U-20 JCH. O'zbekiston Nematjonovning dubli evaziga Gvatemalani mag'lub etib, 2-o'rin bilan nimchorak finalga yo'l oldi!
27 may 2023 04:00
Yangiliklar
U-20 JCH. O'zbekiston Nematjonovning dubli evaziga Gvatemalani mag'lub etib, 2-o'rin bilan nimchorak finalga yo'l oldi!
O'zbekiston U20 - Gvatemala U20 2:0
Gol: 1:0 — 9, SHahzod Nematjonov, 2:0 — 21, SHahzod Nematjonov.
O'zbekiston U20: 12.Asrorbek Kenjaev, 3.Abduqodir Husanov, 4.Abubakir Ashurov, 6.Jahongir O'rozov, 8.Behruzbek Asqarov (15.Diyorbek Ortiqboev, 65), 9.SHahzod Nematjonov (17.Nodirbek Abdurazzoqov, 71), 10.Umarali Rahmonaliev, 11.SHerzod Esanov, 13.Zafarmurod Abdirahmatov (2.Izzatillo Po'latov, 82), 14.Abbos Fayzullaev (7.Po'latxo'ja Xoldorxonov, 46), 20.Mahmudjon Mahamadjonov (18.Saidafzalxon Ahrorov, 65)
Zaxira: 1.Edem Nemanov, 21.Otabek Boymurodov, 16.SHahzod Rahmatullaev, 19.SHahzod Akramov, 5.Rustam Turdimurodov.
Gvatemala U-20: 12.Xorxe Moreno, 2.Rendall Korado, 5.Arian Recinos, 7.Daniel Kardoza, 8.Nestor Kabrera, 9.Jeffri Battes, 10.Arximides Ordones (19.Anderson Villagran, 46), 14.Jonatan Franko, 16.Ieshua Urizar, 18.Eddi Palensiya (11.Rudi Munos, 65), 20.Figu Motano
Zaxira: 1.Fausto Delgado, 21.Deyvid Aldana, 3.Emerson Raymundo, 4.Matius Gaitan, 13.Allan Xuares, 15.Endi Dominges, 17.Xose Espinosa, 6.Karlos Santos
Ogohlantirish: Behruzbek Asqarov (5), Umarali Rahmonaliev (39), SHerzod Esanov (58), Ieshua Urizar (75), Po'latxo'ja Xoldorxonov (90+2)
MATNLI TRANSLYACIYA
Uchrashuv yakunlandi! O'zbekiston nimchorak finalda!
90+3. Yon hakam ham televizorda ko'rinish beradigan bo'ldi. Biz esa burchak zarbasini amalga oshirayotgan futbolchimizga qaraymiz.
90+2. Xoldorxonov o'zi uchun ortiqcha bo'lgan ogohlantirishni qabul qilib oldi.
90. Ikkinchi bo'limga 9 daqiqa qo'shib berildi.
87. Mehmonlarda darvozabon almashtirildi.
Afsuski, gol inobatga olinmadi. Ortiqboev ofsaydda qolgan ekan.
81. GOOOOOOOOOOOOOOOOOLLLLLLLLLLLLLLL!!! Nodirbek Abdurazzoqov hisobni yirik ko'rinishga keltirdi! Barakalla!
78. Terma jamoamizdan ajoyib kombinaciya, ammo Rahmonalievning zarbasi himoyachilarga tegib qaytdi.
15357 nafar tomoshabin bugungi uchrashuvga tashrif buyuribdi.
75. Urizar yillar o'tgach, nabiralariga O'zbekistonga qarshi o'yinda sariq kartochka olganman deya maqtanib yuradigan bo'ldi. Muhimi, futbolchimizga shikast etmagan bo'lsa bo'lgani.
74. To'rtburchak maydonning uchburchak qismidan standart amalga oshiriladi.
73. Abdurazzoqov o'yinga tushgach, aktivlikni boshlab yubordi. Uning zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi.
