga chiqqanida o'tgan mavsumning takrori bo'lardi, ammo jamoa "Real" bilan to'qnash kelib qoldi. "Yunayted" uchun Kubok finali – bu qayg'uli kampaniyada kichik bir quvonch ulashadigan lahza.
Jamoalarning Kubokdagi yo'li
"Manchester Siti" Angliya Kubogini 1/32 finaldan boshladi. Final yo'lida "shaharliklar" "Xaddersfild" (5:0), "Tottenxem" (1:0), "Luton" (6:2), "Nyukasl" (2:0) va "CHelsi" (1:0) klublarini mag'lub etdi. Xosep Gvardiola jamoasi Premer-ligada mavsumni peshqadam sifatida yakunladi va ketma-ket to'rtinchi chempionligini qo'lga kiritdi. "Manchester Siti" o'zining so'nggi uchrashuvida "Vest Xem"ni 3:1 hisobida yutdi.
"Manchester Yunayted" Angliya Kubogini qo'shnilari bilan bir bosqichda boshladi. Mankunianlar final yo'lida "Uigan" (2:0), "Nyuport" (4:2), "Nottingem Forest" (1:0), "Liverpul" (4:3 q.v.) va "Koventri"ni (3:3, 4:2 pen) to'sig'idan o'tishdi. "Yunayted" Premer-ligani 8-o'rinda yakunladi. Bu klubning APL tarixidagi eng yomon natijasidir. Erik ten Hag shogirdlari so'nggi o'yinda "Brayton"dan 2:0 hisobida ustun kelishdi.
"Siti" APL yakunini ancha ishonchli o'tkazgan holda g'olib chiqdi
"Siti"ning Angliyadagi ustunligi allaqachon odatiy tusga kirib ulgurgan. Kuni kecha "shaharliklar" APLda ketma-ket to'rtinchi chempionlikni qo'lga kiritdi, bu rekord bo'ldi – bundan oldin hech kim ketma-ket to'rt marta chempion bo'lmagandi. So'nggi turda aytarli intriga ham kuzatilmadi – Gvardiola jamoasi Fodenning say-harakatlari bilan "Vest Xem" darvozasiga ikkita tezkor to'p kiritdi va uchrashuvning borishini to'liq nazorat qildi. "Siti"ning hozirgi formasi hayratlanarli – barcha musobaqalarda 35 o'yindan beri mag'lubiyatga uchragani yo'q va so'nggi 7 o'yinda g'alaba qozondi, jamoa shu o'yinlardan faqat 2 tasidagina gol o'tkazib yubordi.
Darvozani Ortega qo'riqlaydi, Kovachich boshlang'ich tarkibga qaytishi mumkin
Xosep Gvardiola final oldidan tarkib bilan bog'liq muammoga ega emas. Birgina Ederson jarohat oldi, lekin Kubok o'yinlarida faqat Ortega o'ynab kelmoqda. Braziliyalik posbon sog'lom bo'lganida ham finalni zaxira o'rindig'ida kuzatgan bo'lardi. Ortega ajoyib o'rinbosar, u "Tottenxem"ga qarshi muhim o'yinda o'zini ko'rsatib, kerakli paytda jamoa joniga ora kirdi. Gvardiola figalda Kovachichni startga qaytarishi mumkin – tayanch zonada Rodriga yordam zarar qilmaydi.
"Siti" hujumkor planda ancha kuchli
"Siti"ning hujum chizig'i fantastik darajada. Gvardiolaning zaxira o'rindig'ida istalgan ingliz jamoasini kuchaytira oladigan Doku, Grilish, Alvares kabi futbolchilar bor. Hatto raqiblar Holandni yopishga muvaffaq bo'lgan taqdirda katta sahnaga Foden, Bernardu Silva yoki De Bryuyne chiqishi mumkin. "Arsenal"ga qarshi o'yinda "shaharliklar" hujumi to'xtatib qolindi, "Siti" bungacha har bir APL o'yinida kamida 2 tadan gol urib kelayotgandi, oxirgi 6 ta bellashuvda esa Pep shogirdlari raqiblar darvozasini naq 20 marta ishg'ol etishdi.
"Yunayted" mavsumni yomon o'tkazdi. Kubok – taassurotlarni yumshatish uchun so'nggi imkoniyat
Ten Hagning "Manchester Yunayted" boshqaruvidagi ikkinchi mavsumi birinchisiga qaraganda unchalik muvaffaqiyatli chiqmadi, o'shanda u CHempionlar Ligasi zonasiga kirishga va ikki Kubok musobaqalari finalida qatnashishga muvaffaq bo'lgandi. Joriy kampaniya APLdagi sakkizinchi o'rin, mag'lubiyatlar va barcha turnirlarda o'tkazib yuborilgan gollar soni bo'yicha eng yomon mavsum, shuningdek, CHempionlar Ligasi guruhida oxirgi o'rin bilan esda qoldi. Angliya Kubogi finaliga etib kelish – yagona yoqimli voqea. Kamtarona "Koventri" yarim finalda penaltilar seriyasida muvaffaqiyat qozonganida bu sodir bo'lmasdi. Adolat uchun, shuni takidlash joizki, "Yunayted" yo'qotishlar tufayli APLning boshqa jamoalaridan ko'ra ko'proq zarar ko'rdi – bir mavsumda 45 jarohat.
