So’nggi yangiliklar

00:49"Интер" Депайга таклиф юборди  0 00:22Дуглас Коста "Флуминенсе"ни тарк этди  2 23:45Куртуа — жирафа, Рюдигер — псих, Менди — генерал. "Реал Мадрид" футболчилари бир-бирларини қандай чақиришади?  3 23:28"Барселона" Фликни бош мураббий сифатида таништирди  3 23:01Ўзбекистонлик ўсмирлар Японияни тор-мор этди  7 22:44Париж-2024. Ўзбекистон ОТЖ легионери терма жамоа ихтиёрини вақтинчалик тарк этди  17 22:22Ўртоқлик ўйини. Бразилиялик футболчини кўрикдан ўтказаётган "Динамо" "Бунёдкор"ни мағлуб этди  6 22:05"Ювентус" ўз футболчисини "Борнмут"га 18 миллион еврога сотади  1 21:48"Реал" Кепа эвазига Лунинни "Челси"га қўйиб юборишга тайёр  2 21:31Гвардиола "Реал Мадрид" футболчилари "Олтин тўп"га фаворит эканлигини айтди  14 21:14Франциянинг 6 карра чемпиони профессионал клуб мақомидан маҳрум қилинди  5 20:57УEФА Евро-2024 ўйинларида мухлисларни ирқчилик ва камситувчи хатти-ҳаракатлари учун етти давлатни жаримага тортди  2 20:30Назорат учрашуви. Ўзбекистон U-21 терма жамоаси Суперлига клубига ютқазди  2 20:13Париж-2024. Рақиб футбол жамоаси машғулот майдонига дрон учирган мамлакат ходимлари турнирдан четлатилди  0 19:55Азмун БАА клубига ўтади  13

Temur Olimxo'jaev: "Osiyo chempionatiga munosib tarzda tayyorgarlik ko'rdik" Yangiliklar

Temur Olimxo'jaev: "Osiyo chempionatiga munosib tarzda tayyorgarlik ko'rdik"

Teglar :  Temur Olimxo'jaev
Kecha O'zbekiston o'smirlar (U-16) terma jamoasi Osiyo chempionatining final bosqichida ishtirok etish uchun Hindistonning Goa shahriga jo'nab ketdi.

Temur Olimxo'jaev shogirdlari Osiyo chempionatining final bosqichida Tailand, Yaman hamda KXDR terma jamoalariga qarshi bahs olib borishadi. Guruhda dastlabki ikki o'rinni egallagan jamoalar chorak final chiptasiga ega bo'lishadi. Yarim finalga etib kelgan to'rtta omadli terma esa jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritadi.

SHu kungacha o'smir va yoshlarimiz bu vazifani sharaf bilan uddalab kelishyapti. O'ylaymizki, shonli estafetani Olimxo'jaev jamoasi ham davom ettiradi. Zero, O'FF Terma jamoalar markazi boshqa yosh toifasidagi terma jamoalarimiz qatori o'smirlarimiz uchun Osiyo chempionatiga munosib tarzda tayyorgarlik ko'rish uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Markaz tomonidan bizga taqdim etilgan malumotga ko'ra, joriy yil boshidan to shu kungacha umumiy 60 kun mobaynida o'quv-mashg'ulot yig'ini tashkil etilgan. Jami 21ta o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazildi. SHulardan 13tasi xalqaro maqomdagi o'rtoqlik o'yinlaridir. Belarus, BAA, Slovakiyada xalqaro o'quv-mashg'ulot yig'ini va uning doirasida ushbu mamlakat o'smirlar terma jamoalari bilan o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazildi. Toshkentda Eron, Yaponiya, Ummon, Turkmaniston, Polsha terma jamoalari mehmon bo'lishdi.

Tabiiyki, bu terma jamoalar bilan ham o'yinlar tashkil etildi. Rejaga ko'ra, Osiyo chempionati boshlanishi arafasida, aniqrog'i, 11 sentyabr kuni bevosita Goa shahrining o'zida qita birinchiligining yana bir ishtirokchisi - Avstraliya terma jamoasi bilan ham o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazish bo'yicha kelishib olingan. Bundan tashqari, o'quv-mashg'ulot yig'inlari davomida selekciya jarayoniga ham jiddiy etibor qaratildi. Terma jamoa geografiyasiga nazar tashlasak, Toshkent shahri va Namangan viloyatidan 3, Andijon, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Buxoro viloyatlaridan 2, Farg'ona, Qashqadaryo, Jizzax hamda Toshkent viloyatlaridan bir nafardan futbolchi tarkibga jalb etilgan. Bu o'yinchilar yig'inlarda ishtirok etadigan emas, saralab olinib, bevosita Osiyo chempionatiga yo'l oladigan tarkib azolaridir. Umid qilamizki, natija chakki bo'lmaydi. Biz safar arafasida Temur Olimxo'jaev bilan uchrashib, murabbiydan intervyu oldik.