71. Nodirbek Abdurazzoqov maydonga tushmoqda. Bugungi o'yin qahramoniga esa dam berilmoqda.
65. Terma jamoamiz tarkibida ikki o'zgarish: Behruzbek Asqarov va Mahmudjon Mahamadjonov o'rniga Diyorbek Ortiqboev hamda Saidafzalxon Ahrorov maydonga tushirildi.
Qiyinchiliklar yugurib ketayotgan otni jilovlashga o'xshaydi. Otga minib ololsangiz, qolgani ixtiyoringizda.Pley-off yo'llanmasi ham o'zimizning qo'limizda va bunga yaqinmiz.
58. Esanov ogohlantirildi. Ko'p kartochka olish kelgusida zararimizga ishlashi mumkin.
57. Autdan to'p o'yinga kiritilmoqda. Koptok havoda uchayotgan payt o'yinga oid statistikani qidirishga harakat qilib ko'raman.
54. Kenjaev ham maydonda ekan. Anchadan beri uni ko'rmagandik.
50. Mehmonlar depressing deb nomlangan yangi pressing usulida o'ynamoqda.
46. Ikkinchi bo'limga start berildi.
Ikkala jamoa tarkibida ham o'zgarish: Ravshan Haydarov Abbos Fayzullaevni keyingi o'yinga asrashga qaror qildi. Uning o'rniga Po'latxo'ja Xoldorxonovni maydonga tushirdi. Po'latxo'ja ham bugun gollari bilan muxlislari bilan xursand qilishiga ishonamiz. SHuningdek, raqib jamoada Anderson Villagran Arximides Ordonesni almashtirdi.
Birinchi bo'limni ajoyib kayfiyatda yakunladik. Ikkinchi bo'limda ham gollarimiz sonini sanay olmay qolaylik.
45+1. Mahamadjonov!!! Endi uchinchi golni nishonlashga tayyorgarlik ko'rayotgandim. Nima bo'lgandayam, ajoyib.
45. Birinchi bo'limga 4 daqiqa qo'shib berildi.
42. Abbosbek Fayzullaev chap qanotda o'yinni boshlagandi. SHyin davomida uni markazdayam, o'ng qanotdayam ko'ryapmiz. Universal.
41. Kenjaev qo'ynidagi to'p bilan yonidagi raqibiga qarab "Yugurganniki emas, buyurganniki" deb qo'ydi. Posbonimiz ham bugun ishonchli harakat qilmoqda.
39. Rahmonaliev ogohlantirildi. U keyingi o'yinni o'tkazib yuboradi.
Ravshan Haydarovning bugungi "sehrli tayoqchasi"
35. Himoyachilarimiz raqib hujumini bartaraf etishdi. Ularning ota-onasi, qarindoshlari, kimki tanishi bo'lsa, hammasiga rahmat. Tug'ilgan kunimdayam bunchalik quvonmagandim.
Avvalgi ikki turdagi maqtovlarimni ushbu o'yinga asrab qo'ygandim. Olg'a, shovvozlar, azamatlar, bahodirlar, yana qanday sifatlar bor edi, barchasi yarashaveradi bugun.
30. Rahmonaliev uchrashuvga nuqta qo'yib qo'yishi mumkin edi, ammo so'nggi pallada raqib himoyachilari to'pga ulgurdi.
21. Gol inobatga olindi! SHahzod Nematjonov — Gvatemala 2:0!
21. Nematjonovning dublga erishishiga 11 nafar raqib futbolchisi qarshilik qilolmagandi, birgina hakamning qarshiligi bilan gol bekor bo'ldi.
18. To'pni tepib yuborar ekansan, Abdirahmatovning belida nima ayb?
Argentina ham baxtimizga gol urdi. Demak, ayni damda 2-o'rindamiz.
15. Figu ismiga mos zarba yo'llay olmadi.
12. Rahmonaliev maydonga yiqilgan raqibiga qarab, "Dovdirama, men bu erdaman" deya ishora qildi.
9. GOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOOLLLLLLLLLLLLLLLL!!! Nematjonov!!! To'satdan yuzaga kelgan xursandchiligim qimmatga tushishi mumkin edi. Axir yangi noutbuk arzon turmaydi.
