Televideniedagi bir og'iz so'zi uchun ispan klubiga o'tolmagan, Pele bilan suratga tushgan, Afg'onistondagi urushga jo'natish bilan tahdid qilingan, to'qqiz yil institutda o'qigan Qosimov bilan katta intervyu
14 may 2022 03:30
Yangiliklar
Televideniedagi bir og'iz so'zi uchun ispan klubiga o'tolmagan, Pele bilan suratga tushgan, Afg'onistondagi urushga jo'natish bilan tahdid qilingan, to'qqiz yil institutda o'qigan Qosimov bilan katta intervyu
Sizni qachondir o'zbeklarning nahor oshiga taklif qilishganmi? Mirjalol Qosimov tufayli Toshkentdagi shunday go'zal marosimda ishtirok etishga muvaffaq bo'ldim. Darhaqiqat, O'zbekistonda palov ko'pincha ertalabgi besh va olti oralig'ida istemol qilinadi – mana shunday ekstremal vaqtda, jumladan, Toshkentning “Bunyodkor” klubida Qosimov qo'l ostida to'p tepgan taniqli braziliyalik Rivaldoni ham shunday dasturxonga qo'yarda-qo'ymay taklif qilishgan. Bu esa kishi rad eta olmaydigan taklifdir.
Nazarimda, bu taklif menga beqiyos insoniylik namunasi sifatida ko'rindi. Ertalabgi o'n birda 300 kishiga mo'ljallangan ulkan ziyofat zali faqatgina erkaklar uchun tashkil etilgan ekan. Agar asosiy to'y kuyov tarafda tashkil qilinsa (mehmonlar taklif qilingan holda), undan avvalgi nahor oshi Mirjalol Qo'shoqovich vakil bo'lgan kelin tomonida o'tkazildi. SHuning uchun u, mamlakatda katta hurmatga sazovor bo'lgan shaxs Moskvadan mehmon taklif qilish imkoniga ega bo'ldi.
O'n kishiga mo'ljallangan stollarda palov solingan idish-tovoqlarni oficiantlar mehmonlarga uzatdilar, keyin mehmonlarning eng kichigi ishga kirishdi - bu ham mahalliy anana. Qolaversa, tovoqdagi oxirgi guruch eyilmagunicha, birorta odam o'rnidan turmaydi. Aytgancha, palov juda mazali ekan.
1995 yilgi engilmas “Spartak-Alaniya”ning etakchi yarim himoyachisi, jamoaning asosiy yulduzlaridan biri, chempionlik mavsumida o'nta gol muallifi (12 gol bilan faqatgina Mixail Kavelashvili undan o'zib ketgan) keyinchalik O'zbekistonda etakchi murabbiylardan biriga aylandi – “Bunyodkor” bilan uch marta milliy chempionatda g'alaba qozondi hamda ikki bor Osiyo chempionlar ligasining yarim finaliga qadar etib bordi. Bu muvaffaqiyatlar ham uni zarracha o'zgartirmadi. Uning qadrdon do'sti va hamkasbi (nafaqat maydonda, balki murabbiylik sohasida ham), Toshkentda istiqomat qiladigan sobiq hujumchi Igor SHkvirinning takidlashicha, ularning munosabatlari avvalgiday samimiy va haqqoniy.
...Oshdan uch kun avval Qosimov bilan choy ustida bemalol suhbatlashdik, bu erda shoshma-shosharlik qadrlanmaydi. U nutqi davomida hazillar ishlatdi, shuningdek, o'z vatanini tashlab, masalan, Rossiyada butunlay katta mablag' evaziga murabbiylik qilishni istamasligini tushuntirdi: "Tobutning cho'ntagi yo'q, o'zingiz bilan hech narsani olib ketolmaysiz".
GADJIEV JONLI DEVORNI TO'QQIZ METRDAN OLTI METRGA SILJITDI. SHU TARIQA MEN JARIMA ZARBALARINI AMALGA OSHIRDIM VA MUVAFFAQAIYATGA ERISHDIM
- O'zbek futboli muzeyida Pele bilan sizning SSSR yozuvi tushirilgan futbolkada turgan fotosuratingizni ko'rdim, - dedim Qosimovga. U jilmayib:
- Bu surat 1987 yilda Nigeriya ustidan g'alaba qozonilgan o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatining final bahsidan esdalik edi. O'yin boshlanishidan oldin suratga tushgandik. Biz shunchaki salomlashdik, keyin men endi qo'limni yuvmasligimni aytib hazillashdim. Ular esa ishonishdi. SHuningdek, men terma jamoa sardori sifatida (yigitlar meni tanlagan) jahon chempionati kubogini yuqoriga ko'targanim va uning yonida UEFA prezidenti Joau Avelanj va turnir homiylaridan biri bo'lgan yaponiyalik kishining surati bor edi.
- O'sha turnirning yarim finalida Kot-d'Ivuar darvozasiga burchak zarbasidan gol urgandingiz.
- Bu vazifam edi. Yana bir golimni jarima zarbasidan kiritganman. O'shanda 5:1 hisobida g'alaba qozondik. Biz do'stona jamoa edik. Maydonga chiqqach, xuddi bolalardek quvonardik. Barchamizda masuliyat bor edi. Eslashimcha, hujumda o'ynaydigan Yura Nikiforov to'purar bo'lgandi.