Kazemiro tayanch nuqtasiga qaytishi mumkin, Reshford maydonga tushishi dargumon
Lisandro Martines APL doirasidagi "Brayton"ga qarshi so'nggi o'yinda fevral boshidan beri ilk bor maydonga tushdi. Argentinalik futbolchi jarohatlar tufayli aksariyat o'yinlarda ishtirok etmadi, biroq mavsum oxirida o'z joyiga qaytdi. Finalda Ten Hag ehtimol Martinesga ishonadi va u bilan birga Jonni Evans yoki Rafael Varanni tandemda o'ynatadi – Holandni ushlab qolish vazifasi o'rtada turganda u Kazemironi himoya markaziga qo'yishi amrimahol. Xoylund ham startga qaytishi mumkin, unga Garnacho, Diallo va Brunu Fernandesh ko'maklashadi – Reshford mavsumni o'ta passiv o'tkazdi, shu sababli u hattoki terma jamoaning Evro-2024 uchun qaydnomasiga kirolmadi.
Himoyadagi muammolar MYUni doim qiynab kelgan
Ushbu mavsum o'tkazib yuborilgan gollar soni bo'yicha MYUning eng yomon mavsumi sifatida tarixda qoldi. Himoyadagi muammolar jamoani ilk o'yinlardanoq taqib qilib keldi – avvaliga Onana tez-tez g'alati harakatlar qilib turdi, keyin esa himoyachilarning jarohatlari va individual xatolar ko'payib ketdi. "Brayton" bilan bahs mart oyi boshidan buyon birinchi "quruq" o'yin bo'ldi. Mankunianlar bungacha 11 o'yinda 25 ta gol o'tkazib yuborishgandi. "Siti" bilan o'zaro uchrashuvlarda ham doim muammolar bo'lgan – jamoa oldingi 7 uchrashuvda o'z darvozasidan 21 ta to'p olib chiqqan.
Uchrashuvlar statistikasi
"Manchester Siti" va "Manchester Yunayted" o'zaro 193 marta to'qnash kelishgan. "SHaharliklar" hisobida 61 ta, "Manchester Yunayted"da 79 ta g'alaba bor. Yana 53 ta bahsda durang qayd etilgan. APLning so'nggi mavsumida "Manchester Siti" qo'shnilarini ikki bor mag'lubiyatga uchratdi – 3:0 va 3:1. Etiborlisi, bu jamoalar o'tgan yilgi Angliya Kubogi finalida to'qnash kelishgan. O'sha bahsda "Siti" Gyundoganning dubli evaziga 2:1 hisobida zafar quchgan.
Taxminiy tarkiblar
"Manchester Siti": Ortega – Uoker, Akanji, Diash, Gvardiol – Kovachich, Rodri – Foden, De Bryuyne, Silva – Holand
"Manchester Yunayted": Onana – Dalot, Martines, Varan, Uan-Bissaka – Maynu, Kazemiro – Garnacho, Fernandesh, Diallo – Xoylund
Murabbiylar fikri
Erik ten Hag bo'lajak to'qnashuv oldidan MYU o'tgan yilgi finalda Gvardiola jamoasidan kuchliroq ko'ringani va bugungi finalda nimalarga etibor qaratish kerakligi haqida gapirdi.
"Agar o'tgan yilgi final uchrashuvini (1:2 – tahr.) tahlil qilsak, biz "Siti"dan kuchliroq edik. Menda malumotlar bor – biz to'pga egalik qilishdan tashqari deyarli barcha jihatlar bo'yicha ulardan yaxshiroq edik. Qolgan barcha ko'rsatkichlar – yakuniy uchinchi qismga kirish, imkoniyat yaratish, zarba berish, eng yaxshi xG bobida ulardan ustun bo'lganmiz.
Bilamizki, bu o'yinda chidashimiz va to'pga egalik qilishni qurbon qilishimiz kerak, chunki raqiblar buni yaxshi uddalashadi, bu jangga yaxshi tashkil etilgan himoya bilan kirishishimiz kerak. Agar bu ish bersa, bizda imkoniyat bo'ladi. "Siti" juda yuqori saviyada o'ynaydi.
MYU final oldidan kuchli motivaciyaga ega. Agar g'alaba qozonsak, butunlay boshqacha munosabat bo'ladi, chunki biz evrokuboklarga yo'l olamiz va yana birni sovrin yutamiz", – dedi tan Hag.
"Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola Angliya Kubogi finali oldidan "Manchester Yunayted" haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
"Biz "Yunayted"ni juda hurmat qilamiz va har doim shunday bo'lgan.
So'nggi 10 yil ichida ulardan kuchliroqmiz, biroq ular Angliya tarixidagi eng yaxshi jamoa. SHunday ekan, ular katta hurmatga loyiqdir", – dedi Gvardiola.
"Siti" hamda "Yunayted" o'rtasidagi final Londondagi "Uembli" stadionida Toshkent vaqti bilan 19:00 da start oladi.
SHerzod Nurmatov
Fikrlar