Temurxo'ja Abduxoliqov: “Xorvatiyada kelishilgan o'yinlarning isi ham yo'q”
01 apr 2014 20:19
Yangiliklar
Temurxo'ja Abduxoliqov: “Xorvatiyada kelishilgan o'yinlarning isi ham yo'q”
- Temurxo'ja, avvalo, ilk gol bilan tabriklaymiz. Umuman, o'yindan qanday taassurotlar oldingiz?
- Tabrik uchun rahmat. Eng muhimi, gollarim hisobini ochib oldim. O'yinning o'ziga kelsak, qiyin kechdi, deya olmayman. O'rtamiyona klubga qarshi maydonga tushdik. Zadar futbolchilari jiddiy qarshilik ko'rsatishmadi. Muhimi, navbatdagi 3 ochkoni qo'lga kiritdik.
- O'z golingizni qanday nishonladingiz? Odatdagidekmi yoki...?
- Juda oddiy. Ortiqcha ehtiroslarga berilmadim. Jamoadoshlarim tabriklashdi. O'yindan keyin bosh murabbiy ham xursand ekanligini aytdi. Menga shuning o'zi etadi.
- Hal qiluvchi o'yinlarning birida peshqadam Zagrebning Dinamo klubiga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdinglar. O'sha uchrashuvda raqib haqiqatdan ham, kuchli edimi yoki mag'lubiyatga o'zinglar zamin yaratib berdinglar?
- Eng alamlisi, o'z maydonimizda mag'lubiyatga uchradik. CHempionlik uchun kurashda asosiy raqibdan engilish juda og'ir. Dinamo Xorvatiya futbolining bayroqdori hisoblanadi. Boshqa klublarga qaraganda, sezilarli darajada kuchli. Lekin engilmas, deb bo'lmaydi. O'sha kuni o'yinimiz umuman qovushmadi. Na himoya va na hujumda muvaffaqiyatga erishdik. O'z aybimiz bilan raqibga 3 ochkoni taqdim etdik. Zagrebliklar birinchi golni penaltidan urishdi. Ikkinchisini esa, so'nggi daqiqalarda o'tkazib yubordik. Tavakkal qilib, yoppasiga hujumga o'tib ketgan edik. Hatto darvozabonimiz ham stantdart vaziyatda raqib jarima maydonchasiga etib borgandi. Bu xatoni tajribali raqiblar kechirishmadi.
- Aynan ushbu mag'lubiyat jamoangizning chempionlik uchun kurashish imkoniyatini keskin kamaytirib yubordi. Endi bor etibor 2-o'rinni mustahkamlash uchun qaratiladimi?
- Maqsadimiz har bir o'yinda g'alaba qozonish. Lekin faqat xohish bilan ish bitmaydi. To'g'ri, chempionlik haqida o'ylash qiyin bo'lib qoldi. Ammo oxirigacha kurashamiz. Jamoa oldiga qo'yilgan asosiy vazifa - evrokuboklarga beriladigan yo'llanmalardan birini qo'lga kiritish.
- Avvalroq 2ta safar o'yinida ham 1:1 hisobida durang o'ynab, qimmatli ochkolarni boy berdinglar. Ularda g'alaba qozonish imkoniyati bormidi?
- Men safar o'yinlariga bormadim. Biroz betob bo'lib qolganim uchun Splitda qoldim. Buning natijasida 10 kun mashg'ulotlarda qatnasholmadim. Dinamoga qarshi kechgan bahsdagina maydonga qaytdim.
- Umuman, Xorvatiya chempionati qanday taassurot qoldiryapti? U erga borishdan avval qanday tasavvurga ega edingiz? Taxminlar o'zini oqladimi?
- Taassurotlar yaxshi. Oson o'yinning o'zi yo'q. Har bir uchrashuv so'nggi daqiqalarga qadar murosasiz kurashlar ostida o'tadi. Stadionga muxlislar ko'p kirishyapti. O'zbekiston chempionati bilan taqqoslaganda, plyus tomonlari etarli. Xorvatiya chempionatida futbol tezroq. Jismoniy tayyorgarlikka ham katta etibor qaratiladi. Keyin bu erda kelishilgan o'yinlar yo'q. Har holda, shu kungacha bunga guvoh bo'lmadim, zarracha isini ham sezmadim. Bir so'z bilan aytganda, Xorvatiya chempionati bizning oliy ligadan kuchli ekan.
- Mashg'ulotlarda farq sezdingizmi?
- Ha, farq bor. Tabir joiz bo'lsa, mashg'ulotlar o'yindan ham qiyin. Yaxshigina ter to'kishga to'g'ri kelyapti.
- Yangi muhitga moslashish qiyin kechmayaptimi?
- Rostini aytsam, qiyin kechdi. Betob bo'lib qolishim ham shundan dalolat beradi. O'ylaymanki, qiyinchiliklar ortda qoldi. Taomlar, odatlar o'zgacha. O'zimizning O'zbekistonga etmaydi. Musofirchilik ekan, chidaymiz, shu yo'lni o'zim tanladim.
- Klub bazasida yashayapsizmi yoki alohida uy berishdi?
- Alohida uy berishgan.
- Til masalasida muammo bo'lmasa kerak...
- Rus tilida gaplashyapman. Qolaversa, ozmi-ko'p ingliz tilini ham bilaman.
- Jamoada kimlar bilan yaqindan do'stlashib oldingiz?
- Gruziyalik Georgi Ilurudze bilan. Umuman, jamoada ahilmiz. Hech qanday muammo yo'q.
- Xayduk bosh murabbiyi Igor Tudor vaqtida mashhur futbolchi bo'lgan. U sizga qanday ko'rsatmalar beryapti? Sof hujumchi sifatida o'ynayapsizmi?
- Ha, sof hujumchiman. Zimmamga doimiy ravishda raqib jarima maydonida bosim uyushtirish yuklatilgan. Murabbiy raqib futbolchilarining erkin harakat qilishlariga imkoniyat qoldirmaslikni uqtiradi. SHaxsan o'zimga erkin harakat qilishim, eng muhimi, qo'rqmasligim kerakligini aytadi.
- O'zingizda o'zgarish sezdingizmi?
- Albatta. Evropa baribir, Evropada! Ishonch yanada oshdi.
- Hakamlik masalasi qanday ekan?
- SHu kungacha 5ta o'yinda maydonga tushgan bo'lsam, hali biror marta hakamlarga etiroz bildirilganini ko'rmadim. Nafaqat mezbon jamoa, balki mehmonlar tomonidan ham o'ta jiddiy etirozlar bo'lmadi.
- Sobiq jamoangiz Paxtakorning o'yinlarini kuzatib boryapsizmi?
- Bo'lmasam-chi? Internet orqali tur o'yinlaridan xabardor bo'lib turibman. Qolaversa, do'stlarim bilan telefonda gaplashaman. Ko'z tegmasin, Paxtakor dastlabki 3ta o'yinda 100 foizlik natijaga erishdi. Sobiq jamoamning bu yil chempion bo'lishini chin dildan istayman va do'stlarimga bu borada omad tilayman.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Fikrlar