- Pele uning kelajakda buyuk hujumchi bo'lishini bashorat qilgandi. Odessalik futbolchi esa shunchaki kuchli markaziy himoyachiga aylandi.
- Biz taxmin qilamiz, lekin Xudoning aytgani bo'ladi. Bir vaqtlar darvozabon bo'lganlar keyin hujumchi poziciyasiga o'tishdi.
- O'sha vaqtlarda sovet futboli qanday ajoyib edi, ikki yil, 87-88 yillar ichida biz Evropa chempionatida kumush medalni qo'lga kiritdik, shuningdek, Olimpiya o'yinlari va yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatida g'alaba qozondik.
- U vaqtlarda bu haqda o'ylamagandik, hamma narsani oddiy qabul qilardik. Oddiy! 88-yilda ular Boris Ignatev boshchiligida o'smirlar o'rtasidagi Evropa chempionligini qo'lga kiritishdi. Bratislavadagi finalda portugaliyaliklarga qarshi maydonga tushib, raqibni mag'lub etishning uddasidan chiqdi - 3:1. O'shanda Oleg Salenko biz uchun o'ynardi, keyinchalik u kattalar o'rtasidagi jahon chempionati doirasida Kamerunga qarshi o'yinda beshta gol urdi. Yoshlar musobaqasida esa Nikiforov bilan tandem hosil qilib, qo'shimcha vaqtda ikkita hal qiluvchi golni kiritishdi. Fernandu Kouta, Paulu Souza, Joau Pintu kabi futbolchilar portugaliyaliklar safida maydonga tushgandi.
- Darvozabonlar qochib qutula olmaydigan jarima zarbalarini ijro etish bo'yicha noyob istedod qanday paydo bo'lgan?
- Xudodan. SHuningdek, mehnatdan. Novogorskda Gadji Muslimovich o'smirlarni shug'ullantirardi, " jonli devor"ni to'qqiz metr emas, olti metrga o'rnatardi. Zarbaga sayqal berish uchun vaqt, kuch va sabr kerak bo'lardi.
Muvaffaqiyatga erisha boshlaganimni darhol angladim, keyinchalik mahorat asta-sekin ortib bordi. “Paxtakor”ga o'tganimda, bazida jarima zarbasi tepishimga ruxsat berishsa-da, asosan kattalar standartni amalga oshirishardi. SHunday qilib, Moskva darhol bunyod etilmadi. Evrokuboklarda "Liverpul" kabi jamoalarga jarima zarbasidan gol urish uchun mahoratnini uzoq vaqt shakllantirish kerak edi.
(Gadji Gadjiev izohi: “O'shanda yoshlar terma jamoalari Evropada, hatto jahon turnirlarida ham muvaffaqiyatli o'ynadi - Qosimov Evropa (bosh murabbiy Boris Ignatev murabbiyligida) va jahon chempionligiga (bosh murabbiy Aleksandr Piskarev boshchiligida) ega bo'lgandi. Bizning yoshlar jamoamiz yiliga 160 kunni birga o'tkazishlari mumkin edi. Ko'pincha ular Novogorskdagi bazada mashg'ulot o'tkazishardi. U erda yigitlar jarima zarbalarini mashq qilishardi, u erda "jonli devor" o'rniga ikki metrdan 2,44 metrgacha balandlikda bo'lgan ko'chma darvoza mavjud edi. Bugungi kunda bunaqa "devorlar", maydonlar va boshqa sharoitlar yaxshiroq, biroq yigitlarni Evropaning eng yaxshi jamoalari bilan raqobatbardosh darajaga olib chiqa olmaymiz. Ayni paytda klublar yoshlarini terma jamoalarga yuborishni istamaydilar va faqat terma jamoalar taqvimiga muvofiq, ularning o'zlari futbolchilarni yaxshiroq tayyorlashiga ishonadilar).
- "Axmat"dagi Daniil Utkinning jarima zarbalarini qanday tepayotganini ko'rdingizmi?
- Rostini aytsam, ko'rmadim.
- "O'zbek Maradonasi" laqabini sizga kim o'ylab topdi?
- Kimdir buni 86-yilda o'ylab topgan. Men bunday narsalarga ahamiyat bermaganman, kimligini eslolmadim.
- Bunday taqqoslashlardan tomingiz ketib qolmaganmi?
- O'shanda bu haqda o'ylamasdik. Hali maydonda durustroq o'ynashni boshlamasdan turib qaerga tomim ketishi mumkin? Bizning vazifamiz maydonga chiqish va futbolni sevish edi. Ilgari futbolni yaxshi ko'rishardi, hozir esa futbol biznesga aylangan. 2013 yilda “Bunyodkor” yig'in doirasida “Spartak”ga qarshi o'ynadi, shunda "Krilya"da birga bo'lgan Valeriy Karpin va uning yordamchisi Andrey Tixonov bilan suhbatlashgandik.
O'sha paytlarda yigitlar futbolga bo'lgan muhabbati uchun maydonga tushgan, degan mulohaza bo'ldi. Futbolchilarning ko'p maosh olishiga qarshi emasman, lekin sermahsullik shunga mos bo'lishi kerak. 1995 yilgi chempion "Spartak-Alaniya" kambag'al bo'lmagan jamoa hisoblanardi, o'shanda maoshimiz, adashmasam, oyiga besh ming rubl edi. Hozir ular qancha pul to'lashlarini tasavvur qila olmadik.
