Tezlik olamiz... 1,2,3,4,5,6,7 – ketti!
10 mar 2015 13:36
Yangiliklar


Tezlik olamiz... 1,2,3,4,5,6,7 – ketti!
Bizning ish esa oliy ligani dahshat qilib yoritib berish. Saytimiz allaqachon o'zbek futbolining markaziga aylanib bo'ldi. Asosiy maqsad ham aslida shu edi. Xorij futboli o'z yo'liga, qora bo'lsa, ham qo'ng'izimiz bor va u biz uchun hammadan ham oppoq.
Oliy ligaga saytimiz xodimlari jiddiy tayyorgarlik ko'ryaptilar. Bu erda FIFA.uz allaqachon ishga tushib ulgurdi. Birinchi turga ikki kun qolgan bir paytda deyarli barcha jamoalarimiz o'z tarkiblarini to'liq aniqlab bo'lganlar. Bundan buyog'iga katta transferlarni kutmaymiz. Yuqoridagi to'rt jamoa allaqachon OCHL zayavkasidan o'tishdi.
Keling, jamoalar ko'rgan tayyorgarlik va transfer bozoridagi ishtirokidan kelib chiqib, ularning oliy liga - 2015dagi imkoniyatlarini chamalab chiqamiz. Avvaliga kelishib olaylik. Yil boshida PFLda scenariy yozib bo'lingan degan fisqu-fasodni yig'ishtiraylik. Istasangiz, 2014 yil boshidagi “koment”lar arxivini ko'rsataman. 99% foydalanuvchi “Lokomotiv” chempion, “Bunyodkor” kumush, “Paxtakor”ga bronzani olib bergandi. Amalda nima bo'ldi? “Bunyodkor” uchlikka ham kira olmagan bo'lsa, “Paxtakor” poytaxt derbisida “Lokomotiv”ni mag'lubiyatga uchratib chempionlikni qo'lga kiritdi. “Nasaf” esa bronzani oldi. To'g'rimi, gar shunday ekan, kerak emas, saytda urush-janjal chiqarib asabga tegish. CHempionlik shunday narsa-ki, unga jamoa o'zi erishmasa birov yordam bera olmaydi. Demak, sizlar bilan kelishib olgan holda tahlilni davom ettiramiz.
CHEMPIONLIK UCHUN KIMLAR KURASHADI?
SHubhasiz, “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Nasaf” va “Bunyodkor”. Ayni paytda ularning barida bir xil imkoniyat bor. “Paxtakor” va “Nasaf”ning yutug'i 3 yildan ortiq bir tarkibda harakat qilishyapti. Bu jamoa futbolchilari bir-birlarini bir qarashda tushunadilar. Lekin bu ikki jamoada moliyaviy muammo bo'lishi mumkin. Masalan, “Paxtakor” ancha yildan beri amal-taqal qilib mavsumni yakunlayapti. Klub stabil homiyga ega emas.
“Bunyodkor”ning ham chempionlik poygasida imkoniyati yo'q emas. Jamoa o'tgan yil tarkibini “tozalab” oldi va bir qator yoshlarga joy berdi. Bu yil jamoa 2014 yilgidan ko'ra yaxshiroq o'ynashi mumkin. Lekin asosiy tarkibdan joy olayotgan futbolchilarning aksariyati may oyi so'nggida boshlanadigan yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatiga ketadi. Bu esa Sergey Lushanga ortiqcha muammo tug'dirishi mumkin. “Lokomotiv” ham chempionlik uchun kurash olib boradi. Ularda ham hammasi joyida, faqat tarkibni yangiligi biroz pand berishi mumkin. Qolgan hammasi joyida.
Ko'rib turganingizdek, to'rtta jamoaning ham plyus va minuslari bor. SHuning uchun ham chempionlik uchun kurash bu yil avvalgilaridan ko'ra qiziqroq bo'ladi.
OCHL UCHUN KIM KURASHADI?
