"Tailand birinchi ligasiga ko'chib o'tishi ortga tashlangan qadam emas". Oylik maoshlar bo'yicha tafovut qandayligi haqida Artyom Filiposyan bilan intervyu
12 iyu 2021 18:53
Yangiliklar
"Tailand birinchi ligasiga ko'chib o'tishi ortga tashlangan qadam emas". Oylik maoshlar bo'yicha tafovut qandayligi haqida Artyom Filiposyan bilan intervyu
Markaziy himoyachi maydonda haqiqiy jangchi hisoblanadi. SHu bilan birga tartibli va hayotda doimo namunali inson hamdir. Artyom yaqinda Tailand Superligasida ishtirok etuvchi "Prachuap" jamoasi bilan xayrlashib, O'zbekistonga qaytib kelgandi. Bizdagi malumotlarga ko'ra, Filiposyanga Superliganing bir nechta jamoalaridan taklif bo'lgan. Bugun 33 yoshli futbolchining o'zi bilan ijtimoiy tarmoq orqali suhbatlashganimizda, kecha Toshkent-Dubay-Tailand yo'nalishi bo'ylab safarga jo'nab ketgani haqida malum qildi. Jurnalistlar bilan muloqotdan hech qachon o'zini olib qochmaydigan Filiposyanga maqsadimizni aytgainimizdan keyin hech qanday o'ylanishlarsiz sof o'zbek tilida javob berib, yana bir bor o'ziga nisbatan hurmatimizni oshirib yubordi.
- Artyom, sizni katta ehtimol bilan ikkinchi davrada O'zbekiston Superligasida o'ynashingizni taxmin qilgandik. Yana Tailandga ketishingizga nima turtki bo'ldi?
- Assalomu alaykum. Avvalo meni unutmasdan, eslaganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Savolingizga keladigan bo'lsak, "Prachuap" jamoasi bilan 31 mart kuni shartnomam yakuniga etgandi. SHundan so'ng O'zbekistonga qaytib keldim. Malum muddat Toshkentda oilam davrasida hordiq chiqardim. Bu orada menga O'zbekiston klublaridan chorlovlar bo'ldi. Nomlarini aniq keltirib o'ta olmasamda, ularning ayrimlari bilan gaplashdim. Hammasini o'ylab chiqdim. Bahorda Tailanddan qaytib kelayotganimda menga mamlakat birinchi ligasida ishtirok etuvchi, “Muangkan Yunayted” klubidan jiddiy taklif tushgandi. Ular mening roiziligimni kutishayotgandi. Hammasini tarozini pallasiga solib ko'rgach, yana o'zim uchun qadrdon bo'lib qolgan Tailandga ketishga qaror qildim.
- “Muangkan Yunayted”ning taklifi sizni ko'proq nimasi bilan o'ziga qiziqtira oldi?
- Klub garchi birinchi ligada ishtirok etsada, o'z oldiga jiddiy va aniq maqsad qo'ygan. O'zbekistonda ham doimo o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'ygan klublarda o'ynaganman. Undan tashqari o'tgan mavsum "Prachuap"da men bilan birga o'ynagan yana to'rt nafar o'yinchi yangi jamoamga ko'chib o'tdi. Bu yil Superliga yo'llanmasi uchun jiddiy kurashamiz. Tailandda ham futbol rivojlanib bormoqda. Ayniqsa tashkilotchilik va yaratilgan sharoitlarni ko'rib havas qilasiz. Futbolchi faqat mashg'ulot va o'yinni o'ylaydi xolos.
- Tailand birinchi ligasiga o'tish, Filiposyan uchun ortga tashlangan qadam emasmi?
- Yo'q, hozir yoshim 33da ekanligini inobatga olsak, unday deb hisoblamayman.Tailand birinchi ligasida 16ta jamoa ishtirok etsa, shundan 6tasi Superligaga chiqish uchun kurashadi. Oson o'yinlarning o'zi yo'q. Har bir o'yinda stadion tribunalari muxlislar bilan to'ladi. Ajoyib muhit yaratiladi. Bu esa har bir futbolchiga zavq bag'ishlaydi. Nasib qilsa bu yil yangi jamoam bilan Superliga yo'llanmasini qo'lga kiritamiz.
- Aslida "Prachuap"ni tark etishingizga nima sabab bo'ldi?