CSKAGA O'TMASAM, AFG'ONISTONGA JO'NATISH BILAN TAHDID QILISHDI
- 1993 yilda sizni "Valyadolid"ga o'tishingizga ruxsat berishmadi, chunki siz televideniega bergan intervyungizda beixtiyor o'zbek futboli saviyasini rus futboli bilan taqqoslab bo'lmaydi, deganingiz rostmi?
- Bularning barchasini sportga aloqasi bo'lmagan odamlar amalga oshirdi. Ha, men bir necha oy o'ynamadim (taxminan to'rt oy). Qizim tug'ilishi arafasida men Toshkentga jo'nab ketdim. Keyin esa orqaga qaytish imkoni bo'lmadi. So'zlarimni O'zbekistonda noto'g'ri tushunishdi va meni diskvalifikaciya qilishdi.
- Vaholanki, 1992 yildan keyin Vladikavkazning "Spartak" jamoasi rahbariyatidan sizni o'z vatani "Paxtakor"ga qaytarishni iltimos qilgansiz.
- O'sha paytlar "Paxtakor" yarim yil maosh olmaganman. Klub va futbolchilar o'rtasida nimadir mavjud bo'lishi kerak. Mashhur osetinlik erkin kurashchi Arsen Fadzaev O'zbekiston Jismoniy tarbiya institutida tahsil olgan va uning yordami bilan O'zbekiston va SHimoliy Osetiya o'rtasida sport sohasida juda iliq munosabatlar shakllangan. SSSR parchalangach, osetinlar meni Gennadiy Denisov va Igor SHkvirin bilan birga Vladikavkazda ko'rishni juda xohlashdi. Ular 150 ming dollar to'lashdi va bu pullarni "Paxtakor"ga emas, to'g'ridan-to'g'ri menga berishdi, boshqa yigitlar bilan nima bo'lganini bilmayman. Rostini aytsam, mablag'ning hammasini klubga yubordim, lekin buncha pulni o'zimga olib qolishim mumkin edi. Bu pulga o'sha vaqtlarda Toshkentda nafaqat kvartira, balki butun bir to'qqiz qavatli uy sotib olish mumkin edi.
– Ko'p yillar davomida “Paxtakor” – “Alaniya”, “Toshkent – Vladikavkaz” yo'nalishida u yoqdan-bu yoqqa sayohat qildingiz.
- O'smirlar terma jamoasidan chiqmagunimcha boshqacha yo'nalish bor edi, - 1984 yildan Toshkent - Moskva yo'nalishi, Domodedovo aeroporti.
— Vladikavkazdan Toshkentga to'g'ridan-to'g'ri uchganmisiz?
- Yo'q. Mineralniy Vodi yoki Moskva orqali.
- O'smirligingizda Moskva FSHM maktabiga qanday kirgansiz?
- 86-yilda o'smirlar jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Piskarev taklif qildi. U erda Sergey Rojkov qo'l ostida mashg'ulot o'tkazganmiz. O'qish uchun Filevskiy bog'iga borardik, mashg'ulotlarni esa Lujnikida o'tkazardik. Umrim davomida yodda qolgan yana bir yo'nalish edi bu. Aynan o'sha yil meni mustaqil qildi.
Ammo maktabni tugatgach, institutga kirishim kerak edi. O'smirlar o'rtasida jahon chempioni bo'lganimizda imtihonlardan ozod qilingandik. Jahon chempionatidan keyin Moskvada qoldim va biz pioner lagerlariga borib, bolalar bilan uchrashdik. Keyin meni qora “Volga”da Domodedovoga eltib qo'yishdi, uyimga Toshkentga jo'natishdi va u erda institutga o'qishga qabul qilindim.
- SHundan so'ng Minskka ham qisqa muddatga tashrif buyurdingiz - bir vaqtlar intervyungizda Sovet armiyasidan "qutulish"ni xohlaganingizni aytgansiz.
- Ha, men CSKAga o'tishni xohlamadim, lekin meni tinch qo'yishmasdi. Ular hatto Afg'onistonga jo'natish bilan tahdid qilishgan. Ammo oxir-oqibat Minsk bilan kelishuv amalga oshmadi va men qaytib keldim. Hozirda futbolchilar sariyog' ichidagi pishloq kabi sayr qilishadi, ammo bizning davrimizda nozik farq bor edi. Institutning kunduzgi bo'limga o'qishga kirganim meni armiyadan qutqarib qoldi. SHunda ham armiyaga olib ketmasliklari uchun ikki yil bitta kursni tugatdim. Keyin SSSR parchalanib ketdi, men Vladikavkazga yo'l oldim. SHunday qilib, institutda to'qqiz yil o'qidim!
- O'zbekistondan tashqari yana bir yo'l bor edi - Andrey Pyatnickiy va Valeriy Kechinovlar tark etgan Moskvaning "Spartak"iga. Sizni u erga taklif qilishmaganmidi?
- Yo'q.
- Lekin faoliyatingizning so'nggi davrlarida bir yil Amirliklarda o'ynadingiz.
- O'sha paytda ularda bunday professional futbol yo'q edi. Futbolchilarning asosiy yumushi boshqa edi - bojxona, policiya va hokazo... Futbol esa xobbi, ular faqat kechki payt o'ynash uchun kelishardi. Har bir jamoada ikki-uch nafar legioner bor edi. Menga u erda hech narsa yoqmadi. Ular huzur-halovat uchun o'ynashardi, ammo jamoaviy o'yinning hidi yo'q edi.