- Temur aka, tayyorgarliklar haqida gapirsangiz. Jamoamiz Osiyo chempionatiga qanday kayfiyatda yo'l olmoqda?

- Bevosita qita birinchiligiga tayyorgarlikni shu yilning fevral oyida boshladik. Martda Toshkentda yig'in va uning doirasida mini-turnir o'tkazdik. Unda BAA, Turkmaniston va Eron terma jamoalari ishtirok etishdi. O'sha turnir biz uchun juda ham foydali bo'lgandi. Xalqaro o'yinlar bahona tarkibga taklif etilgan yangi futbolchilarni sinovdan o'tkazib olgandik. Keyin poytaxtimizga Polsha o'smirlar terma jamoasi tashrif buyurdi. Evropa jamoasiga qarshi kechgan ikki o'rtoqlik uchrashuvining birida g'alaba qozonib, ikkinchisida yutqazdik. Lekin bo'ydor, jismoniy jihatdan baquvvat evropaliklarga qarshi kechgan o'yinlar bizning foydamizga xizmat qildi. Futbolchilarimiz o'ziga yarasha xalqaro tajribaga ega bo'lishdi. Qolaversa, juda yaxshi sharoitlarda BAAda yig'in o'tkazib qaytdik. U erda ham amirlik o'smirlar terma jamoasiga qarshi ikkita o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdik. Bitta o'yinda zafar quchib, ikkinchisida durang qayd etdik. Undan keyin Toshkentga Ummon terma jamoasi tashrif buyurdi. Ilk o'yinda 4:1 hisobida g'alaba qozondik. Ikkinchi bahsda hisob ochilmadi. Keyin Belarus va Slovakiyada xalqaro yig'inlarimiz tashkil etildi. U erda bu ikki mamlakat o'smirlar terma jamoalari bilan ham ikkitadan o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazildi. Slovakiyaga jo'nab ketish oldidan avgust oyida poytaxt viloyatining tog'li Dukent bazasida ikki haftalik o'quv-mashg'ulot yig'ini bo'lib o'tdi. Unda asosiy etiborni jismoniy tayyorgarlikka qaratdik. 3 sentyabr kuni Slovakiyadan qaytib keldik. Bu jamoa bilan ikkala o'yinda durang natija kuzatildi. Aynan Slovakiyaga qarshi kechgan o'yinlardan so'ng Osiyo chempionatiga boradigan tarkibni uzil-kesil aniqlab oldim. Slovakiyaga 18 nafar futbolchini olib borgandik. O'tkazilgan ikkita o'yinda ularning barchasiga maydonga tushish imkoniyatini yaratib berdik. Aytish mumkinki, ularning bari o'ynashga tayyorlar.

- Belarus, Polsha, Slovakiya kabi Evropa terma jamoalariga qarshi o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazildi. Ayting-chi, o'smirlarda Evropa va Osiyo futboli o'rtasidagi farq qanchalik ko'zga tashlandi?


- Bilasizmi, o'smirlar futbolida to'liq baho berish mushkul. CHunki bu paytda ularning saviyasi deyarli bir xil bo'ladi. Lekin baribir, kichik tafovut ko'zga tashlanib turadi. Birinchi galda jismoniy ko'rsatkichlarda. Evropalik futbolchilar gavda va bo'y jihatidan bizdan ustunlikka egalar. Buni tan olish kerak. Ayniqsa, Polsha terma jamoasi futbolchilarida bu yaqqol ko'zga tashlanib turdi. Lekin umumiy olganda, ulardan hech qanday kam joyimiz yo'q. Ustun tomonlarimiz esa bor. Buni natijalarimizga qarab ham bilib olish mumkin. Mehmonda o'ynashimizga qaramay, Evropa jamoalarini mag'lub etishning uddasidan chiqdik.

- Yutuqlar o'zimizniki. Lekin o'ziga yarasha kamchiliklarimiz ham bormi?


- Xavotirga o'rin bo'lmasligi kerak. Biz Osiyo chempionatiga munosib tarzda tayyorgarlik ko'rdik. Barcha sharoitlar yaratib berildi. Hozir kamchiliklar haqida gapirmoqchi emasman. Osiyo chempionatida qayd etadigan natijamizga qarab, bizning qay darajada tayyorgarlik ko'rganimiz oydinlashadi.

- CHiziqlar bo'yicha olib qarasak-chi?


- Bizning eng kuchli chizig'imiz - yarim himoya hisoblanadi. O'zi azaldan barcha terma jamoalarimizda ustun bo'lib kelgan.