8. Abduqodir Husanov! Aytgancha, "Real Madrid" himoyachi qidirib yurganmidi?
5. Hakam Asqarovga yuzlanib, qo'lidagi kartochkasi bilan Ozodlik haykaliga taqlidini namoyish etdi.
4. Hakam hushtagini shunday chaldiki, hushtak buzilib qoldi.
2. Mehmonlar sal cho'chitmoqchi bo'ldi. Hammasi joyida. Bizda Maguayr yo'q.
1. Hash-pash deguncha, uchrashuv boshlanib, dastlabki daqiqa ham o'tib bo'ldi. Ammo hisob haliyam 0:0.
Har ikki mamlakat madhiyalari ijro etildi. Jamoalar o'yinga tayyor. Siz ham tayyormisiz? Yostiqni o'zingizdan nari qo'ying, aks holda, u sizni aldaydi.
Jamoalar maydonga tushib kelishdi. Bugun yurtdoshlarimiz oq, gvatemalaliklar esa to'q ko'k rangli liboslarda harakat qilishadi.
Bugungi o'ziga xos shaxmat o'yinida Ravshan Haydarov farzindan ko'ra ruh va otlar bilan yurishga otlanishni afzal ko'rdi. Ko'ramiz, bu qanchalik o'zini oqlarkan.
Jamoalar kiyinish xonasiga yo'l olishdi. Stadionni cho'miltirishmoqda.
Maydondagi darvozabon joylashgan nuqta birinchi o'yindan (Ekvador — Fiji) keyinoq sartaroshga ishi tushmaydigan kimsaning holatiga o'xshab bormoqda.
Ushbu jahon chempionatida ikkita ajoyib jamoa ishtirok etmoqda — O'zbekiston va O'zbekistonga muxlislik qilayotgan xalqimiz.
Mazkur uchrashuv bilan bir vaqtda guruhning ikkinchi juftligi — Argentina va Yangi Zelandiya o'zaro bellashadi. Ushbu uchrashuv ham biz uchun qay darajada muhim ekanligi barchangizga malum. Biroq meni boshqa narsa qiziqtirmoqda: Argentina moviy-oq libosda o'ynaydimi yoki oq-moviy?
Yoshlarimiz chigalyozdi mashg'ulotlarni boshlab yubordi. Raqib jamoa esa stadionga chiqish yo'lagini qidirmoqda.
O'zbekistonliklarni raqiblari yoqtirmaydi. CHunki futbolchilarimiz yaxshi o'yin namoyish etishadi. Bugun g'alaba qozonish uchun raqibdan bitta ko'p gol urish lozim. Biz 90 va hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqalarda o'zimiz xohlagan natijaga erishadigan o'yin namoyish etsak bo'lgani. Qolgan daqiqalar raqibga sovg'a.
Bugungi matnli translyaciyada yumorni hazm qilolmaydiganlarni kuldirib qo'yishdan qo'rqaman. Bunday paytda og'ziga kelgan kommentni bosishdan ko'ra televizor pultining qizil tugmasini bosish yaxshiroq variant.
Assalomu alaykum, ertaga ishga kech qolishi mumkinligini bila turib, shokoloddan shirinroq uyqusidan voz kechgan qadrli futbol ishqibozlari! Bugun barchamiz uchun muhim o'yin guvohiga aylanamiz. SHu bois, uchrashuvni yaxshi kayfiyatda o'tkazishga harakat qilamiz. SHifokor asabiylashish mumkin emas, deb aytgan. Santyago del Estero shahridagi stadionda tomoshabin etarlicha. Mamlakatda bayram munosabati bilan dam olish kuni bo'lishiga qaramay, ko'pchilik dam olgani kelgan. Majburlashayapti, majburlashayapti, deysizlar. Argentinada ham maktab o'quvchilari bellashuvlarni tomosha qilishmoqda.
Fikrlar