Bu haqda gapirganimda, asli misrlik bo'lgan klub rahbarlaridan biri shunday javob qaytardi: “Sen professionalsan! To'pni ol, hammani aldab o't va gol ur!” Buni eshitgach, u erda to'p tepish istagi yo'qoldi. Yana “Paxtakor”ga qaytdim.
- Bu jamoa orqali futbolchilik faoliyatingiz poyoniga etib borardi.
- Futbolchilik faoliyatimni 2005 yilda “Mashal”da yakunlaganman. O'shanda bu klubni "Neft-gaz" rahbari Abdusalom Azizov boshqarardi, hozir esa u kishi O'zbekiston futbol associaciyasi prezidenti. U kishi meni jamoaga taklif qilgandi. Men bir yil to'p tepdim hamda butsalarimni mixga ildim.
GAZZAEV QO'L OSTIDA, TA'TILDA O'Z DARAJANGIZNI USHLAB QOLMAGAN BO'LSANGIZ, YIG'INDAGI MASHG'ULOTLAR SIZ UCHUN YAKUNLANARDI.
- 1995 yil "Spartak-Alaniya" safida qo'lga kiritilgan oltin medal bilan bog'liq xotiralar bormi?
- Bizda 13-14 millatdan iborat yigitlar o'ynashardi - juda ahil jamoa jamlangandi. Mavsum bir zumda o'tib ketdi. Ammo jamoa 21 oktyabr kuni mehmonda CSKAni mag'lub etib, chempion bo'lgan o'yinda men yo'q edim. Sababi terma jamoa safida o'ynash uchun ketgandim, shu bois kiyinish xonasida chempionlikni nishonlay olmadim. Oxirgi uy o'yiniga etib keldim, hech bo'lmaganda shu bahsda o'ynayman deb o'ylagandim, ammo o'yin oldi mashg'ulot paytida belimni changallab qoldim.
- To'xtang, bu qanday sodir bo'ldi - chempionat o'yinlari paytida terma jamoa safiga nega ketdingiz?
- Biz 1994 yilgi Osiyo o'yinlarida, Nigeriya esa Afrika kubogida g'alaba qozongandi. 90-yillarda esa ananaviy Afro-Osiyo kubogi o'tkazilardi. Birinchi bo'lib o'z uyimizda – 2:3, mehmonda – 0:1 hisobida mag'lub bo'ldik. Qolaversa, bu o'yinlar terma jamoalar uchun ajratilgan sanalarda o'tkazilmadi. Ammo Georgich buni to'g'ri tushundi va meni qo'yib yubordi, vaholanki, u bu ishni qilmaslikka haqli edi. Men uchun terma jamoadan muhimroq narsa yo'q edi.
- CHempionlik “Mersedes”ining taqdiri nima bo'ldi?
- Tanishlarim orqali sotib yuborildi. Uzoq vaqt uni hech kim haydamadi.
- "Alaniya"da o'ynab yurganingizda, Valeriy Gazzaev bilan munosabatingiz qay darajada edi?
- Ajoyib daraja edi! U qattiqqo'l, talabchan va bu to'g'ri inson edi. Intizomsiz hech narsaga erisha olmaysiz. Men undan ko'p narsalar o'rganganim uchun minnatdorman, nafaqat men, boshqalarda ham shunday bo'lsa kerak.
- Gazzaev davrida mavsumoldi tayyorgarlik dahshatli bo'lganmi?
- Hozir shunday qilib ko'ring - hech kim kelmaydi! Ketvorishadi! Lekin keyinchalik u ham o'zgargan. 1994 yildan keyin ular o'zlariga xulosa chiqarishdi va kelgusi yil biroz yumshadi hamda chempion bo'ldik.
- Basseynda bir-ikki daqiqa sho'ng'iy olmay, nafasingizni ushlab turishga majbur bo'lgansizmi?
- SHunday bo'lgan. Juda ko'p yugurardik, hech kimga imtiyoz berilmasdi. Agar tatil paytida o'z formangizni saqlamagan bo'lsangiz, unda siz bilan xayrlashishardi. Men uning talablarini bilardim va bajarardim. Sport zaliga borardim, kross yugurardim. Agarda ortiqcha vazn bilan kelgan bo'lsangiz, unda bir kun ichida tashlab yuborardingiz.
— 1996 yil umurtqa pog'onangiz shikastlanganda ancha vazn to'plaganmisiz?
- Ha, o'n kilogramm. Ammo sog'aygach, ikki hafta ichida parhez, suzish va gimnastika yordamida undan qutuldim. Haliyam o'sha lahzalarni sanasigacha aniq eslayman. 1996 yil 17 avgustda "Rostselmash"ga qarshi o'ynadik. Ikkita gol urdim, shuningdek, 12 gol bilan to'purarlar ro'yxatida peshqadam bo'lib oldim. Uyga keldim, qo'shnimni chaqirdim. Xotin kechki ovqatga palov tayyorladi. O'tirdik, suhbatlashdik ... keyin o'rnimdan turolmay qoldim. Uch kecha uxlolmaganman.
- Bu qachon boshlangan?