- Hujum chizig'imiz-chi?


- Yomon emas. Oldinda bo'yi baland futbolchilarga egamiz.

- Terma jamoaga nomzod futbolchilar o'z klublarida o'yin amaliyotiga ega bo'lishdimi? Yil davomida ularning xatti-harakatlarini kuzatib bordingizmi?

- Futbolchilarimizning katta qismi shahar chempionatida to'p surishadi. Bir-ikki futbolchimiz Paxtakor jamoasining o'rinbosarlar tarkibida zaxiradan o'yinga qo'shilyaptilar. Bu yoshda kattalar jamoasida o'ynash biroz mushkul.

TERMA JAMOAMIZNING O'RTOQLIK O'YINLARI:
O'zbekiston - Yaponiya - 0:2
O'zbekiston - Eron - 2:1
O'zbekiston - Slovakiya - 1:1; 0:0
O'zbekiston - Turkmaniston - 5:1
O'zbekiston - Polsha - 1:2; 0:1
O'zbekiston - BAA - 1:0; 1:1
O'zbekiston - Belarus - 1:2; 1:2
O'zbekiston - Ummon - 4:1; 0:0



- Guruhdagi raqiblar haqida qanday fikrdasiz?

- Pley-offga chiqishimiz shart. Tailand termasiga qarshi bemalol o'ynasak bo'ladi. Yaman jamoasi bilan avval ham o'ynaganmiz. Bu raqib bilan muammoga duch kelmaymiz. Guruh g'olibligi uchun kurash esa KXDR termasi bilan bo'lib o'tadi. Bilasizmi, bu yoshdagi jamoa futbolchilariga to'laqonli baho berib bo'lmaydi. Ularni o'rganish ham qiyin. Deyarli kuchlari teng bo'ladi. Tarkibda yaqqol etakchi, o'yin tizginini qo'lga oladigan va vaziyatni butunlay o'zgartirib yuboradigan futbolchi topilmaydi. Keyin bu yoshdagilar hech qachon bir maromdagi futbol namoyish etishmaydi, funkcional o'zgarishlar ro'y beradi. Har bir futbolchiga alohida yondashuv bilan munosabatda bo'lishingiz kerak, ko'ngliga yo'l topa olish lozim. Osiyo chempionatiga 22 nafar futbolchi bilan jo'nab ketayotgan bo'lsak, ularning xarakteri har xil. Birining fel-atvori ikkinchisinikiga o'xshamaydi. Oilaviy holatidan xabardor bo'lib turamiz. Kayfiyati nega tushib ketgan, bularni ham nazorat qilib borishimiz kerak. O'qishlarini kuzatamiz. Qolaversa, bugun yaxshi o'ynaydigan futbolchi ertaga o'z o'yinini yo'qotib qo'yishi hech gap emas.

- Terma jamoada olib borilgan selekciya ishlaridan ko'nglingiz to'ldimi?


- Bizda asosiy selekciya ishlarini O'FF Terma jamoalar markazi qoshidagi selekciya bo'limi olib boradi. Har bir yosh toifasi uchun alohida mutaxassislar biriktirilgan. Ular viloyatlarda o'tkaziladigan musobaqalarni bevosita kuzatib borishadi. SHu turnirlarda o'zini ko'rsatgan yosh istedodlarni tavsiya qilishadi. Biz esa terma jamoaning o'quv-mashg'ulot yig'inlarida bu futbolchilarni ko'rikdan o'tkazamiz. O'zim ham ko'plab turnirlarni borib tomosha qilaman. Murabbiylar shtabidagi yordamchilarim bu borada ko'mak berishadi. Qolaversa, klublar bilan yaqin aloqalar o'rnatilgan. Mazkur masalada  Nasaf, Bunyodkor, Paxtakor ancha faol.

- Ko'p yillardan beri bolalar bilan ishlab kelyapsiz. Bugungi kun bolalar futboli haqida fikringiz qanday? Yana qanday islohotlarni amalga oshirish kerak?


- Futboldagi poydevor bu bolalar futboli hisoblanadi. O'ylashimcha, biz to'g'ri yo'ldan ketyapmiz. Bolalar futboli akademiyalarning faoliyati bilan bog'lanadi. SHuningdek, futbol maktablarida ham ishlar ijobiy tomonga o'zgarib boryapti. Futbolimizda baribir, o'sish bor. So'zim so'nggida bir narsani aytishim kerak: biz uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Endi bunga o'z natijamiz orqali javob berishimiz shart. O'ylaymanki, Hindistondan yaxshi kayfiyat va jahon chempionati yo'llanmasi bilan qaytib kelamiz.



Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика