U-23 Osiyo Kubogi davom etadi: bugun finalchilar aniqlanadi
20 jan 11:23
Yangiliklar
U-23 Osiyo Kubogi davom etadi: bugun finalchilar aniqlanadi
20 yanvar. 16:30
YAPONIYA - JANUBIY KOREYA
Jidda. King Abdullah Sports City Hall Stadium
Yaponiya U-23 terma jamoasi ushbu musobaqada qatorasiga to'rtta o'yinda g'alaba qozondi. Kunchiqar yurt vakillari guruhda Suriyani 5:0, BAA 3:0, Qatarni 2:0 hisobida mag'lub etib, 100 foizli natija ko'rsatishdi. Qizig'i, yaponlar bironta gol o'tkazishmadi. Keyinchalik chorak final o'yinida Iordaniyaga qarshi maydonga tushgan Yaponiya 1:1 hisobini qayd etdi va penaltilar seriyasida 4:2 hisobida zafar quchib, yarim finalga etib keldi.
Janubiy Koreya U-23 terma jamoasi bilasiz, biz bilan bitta guruhda edi. Biz guruhda ularni 2:0 hisobida yutdik, lekin chorak finalda omadimiz kelmadi. Xitoy bilan kechgan o'yinning penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berdik. Koreyaliklar esa chorak finalni Avstraliyaga qarshi o'tkazib, 2:1 hisobida zafar quchishdi.

O'yindan oldingi fikrlar
Go Oiva (Yaponiya U-23 bosh murabbiyi): - Biz musobaqaga yaxshi hozirlik ko'rgandik, shu bois ham hozir yarim finalda o'ynaymiz. Guruh bosqichini ajoyib tarzda o'tkazdik, buyog'iga ham bor kuch bilan harakat qilamiz. Iordaniyaga qarshi chorak final uchrashuvi qiyin kechdi, raqib jismonan baquvvat ekan. Lekin baribir o'zimizni ko'rsata oldik. Yarim finalda yana bir kuchli jamoaga qarshi o'ynaymiz. Agar yaxshi himoyalansak, hujumda albatta omadimiz keladi deb o'ylayman.

Li Kyung Su (Janubiy Koreya U-23 yordamchi murabbiyi): - Raqibni yaxshi o'rgandik, ularning Iordaniyaga qarshi o'yinini kuzatib chiqdik. Iordaniya bu bahsda 10ta golli vaziyat yaratdi, demak biz ham buning uddasidan chiqa olamiz. Yaponiya hali mag'lub bo'lgani yo'q, bu esa ularning kuchidan darak beradi. Agar ko'proq pressing uyushtirib, qarshi hujumlarda yaxshi harakat qilsak o'z maqsadimizga erishamiz deb o'ylayman.

Qiziqarli malumotlar
- Bu har ikki jamoa o'rtasidagi U-23 Osiyo chempionatida o'zaro to'rtinchi to'qnashuv bo'ladi. Dastlabki ikki bahs Yaponiya ustunligida kechgan (2016 va 2022 yilgi chorak finallar), Janubiy Koreya esa faqat guruh o'yinida g'alaba qozongan (2024).
- Jamoalar o'zaro o'yinida ko'p gol kiritilmagan, har ikki jamoa o'ta ehtiyotkorlik bilan o'ynagan. Lekin avvalgi uchta bellashuvda Yaponiya raqib darvozasiga 17 ta, Janubiy Koreya esa 26 ta zarba yo'llagan.

- Yaponiya U-23 futbolchilari Shusuke Furuya va Ryunosuke Sato hisobida hozircha 3 tadan gol bor.
- Eng ko'p to'p uzatish bo'yicha ko'rsatkich Janubiy Koreya U-23 terma jamoasida bo'lib turibdi: Shin Min Xa 290, Li Xyun Yong 289, Min Xa 313 marta pas berishni amalga oshirgan.
20 yanvar. 20:30
VETNAM - XITOY
Jidda. Prince Abdullah Al Faisal Sports City Stadium
Chorak finalda O'zbekiston yoshlar termasini mag'lub etgan Xitoy bugun yarim finalda Vetnam bilan bahs olib boradi. Darvoqe Xitoy terma jamoasi o'z tarixida birinchi bor U-23 Osiyo chempionati yarim finalida o'ynaydi.
Shu o'rinda Vetnam yoshlar terma jamoasiga ham qoyil qolsa arziydi. Ular xuddi Yaponiya kabi barcha o'yinlarda g'alaba qozonib kelmoqda. Guruh uchrashuvlarida Vetnam Iordaniyani 2:0, Qirg'izistonni 2:1 va Saudiya Arabistonini 1:0 hisobida mag'lub etib, chorak finalda BAAni chiqarib yubrdi. Bu o'yin 3:2 hisobida yakun topdi.
Xitoy esa guruhda Iroq bilan 0:0 o'ynab, Avstraliyani 1:0 hisobida mag'lub etdi va oxirgi turda Tailand bilan yana 0:0 o'ynadi. Undan keyin chorak finalda 120 daqiqa kechgan bellashuvda biz bilan ham 0:0 o'ynadi. Etibor beryapsizmi, Xitoy musobaqa boshidan hali gol o'tkazgani yo'q. Ularning darvozaboni har o'yinda "Buffon rejimi"ni yoqib kelyapti.

O'yindan oldin fikrlar
Kim Sang Sik (Vetnam U-23 bosh murabbiyi): - Biz yarim finalga chiqqanimizdan va Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy kabi jamoalar qatorida turganimizdan xursandmiz. Birinchi o'yindan hozirgacha to'rtta uchrashuv o'tkazgan bo'lsak, futbolchilar ancha qiyinchilikka duch keldi. Lekin har doim vaziyatdan chiqib ketyapmiz va shuning uchun yarim finaldamiz. Bu Vetnam futboli uchun yangi bosqich. Xitoyga qarshi bahs oson kechmaydi. Ularning darvozaboni Li Xao juda chiroyli o'yin namoyish etyapti. Biz ham yaxshi tayyorgarlikka egamiz deb o'ylayman.

Antonio Puche (Xitoy U-23 bosh murabbiyi): - O'tgan bosqichda 2018 yilgi musobaqa chempionlari bilan o'ynadik. Endi esa yarim finalda yana bir kuchli jamoaga qarshi maydonga tushamiz. Bu turnir men uchun ham, jamoamiz uchun ham ajoyib tajriba bo'lyapti. Biz o'yindan o'yinga maqsad qo'yib bormoqdamiz. Yarim finalga qadar etib kelish katta ish deb o'ylayman. Vetnamni yaxshi bilamiz, ular bilan 2-3 marta o'ynaganmiz. Qiyin bahs kutmoqda, lekin biz jangga tayyormiz.

Qiziqarli malumotlar
- Bu U-23 Osiyo chempionati tarixida Vetnam va Xitoy terma jamoalarining ilk to'qnashuvi bo'ladi.
- Xitoy U-23 ushbu musobaqada 3 ta uchrashuvda gol o'tkazmadi.

- Vetnam U-23 uchta o'yinning asosiy vaqtida durang qayd etdi. Chorak finaldagi g'alaba esa ekstra taymda qo'lga kiritildi.
- Xitoy U-23 darvozaboni Li Xao hozircha to'rtta uchrashuvda 24 ta seyv amalga oshirdi. Bu esa darvozabonlar orasida eng yaxshi ko'rsatkich bo'lib turibdi.
Xayrulla Xoliqov
O’xshash yangiliklar
championat.asia
Ўзбекистон терма жамоаси Хитой билан жанговар дуранг қайд этди
Суперлиганинг янги мавсумига қуръа ташлаш маросими бўлиб ўтди (тўлиқ тақвим)
Хитой компанияси "Истиқлол" стадионини реконструкция қилиш ва кенгайтириш бўйича лойиҳа таклиф этди
Туркманистон терма жамоаси футболчиси "Арал"га ўтди
Fikrlar