- 1994 yil basseyndan chiqayotganimda sirpanib, chalqancha yiqilib tushganimdan boshlangan. So'ngra chempionat men uchun yakunlandi. Jamoa bilan Sankt-Peterburgga borib, oltin o'yinni darvoza ortidan tomosha qilganman. O'shanda "Spartak" "Zenit"ga o'yinni berib qo'maganda, biz chempion bo'lardik!
- 96-yilgi CHempionlar ligasi saralash bosqichida "Alaniya" o'z maydonida "Glazgo Reynjers"ga 2:7 hisobida mag'lub bo'lganida, siz o'ynamaganmidingiz?
- Uyda emas, mehmonda o'ynagandim. Jarohat aynan shu o'yinlar oralig'ida sodir bo'lgan. Men uy o'yinini yuqoridan, deyarli stadion tomidan kuzatdim. Birinchi golni 40-sekundda o'tkazib yubordik va bitta epizod butun o'yinni o'zgartirib yuborishi mumkin edi. Gazzaev orqaga emas, har doim oldinga borishni talab qilgan! SHunday qilib, musobaqani tark etdik...
Mavsum yakunlangach, O'zbekiston futbol federaciyasi prezidenti Zokir Almatov yordam berib, meni operaciya qildirgani Germaniyaga jo'natdi. O'zbekiston terma jamoasi Amirliklarda bo'lib o'tgan Osiyo Kubogiga bordi, men esa davolanish uchun ketdim. Ehtimol, o'shanda futbolni yakunlardim. Menga operaciya natijasi kafolatlamasligi ko'rsatilgan qog'ozga imzo chekishni taklif qilishdi. Avvaliga rad etdim, ammo shifokor ularda shunday qoida borligini tushuntirdi va qo'shimcha qildi: "Qo'rqma, hammasi yaxshi bo'ladi". Keyin men imzo chekdim. Olti oyda tuzalib ketdim.
- Ko'pchilik "Alaniya"ni tashlab, chet elga ketishdi. Tetradze - "Roma"ga, Yanovskiy - PSJga, Kavelashvili - "Manchester Siti"ga. Sizga ham taklif bo'lganmi?
- 1996 yilda qolishga qaror qildim, keyin esa mashum jarohatga yo'liqdim. Operaciyadan so'ng uzoq vaqt maydonga tushmadmi, tuzalib ketgach, keyingi mavsumni “Paxtakor”da o'tkazdim. 98-yilda chempion bo'ldik, 99-yilda yana "Alaniya"ga qaytdim. 2000 yilda Gazzaev "Dinamo"ga jo'nab ketdi va Fedorich (Aleksandr Tarxanov) meni "Krilya Sovetov"ga taklif qildi. Keyingi ikki mavsumni u erda o'tkazdim. Klubda Tixonov, Borodyuk, Ignashevich bor edi. 2001 yilda beshinchi o'rinni egalladik, samaraliklar ilgari bu natijani orzu ham qila olmagan.
- Siz Borodyuk bilan garov o'ynab, bir shisha "Hennessi" yutib olgansiz. Umuman olganda, barcha garovlarda yutib chiqarmidingiz?
— Ko'pincha omadim kelardi, lekin buning nima ahamiyati bor (kuladi).
- 4-raqam uchun yosh Sergey Ignashevich bilan raqobatlashganmisiz?
- 2000 yilda milliy terma jamoa bilan qandaydir turnir bo'ldi, men bir oyga ketdim. Qaytib kelsam, "to'rt"ni o'ziniki qilibdi. “Torpedo”ga qarshi o'yin arafasida terma jamoa safidan qaytib kelib, buni ko'rib turibman. Keyin bahslashdik. U yosh va jasur edi. Men aytdim: "Agar bugun gol ursam, raqamga yaqinlashmaysan!" Natijada ikkita gol urdim, adashmasam, 3:1 hisobida g'alaba qozondik. SHu bilan raqam talashishga boshqa urinmadi.
Ignashevich 40 yoshgacha o'ynadi, u Rossiya terma jamoasida eng ko'p o'yin o'tkazdi. Ignashevichni ko'rmaganimga ancha bo'ldi, lekin Borodyuk bilan ikki-uch yil avval gaplashgandim.
- Jahon chempionati bosqichlarida murabbiy bo'lib ishlaganmisiz?
- Braziliya-2014 da. JCH-2018 bilan parallel ravishda bizda ham o'z chempionatimiz bor edi va biz Rossiyadagi turnirni televizor orqali tomosha qildik. Biz jahon chempionatlarida 11 ta o'yin boshqargan hakamimiz Ravshan Ermatovga muxlislik qilganmiz! Men ham shaxsan Ignashevichga ishqibozlik qilganman. Seryoga - ajoyib yigit! 2000 yilda bir odam bilan o'ynaysiz-u, oradan 18 yil o'tgach, u jahon chempionatida chorak finalga chiqqan jamoaning eng yaxshi himoyachisi ekanligini o'ylash naqadar yoqimli!
- "Alaniya"ni kuzatib borasizmi?
- Albatta. Jamoaning professional maqomini yo'qotgani achinarli. Ammo hozirda klub qayta tiklanmoqda. Men jamoani yig'inda kuzatdim, Spartak Gogniev bilan uchrashdim. Ularning Rossiya kubogidagi o'yinlaridan mamnunman. Ular "Zenit" to'sig'idan o'tishdi! Gogniev ham, yigitlar ham yaxshi taassurot qoldiradi.