- Bu klub safida 2019 yili ham o'ynagandim. O'sha mavsumni esga oladigan bo'lsak, chempionatda 18ta jamoa o'rtasida 10-o'rinni egalladik. Mamlakat Kubogida esa “Buriram Yunayted” jamoasini mag'lub etib, bosh sovrinni qo'lga kiritdik. Bungacha “Prachuap” o'z tarixida biror marta ham bunday sovrinni yutmagandi. 2020 yili esa menga Indoneziya klubidan jiddiy qiziqish bo'ldi. U erga meni taniqli murabbiy Igor Kriushenko taklif qilgandi. “TIRA-Persikabo” klub safida atiga to'rtta turda o'ynadim. Afsuski keyin pandemiya sababli, chempionat to'xtatildi. Oktyabr oyida esa O'zbekistonga qaytib keldim. Uyda oilam davrasida biroz dam oldim. Dekabr oyida esa sobiq jamoam Tailandning “Prachuap” klubidan yana taklif tushdi. O'sha paytda jamoa turnir jadvalida 15-o'rindan joy olib turgandi. Bosh murabbiyning shaxsan o'zi menga jamoaga qaytib yordam berishim muhimligini aytdi. Taklifga rozi bo'lib, yana Tailandga qaytdim. Yakunda bizning jamoa chempionatni 10-o'rinda tugatdi. Deyarli 90 kun davomida 15ta o'yin o'tkazdik. 2021 yilning mart oyida esa chempionat tugadi. Jamoaga yangi murabbiy olib kelindi. Tabiiyki yangi murabbiy tarkibda o'zgarishlarga qo'l urdi. Men va yana bir nechta jamoadoshlarim “Prachuap” bilan xayrlashishimizga to'g'ri keldi
- “Prachuap”dagi murabbiyingiz qaysi davlatdan edi?
- Mahalliy mutaxassis edi. Yaxshi murabbiy va yaxshi inson edi. U bilan birga ishlaganimdan juda ham xursandman. Nasib qilsa yana yo'llarimiz kesishar. Bu murabbiy kechroq yangi jamoa oldi. Men u paytda “Muangkan Yunayted” bilan kelishuvga erishib bo'lgandim.
- “Muangkan Yunayted”ning murabbiyi bilan tanishishga ulgurdingizmi?
- Yangi jamoamdagi murabbiy bilan hozircha faqat telefon orqali suhbatlashib turibmiz. SHu oyning boshida jamoa chempionatga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Viza masalasi bilan bog'liq muammo tufayli Tailandga kechroq etib boradigan bo'ldim. Hozir Dubay aeroportidaman ertaga (suhbat 12 iyun kuni bo'lib o'tgan) Tailandga etib borgach, 14 kun karantinda bo'laman. SHu sababli yig'inga biroz kechroq qo'shilaman. O'ylaymanki yangi jamoada men uchun ortiqcha muammo tug'ilmaydi. Yigitlarning ko'pi bilan yaqindan tanishman.
- Bu jamoada sizdan tashqari yana legionerlar bormi?
- Ha, uch nafar braziliyalik futbolchilarni taklif etishgan. Ular ham o'tgan yili Superligada o'ynagandi.
- Jismoniy xolatingiz qay darajada?
- Hozircha 100 foiz tayyor emasman. Lekin chempionat boshlanguniga qadar optimal sport formamga kirib olaman. Toshkentda ekanligimda “Bunyodkor” jamoasi mashg'ulotlarida ishtirok etib, sport formamni ushlab turishga xarakat qildim. SHu o'rinda, “Bunyodkor” klubiga, xususan murabbiylar shtabiga mashg'ulotda ishtirok etishimda ruhsat bergani uchun minnatdorchilik bildirib o'tmoqchiman. Jamoaning keyingi o'yinlarida omad tilayman.
- O'zbekiston milliy terma jamoamiz xaqida fikrlaringizni bilmoqchi edim. Vadim Abramov boshqaruvidagi MTJ o'yinlarini kuzatib borayotgan bo'lsangiz kerak?
- O'zbekiston milliy terma jamoasiga faqat omad tilayman. Hamisha g'alaba qozonib, xalqimiz oldida yuzlari yorug' bo'lishlarini tilayman. Ha, Singapur bilan o'yinini ko'rdim. Yaman bilan o'yinni esa to'liq kuzatib borishni imkoni bo'lmadi. CHunki bu paytda men aeroportda bo'lib qoldim. Nasib qilsa endi 15 iyun kuni Saudiya Arasabistoniga qarshi kechadigan bahsini Tailandda ko'rib, muxlislik qilamiz. Hozircha ikkita o'yinni g'alaba bilan yakunladik. Endi asosiy raqobatchini yutish qoldi. Yigitlarga bo'lajak bahsda ham omad tilayman.
- Siz tengi o'yinchilar terma jamoaga taklif etib turilibdi. Misol uchun Odil Ahmedov, Vagiz Galiulin, Oleg Zoteev. Nima deb o'ylaysiz, Abramov sizga yana terma jamoada o'ynash imkoniyatini berarmikin?
- Bilasizmi terma jamoada nechchi yoshda bo'lishingizga ahamiyat qaratilmaydi. Asosan murabbiy ishonib chakirsa hamma narsa futbolchining o'z qo'lida. Siz nomlarini aytib o'tgan yigitlar bilan ilgari terma jamoada birga o'ynaganman. Hozir ham ularning shu yoshida terma jamoada o'ynab kelishayotganidan xursanman. Murabbiy menga ham yana imkoniyat beradimi yo'qmi yaxshisi bu savolni uning o'ziga bergan maqul.Xudoga shukur, o'z vaqtida ozmi-ko'pmi terma jamoada ham o'ynadim. SHunisiga ham shukur qilaman va bundan roziman. Yaxshi vaqtlar va shu bilan birga esda qolarli o'yinlarni o'tkazganmiz. Yaponiya va Eron milliy terma jamoalariga qarshi o'tkazgan o'yinimni sira unutmayman.