Yuqoridagi to'rt jamoa ichiga ikki klubni qo'shishimiz mumkin. Bu “Olmaliq” va “Neftchi”. Igor SHkvirin bu borada juda zo'r selekciya qildi. Salomov va Murzoev O'zbekiston chempionatining saviyasidan kelib chiqsak, juda yaxshi xarid. Abdumo'minov ham chakki emas. Jamoa bosh homiysi klub oldiga OCHL yo'llanmasini qo'lga kiritishni vazifa etib qo'ydi. Buni “Olmaliq” chempionatda to'rtlikka kirish bilan bajaradimi yoki kubokni yutib, bu endi SHkvirinning ishi. Yana bir jamoa bu - “Neftchi”. Murod Ismoilovning Farg'onada ish boshlaganiga ham oz emas, ko'p emas ikki yildan oshdi. 3 mavsum har qanday murabbiy uchun “qaymog'i” bo'ladi. Qolaversa, jamoa Turkiyada bo'lib o'tgan yig'in chog'ida ham yomon o'ynamadi. Kurashuvchilar qatoriga “Mashal”ni ham qo'shgan bo'lardim, ammo jamoa ertangi kunini sotib yubordi. SHomurodov, SHoyqulov, SHukurov kechagi “Paxtakor”, bugungi “Bunyodkor” kabi jamoani yangi bosqichga olib chiqishi mumkin bo'lgan futbolchilar edi. Undan tashqari Jahongir Abdumo'minov ham klubni tark etdi.
OLTILIK UCHUN KIM KURASH OLIB BORADI?
“Mashal”, “Navbahor”, “Metallurg”, “Qizilqum”, “Buxoro” va “SHo'rtan” jamoalari mavsumni oltinchi o'rinda yakunlashga harakat qiladilar. Ammo bu degani, hech kim 10-o'rinni olmaydi degani emas. Demoqchi bo'lganim, 6-12 o'rinlar aynan mana shu jamoalardan tashkil topadi. Bu borada “Mashal” va “Navbahor”ning imkoniyati yuqori. Bazi yo'qotishlarni inobatga olmasa, “Mashal”ning o'yinida aytarli o'zgarish bo'lmaydi. “Navbahor” esa moliyaviy holatini o'nglab olsa bo'lgani. “Metallurg”ga esa qiyin bo'ladi. Jamoada endi Mamur Ikromov yo'q. Bu raqiblarga ustunlik beradi. “Buxoro” katta niyat qilayotgan bo'lsa-da, jamoa yangidan tashkil topgani muhim pallada pand berib qolishi mumkin. “Buxoro”ga biron yil imkon berish kerak. “Qizilqum” esa deyarli tarkibni saqlab qoldi. “SHo'rtan”ning ham tarkibi mazkur o'rinlar uchun kurashish imkonini beradi.
OLIY LIGADA QOLISH UCHUN KIM KURASHADI?
Muxlislarga har qancha og'ir botmasin,bu - “Dinamo”, “Qo'qon-1912”, “Andijon” va “So'g'diyona”. Mazkur ro'yxatda o'z klubini ko'rayotgan murabbiy va rahbarlar ham achchiq qilmang. Ko'zni katta oching, bu oliy liga. “Dinamo”ning qarzi kun sayin oshib boryapti. “So'g'diyona”ning ham moliyaviy holati yaxshi emas. “Andijon”da esa tarkib muammosi mavjud, katta ehtimol bilan jamoa bosh murabbiyining ish uslubi allaqachon oliy ligamiz talabiga javob bermaydi. Aniqroq qilib aytganda, juda ham ko'p narsa talab qiladi. “Qo'qon-1912” esa oliy ligada raqiblarga bosim beradigan nomga ega emas, hozircha! Undan tashqari jamoa tarkibi deyarli o'zgarmadi. Bunday tarkib bilan oliy ligada ishtirok etish juda qiyin.
Lekin bu jamoa muxislari ortiqcha xafa bo'lmasalar ham bo'ladi. Bor-yo'g'i bitta jamoa quyi ligaga tushib ketadi. 15-jamoa esa birinchi ligada ikkinchi o'rinni qo'lga kiritgan jamoa bilan qolish uchun bahs olib boradi. Birinchi ligada esa, ikkinchi o'rinni qo'lga kiritishi mumkin bo'lgan klubning o'zini ko'rmayapmiz hozircha.
Hozircha shular, sizlardan bitta iltimos. O'z jamoangiz ishtirokida bo'lmagan o'yinlarda janjalga sabab bo'luvchi komentlarni qoldirmang. Agar jamoangiz g'alaba qozonsa, shunchaki quvoning. Mag'lubiyatga uchrasa, so'kinmang. Bilasiz, saytimizning qonun-qoidasi juda ham jiddiy va ogohlantirmasdan band qilib qo'yishimizni barcha biladi. Ahillikka nima etsin? “CA” - bir oila, imkon qadar fikrlarda savollaringizga javob beramiz. Imkon qadar sizlar bilan birgamiz. SHunday ekan, biz bir oila ekanmiz, biz aka-uka ekanmiz (oramizda qizlar ham bor), bir-birimizga hurmatni saqlaylik. Biz sizlar uchun ishlayapmizmi, demak, siz biz uchun inoq bo'ling!
Nodirxo'ja Yuldashev.

Fikrlar