Osetiya sportsevar xalq. Odamlar yulduzi porlagan "Alaniya"ni kuzatish imkoniyatini yo'qotgani achinarli edi. Bizning o'yinlarimizda yigirma mingdan kam odam bo'lmasdi. Umid qilamanki, tez orada yana shunday holat bo'ladi.
SHOMURODOVGA O'XSHAGANLARNI HOZIR O'ZBEKISTONDA KO'RMAYAPMAN. IQTIDORLAR BOR, AMMO BO'SH
– 1994 yili siz etakchilik qilgan O'zbekiston terma jamoasi o'z tarixidagi yagona g'oliblik – Yaponiyaning Xirosima shahrida bo'lib o'tgan Osiyo o'yinlarida g'alaba qozongan. Bo' o'lka ibodat maskani.
- Biz hech qanday yodgorliklarni ziyorat qilgani bormadik, deyarli Olimpiya shaharchasini tark etmagandik. Bu shunchaki futbol turniri emas, balki faqat Osiyo vakillari qatnashadigan Olimpiada musobaqasi edi. Men hali-hamon u lahzalarni unutolmayman!
SSSR parchalangach, bu O'zbekiston terma jamoasining yirik musobaqalardagi dastlabki ishtiroki edi. O'sha yillarda ko'pchilik mamlakatimiz qaerdaligini ham bilmas edi. Futbol ko'p vazifani bajaradi - o'sha turnirdan keyin Osiyoda hamma bizning qaerdan ekanligimizni darhol bilib oldi. Biz bir tekis o'yin namoyish etib, hammani mag'lub etdik - Saudiya Arabistoni, Koreya, Xitoy kabi jamoalarni. Barcha uchrashuvlar g'alaba qozondik!
Ammo o'shanda mamlakatda ko'pchilik bizning turnirga borishimizni xohlamagandi. Individual sportni rivojlantirish yaxshiroq deb hisoblangan va butun jamoaga pul sarflash nihoyatda qimmatga tushardi. Hech kim u erdan oltin u yoqda tursin, biror medal bilan qaytamiz, deb o'ylamagandi. Biz oxirgi vagonning oxirgi eshigiga sakrab chiqib oldik. Boshqa davlatlar uchun esa, albatta, bizning ishtirokimiz kutilmagan hodisa bo'ldi. Hech kim anglolmadi - bu qanday O'zbekiston?!
- Sizning qo'l ostingizda terma jamoa 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqishga juda yaqin turgandi, ammo Osiyo mintaqasi pley-offida Iordaniyaga penaltilar seriyasida mag'lub bo'ldi. Keyinchalik mag'lubiyat uchun aybni o'z zimmangizga olib, istefo so'ragansiz.
- CHunki belgilangan vazifani bajarolmaganman. Biz mundialga chiqishga harakat qildik. Agar koreyslar va eronliklar so'nggi o'yinni durang o'ynaganida, avtomatik tarzda jahon chempionatiga yo'l olgan bo'lardik. Ammo endi na iloj? Bo'lar ish bo'ldi. O'shanda istefo qabul qilinmagan va natijada bir yarim yildan so'ng terma jamoani tark etgandim.
- Jahon chempionatida qatnashish uchun jamoaga nima etishmayapti?
— O'zbeklarda doim imkoniyat bo'lgan! Ammo biz oxirgi to'siqni engib o'ta olmayapmiz. Maksim SHackix singari qanday futbolchilar bor edi! Oxirgi marta ko'rishganimizda, u "Rotor"da Xackevichga yordam berardi. Toshkentga kelganida ko'rishamiz, muloqot qilamiz. Hozir Eldor SHomurodov ham etuk bo'ldi. U men boshqarayotgan “Bunyodkor”dan “Rostov”ga ko'chib o'tgandi.
- O'shanda uning hozirgi darajaga chiqishini, Italiyada o'ynashini o'ylaganmidingiz?
- Yolg'on gapirmayman, uni Italiyaga ketadi deb o'ylamaganman. Ammo Rossiyada o'zini ko'rsata olishiga ishonchim komil edi. Juda iqtidorli, vijdonli, og'ir-bosiq, tarbiyali yigit. Jamoamda u hujum markazida o'ynardi, qanotga ham o'tardi. U ikki karra mehnat qilardi.
- Aytishlaricha, o'shanda SHomurodovning maoshi oyiga 500 dollar bo'lgan ekan.
- Bundan sal ko'proq, ming dollardan kamroq edi. Uning Italiyadagi o'yinlarini kuzataman, afsuski, Mourino uni kamdan-kam maydonga tushirmoqda. Alloh qo'llasin.
- O'zbekistonda kimdir uning yo'lini takrorlay oladimi?
- Unga o'xshashini ko'rmayapman. Iqtidorli yigitlar bor, lekin mentalitetni o'zgartirish kerak. Juda bo'sh.
- Masalan, Oston O'runov?
— Men ular o'rtasidagi farqni bilmayman, shuning uchun bahslashmayman. Nazarimda, u “Ufa”ni “Spartak”ga almashtirmasligi kerak edi – u bu ishni juda erta amalga oshirdi.
- Hali ham terma jamoada ishlash niyatingiz bormi?