- O'z poziciyangidagi qaysi o'zbek o'yinchilarini o'yini sizga ko'proq yoqadi?
- Oldin ham aytganman. Bizda markaziy himoyachilar ko'p bo'lgan. Raqobat ham kuchli edi. Ulardan menga ko'proq Anzur Ismoilov bilan Xayrullo Karimovning o'yini yoqardi.
- Bugungi avlod vakillaridanchi?
- Bu borada Rustam Ashurmatovni ko'rsatgan bo'lardim. To'g'ri u terma jamoada kamroq o'ynamoqda. Lekin yoshlar ichidan menga yoqqani aynan u bo'lmoqda.
- O'zbekiston Superligasi bilan Tailand birinchi ligasida to'lanadigan oylik maosh bo'yicha farq kattami?
- Bu borada sizga hozir aniq bir summani ayta olmasamda, Tailandda ko'proq haq to'lashishini malum qila olaman.
- Tabiiyki har bir futbolchini yoshi o'tib borgan sari, jismoniy tarafdan ham kuchsizlanib boradi. Bu jarayon sizda qanday kechyapti?
- Xudoga shukur, hozir o'zimda jismoniy zaiflikni his qilmayapman. CHunki o'zimni jiddiy nazorat qilaman. Trenajyor zalida ko'proq ishlayman. Vaqtida dam olaman. Ovqatlanish tartibiga ham katta etibor qarataman. Hozir ayni kuchga to'lgan paytim deyishim mumkin. Yaratgandan men ko'proq jaroxat olmaslikni so'rayman. Sog'-salomat bo'lsangiz, qolganiga xarakat qilib erishish mumkin.
- Legioner sifatida bir nechta davlat chempionatlarida o'ynash muvaffaq bo'ldingiz. Ko'p futbolchilar futbolchilik davrida topgan daromadini turli xil bizneslarga sarflaydi. Siz bu borada qanday ishlar qilgansiz?
- Men bu borada oldingi intervyularimda ham aytib o'tganman. Menda hech qanday biznes yo'q. Men hozir futbolchiman. Ikkita yo'nalishda ketishni istamayman. SHuning uchun bor etiborimni futbol o'ynashga qaratganman. Qachondir butsalarimni mixga ilganimdan keyin qolganini vaqt ko'rsatadi.
- Futbolchilikdan keyingi rejalaringizni tuzib chiqqanmisiz?
- Rostini aytsam, bu narsa hayolimga ham kelmagan. Fikru-zikrim maydonda mazmuni o'yin ko'rsatib, muxlislar olqishiga sazovor bo'lish.
- Farzandlaringizni futbolga bo'lgan qiziqishi qanaqa?
- Ikkita o'g'lim Xudoga shukur. To'ng'ich o'g'lim avgust oyida 7 yoshga to'ladi. Kenjasi esa noyabrda 4 yoshga kiradi. Kattasining ishtiyoqi kamroq. Kichik o'g'lim esa futbolga qiziqmoqda. Sentyabrdan boshlab, ularni bolalar futbol to'garagiga bermoqchimiz. SHunda qanchalik qiziqishi borligini bilib olamiz.
- O'zbek tilida ravon suhbatlashasiz hamisha. Oilangizdagilar xam o'zbekcha gapirishadimi?
- Yoshligimda maktabda o'zbek sinfida o'qiganman. O'rtoqlarim bilan asosan o'zbek tilida suhbatlashganman. Qolaversa uyda ota onam va singlim ham o'zbek tilida gaplashamiz. Birgina rafiqam o'zbekcha gapira olmaydi.
- Oilangizni ham o'zingiz bilan safarlarga olib yurasizmi?
- Yo'q. Uch yil olamsiz yurdim xorijda. Bu juda qiyin albatta. Lekin oila azolarimni 14 kun damomida karantinda o'tirishlarini istamayman. SHuning uchun ularni Toshkentdagi uyimizda qoldirishga majbur bo'laman. Farzandlarim ham yosh. Ularni bu yil maktab va maktabgacha talim muassasasiga bermoqchimiz.
- Tailand davlatini ovqatlari sizga yoqadimi?
- Avvaliga achchiq ovqatlariga ko'nikishim qiyin bo'lgandi. Hozir ancha yoqtirib qolganman.
- Suhbat uchun Sizga kattakon rahmat. Tailanddagi yangi mavsumingizda omad tilaymiz!
- Tashakkur! Sizga ham rahmat.
Muhammad suhbatlashdi
Fikrlar