- Hozir xohlamayman. AGMKni shug'ullantiryapman. Biz yaxshi infratuzilma yaratmoqchimiz. Olmaliq shahri kichik, odamlari do'stona, mehnatkash. Rahbar futbolni juda yaxshi ko'radi.
RIVALDO AYSH-ISHRATGA BERILMADI, U PROFESSIONAL
- Rivaldo to'p tepgan "Bunyodkor"ni boshqargansiz. O'sha paytdagi eng boy klub egasi - Odil Jalolov haqida afsonalar mavjud. Siz buni qanday qabul qilgansiz?
- U futbolni juda yaxshi tushunadi, hamma narsani biladi. Undan 1956 yoki 1975 yil haqida so'rang - barchasini eslaydi! SHuningdek, u futbolni juda yaxshi ko'radi. Messining 17 yasharligida uning buyuk futbolchi bo'lishini ishonch bilan aytgandi. U "Barselona"ning ashaddiy muxlisi. Menga hamisha Gvardiola yoqqan, hozir ham Xavining uslubi maqul keladi. "Real Madrid"ga qarshi "Klassiko"da "Barsa" 4:0 hisobida g'alaba qozonganida, mahalliy vaqt bilan ertalab soat uchgacha o'yinni tomosha qildim. Jalolov O'zbekistondagi futbol va unga qiziqtirish uchun juda ko'p ish qildi. Mashhur futbolchilarni olib keldi, mamlakatning eng yaxshi stadionini qurdi, maydonlari ko'p bo'lgan bilan akademiya qurdi.
— Eto’Oga "Ferrari" sovg'a qilib, Samyuel u bilan avtohalokatga uchragach, mashinani Italiyada tuzatib bergani rostmi?
— Samyuel mashinani urib olganmi yoki yo'q — bilmayman. Ammo unga "Ferrari" sovg'a qilingani rost.
- Buyuk faxriy Rivaldo bilan birga ishlagansiz. U sizda qanday taassurot qoldirgan?
- Hammasi yaxshi edi. Bazi mashg'ulot jarayonlarida yoshi sababli uchun unga ko'proq engillik berilardi. Ammo maydonda Rivaldo ko'p foyda keltirgan. O' o'z ishiga vijdonan yondashardi, o'z kasbining ustasi kabi yoshlarga o'rnak bo'lardi.
- Jamoani Osiyo CHempionlar ligasining yarim finaliga olib chiqdingiz va bu bosqichda uni Ziko qabul qilib oldi. Nega bunday bo'ldi?
- Rahbariyat shunday qaror qabul qildi. Bu sharmandali qaror, lekin shunday bo'ldi. Bu qaror mamlakatning marhum prezidentidan kelganga o'xshaydi (mening malumotlarimga ko'ra, Ziko dastlab O'zbekiston terma jamoasiga taklif qilingan, ammo so'nggi lahzada mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov bundan xabar topib: “Terma jamoada xorijlik bo'lmasligi kerak”, degan. Ammo shartnoma imzolanib qo'yilgani uchun Ziko Qosimov bosh murabbiyligidagi “Bunyodkor”ga jo'natilgan, Qosimov esa terma jamoaga o'tkazilgan. "Bunyodkor" Ziko bilan CHempionlar ligasi yarim finalida Avstraliyaning "Adelaida"siga 0:3 hisobida mag'lub bo'ldi. Braziliyalik murabbiyga CSKAdan taklif chiqqach, qo'yib yuborildi - Rabiner fikri).
- Ziko qisqa muddat faoliyat olib borgach, CSKAga ketdi. Jamoani esa Luiz Felipe Skolari qabul qilib oldi. O'shanda terma jamoada ishlagansiz hamda jahon chempioni bo'lgan murabbiy bilan yaqin muloqotda bo'lgandirsiz. Undan nimalarni o'rgandingiz?
- Skolari malakali murabbiy. Biz u bilan yaxshi muloqot qilardik. Men chekardim va u buni ko'rib, birinchi bo'lib menga g'azab bilan qaradi. Men unga aytdim: "Menda shartnomada bor!" (Kuladi.)
Yodimda, CHempionlar ligasi doirasida “Bunyodkor” bilan Koreyaga borgandik. Bizni mashg'ulot maydonlariga olib kelishdi. Mezbonlar mashg'ulot maydonigacha yuz metr yurish kerakligini aytishdi. Ammo Skolari o'jar edi: "Yo'q, men faqat bu erda shug'ullantiraman!" U har narsada moslashuvchan bo'lish shart emasligini, qaerda bo'lsa ham o'zini tiklab olish kerakligini ko'rsatib qo'ydi.
- 2010 yillar o'rtalarida "Bunyodkor"ning sobiq boshqaruvchisi bir necha yilni unchalik uzoq bo'lmagan joylarda o'tkazdi va siz yana jamoani boshqara boshladingiz.
- Klub davlat qarmog'iga o'tdi, bir transfer oynasida 14 kishi jamoani tark etdi. Lekin baribir o'sha saviyada qoldik, Osiyo chempionlar ligasiga chiqdik, ikki yil guruhdan chiqdik, hatto 2012 yil ikkinchi marta yarim finalga yo'l oldik. Tag'in butunlay boshqa sharoitda! 2013 yilda O'zbekiston chempioni bo'ldik, kubokni qo'lga kiritik. Jamoa poydevori yaxshi edi.
- Jalolov bilan aloqadamisiz?
- Ha, vaqti-vaqti bilan muloqot qilamiz.
O'G'LIMNING KECHGI TO'YIDA 750 KISHI YIG'ILDI. ERTALABGI OSHGA QANCHA KISHI KELGANDI-YA!
— Aytishlaricha, xayrlashuv o'yiningiz chiroyli o'tdi. Masalan, terma jamoalar uchun o'yinlar soni bo'yicha rekordchilardan bo'lgan eronlik Ali Daei bilan suratga tushgansiz.
- U Osiyo futbolining afsonasi, biz tez-tez bir-birimizga qarshi o'ynardik. Futbolimiz uchun katta mehnat qilgan Mirabror Usmonov federaciya orqali u va boshqa kishilar bilan bog'landi. Infratuzilma yaratdi, sharoit yaratdi. Uning sharofati bilan o'yin bilan bog'liq muammo tezda hal qilindi. Ajoyib muhit edi, stadion to'lgandi, ko'pchilik hatto chipta ham olmagandi.
— AGMKga qanday keldingiz? Siz deyarli noldan jamoani ketma-ket ikki marta O'zbekiston chempionatining bronza medali sovrindoriga aylantirdingiz.
- "Bunyodkor" yangi shartnoma taklif qilmadi - yagona sabab shu. 2019 yilda AGMK o'rtamiyona o'ynardi, keyinchalik asta-sekin o'yini yaxshilana boshladi. Kamida 40 foiz mahalliy yigitlar o'ynashiga ishonch hosil qilish kerak. Futbolchi o'z shahrini tark etganda bu juda muhim. Buning uchun esa sharoit yaratish kerak - maktablar, akademiyalar. Bularning barchasi kelgusi avlodga o'tadi.
- Olmaliqliklar futbolga borishadimi?
- Biz xohlaganchalik emas. Ishchilar (Olmaliqda ko'pchilikni konchilar tashkil etadi) biz o'z o'yinimiz bilan muxlislarni jalb qilishimiz kerak. Ular ishdan dam olishlari, zavq olishlari uchun shunday qilishimiz zarur. Bu hodisa darhol sodir bo'lmaydi.
- Rossiyaga bormaganingizga ancha vaqt bo'ldimi? U erni sog'inasizmi?
- Zerikishga vaqt yo'q - oila, ish, do'stlar. Men oxirgi marta Vladikavkazda taxminan besh yil oldin bo'lganman. Bungacha, 2010 yilda, aynan Alaniya faxriylari "Spartak" bilan o'rtoqlik o'yini o'tkazgandi. Vaqt tez o'tmoqda. SHunday qilib, biz yig'inda - sobiq jamoadoshlarimiz, Vlad Radimov bilan muloqot qilamiz. Biz Aleksandr Novikov bilan uchrashdik, uning rahbarligi ostida 92-yilda Rossiyaning birinchi chempionatida kumush medalni qo'lga kiritgandik. Men Gazzaev bilan bir necha yil oldin uchrashgandim - u o'shanda oilasi bilan Dubayga dam olgani borgandi. Eslashga arzirli voqealar ko'p.
- Sizni Rossiyaga ishlashga taklif qilishmadimi?
- Taxminan 12-13 yil oldin Samaraga taklif qilishgan. Lekin bormaslikka qaror qildim. Inson faqat bir marta dunyoga keladi. Biz Xudo bergan umrni yashashimiz, quvonchli o'tkazishimiz kerak. Oila, farzandlar, nevaralar bilan...
- Nechta nevarangiz bor?
- Sanashda adashaman (kuladi). Ko'p! Sakkizta! Uchtasi qizlarimdan, qolgani o'g'illarimdan. Yosh qizim ham bor. SHirintoyim 2005 yilda tug'ilgan.
- Qarindoshlar soni ko'p bo'lsa, qanday qilib ishni oila bilan birlashtira olasiz?
- Oddiy! O'yinchilarga buyruq berish mumkin, lekin bu erda siz jim turasiz.
— O'zbek to'ylariga bazan minglab mehmon yig'iladi. Sizda qanday bo'lgan?
— 90-yillarda uylanganman, hovlida to'y qilganmiz. U erga qancha odam yig'ilganini aytish qiyin. 2012 yil o'g'lim uylanganida, kechki to'yga 750 kishi kelgandi. Undan oldin to'ygacha osh berganmiz. Bunday marosimlarga jami ikki-uch ming kishi keladi. O'zbekistonda och qolmaysiz!
- Buni tushundim. Qanday qilib siz o'ynagan yillarida bunday ovqatlanish bilan vazningizni normal ushlab turishga muvaffaq bo'ldingiz, buni tasavvur qilolmayman.
- Men o'zimga ko'p erk bermasdim va uyga tashrif buyurganimda, ota-onamdan menga ortiqcha hech narsa taklif qilmasliklarini so'rardim.
- Valeriy Karpinga o'xshab, o'yinchilaringizni ortiqcha vazni uchun jazolaysizmi?
- Yo'q, shunchaki ogohlantiraman.
- Erisha olmaganlaringizdan afsuslanasizmi?
- Katta futbolda o'ynay olmasligimdan afsuslanaman! Qolgan hammasi yaxshi. Ichimdagi futbolchining ruhi esa hamon yashaydi.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi
Fikrlar