So’nggi yangiliklar

21:05Париж-2024. Ўзбекистон - Миср 0:1 (матнли трансляция)  240 20:53Париж-2024. Испания терма жамоаси биринчи бўлиб плей-оффга чиқди  5 20:22"Манчестер Юнайтед" испаниялик футболчига қизиқмоқда  1 19:56"Барселона" Уильямс учун кутилганидан 4 млн. евро кўп пул тўлаши керак  2 19:22ФИФА Аргентинанинг эътирозига жавоб берди  4 18:52Ҳусниддин Ғофуров - "Қўқон-1912" футболчиси  3 18:24Биринчи даврада "Бунёдкор"да ўйнаган футболчи Босния ва Герцеговина клубига ўтди  1 18:00Ўзбекистон ўйнайдиган "Божуар" стадиони баҳсга тайёр  7 17:50Доминикан Рес. - Испания. Асосий таркиблар эълон қилинди  17 17:13Магуайр: "МЮни яна муваффақиятли қилиш вақти келди"  4 17:03Эндрик таништирув маросимига 43 минг мухлис келди  1 16:36Эндрик таништирув маросимида йиғлаб юборди ва "Реал" эмблемасини ўпди  7 15:59МЮ футболчиси ўтирган машинага маст ҳайдовчи урилди  2 15:18Ўзбекистон олимпия терма жамоасида Йўлдошев ўрнига бошқа футболчи қайдномага киритилди  20 14:56"Барселона" энди шортларга ҳам реклама ёпиштиради  2

Tahliliy va tanqidiy maqola: Katanec tarkibidagi kimlar terma jamoaga loyiq yoki qaysi futbolchilar ortiqcha? Yangiliklar

Tahliliy va tanqidiy maqola: Katanec tarkibidagi kimlar terma jamoaga loyiq yoki qaysi futbolchilar ortiqcha?

Kecha tunga yaqin O'FA matbuot xizmati O'zbekiston milliy terma jamoasining navbatdagi yig'in uchun chaqirtirilgan futbolchilar ro'yxatini elon qildi. Biz esa saytimizda ekspertlik faoliyatini yuritayotgan sobiq futbolchi, matbuotda "Mundial" tahallusi ostida chiqish qilayotgan mutaxassisning qarashlarini etiboringizga havola qilamiz.

Terma jamoa ro'yxatiga etibor qaratadigan bo'lsak, birinchi navbatda Katanecning yoqimtoylariga aylangan futbolchilarning ayrimlari klubida ham zaxirada o'tirib qolgani tufayli yakuniy ro'yxatdan tushib qolishga majbur bo'ldi. Aks holda terma jamoa darajasidan ancha uzoq bo'lgan bazi futbolchilarni ko'rib hayratga tushardik. Demak, Katanec bu gal o'yin amaliyotisiz qolayotgani uchun ularni jalb etishga sal bo'lsada uyalibdi. Lekin bilishimizcha, ular kengaytirilgan ro'yxatda bo'lgan va oxirgi pallada yakuniy tarkibga kiritilmagan. Gap kim haqida ekanligini ochiq aytmaganimiz, futbolchilarning shaniga tegmasligi uchun. Ular terma jamoaga loyiq bo'lmasada chaqiruv olsa, ayb ularda emasku, to'g'rimi?

Avval Katanec ro'yxatidan o'rin olgan futbolchilarga to'xtalamiz. Biz hech bir futbolchini kamsitmagan holda, uning hozirgi sport formasi va darajasidan kelib milliy jamoaga loyiq yoki yo'qligi haqida subektiv fikr boradi.

Darvozabonlar: Yusupov 1-raqamli posbon, bu erda bahsga hojat yo'q

Darvozabonlar uchligida bu gal Katanecning o'tgan galgi tanlovidan farqli o'laroq hozirda o'z klubida ham zaxiraga o'tirib qolgan Rahimov va Ergashev tabiiyki ro'yxat yo'q va ularni o'rniga jamoasida Katanec avval jalb etgan Rahimov va Ergashevni zaxiraga "mixlagan" Botirali Ergashev va Nematov terma jamoaga chaqirilgan. O'tkir Yusupov esa tabiiyki terma jamoaning hozirgi kundagi 1-raqamli darvozaboni sifatida ro'yxatda.

Himoya chizig'i: Uchta chap qanot himoyachisi va 1ta nominal o'ng qanot himoyachi o'rin olgan ro'yxat

Avval qanot himoyachilariga etibor qilamiz. Bizda 3 nafar yuqori darajadagi chap qanot himoyachilari bor. Eng qizig'i, ularning biri, aniqrog'i RPLda o'ynaydigan Ibrohimhalil Yo'ldoshev doim ro'yxatdan tushib qolardi. Bu gal Sayfiev va Nasrullaevga qo'shilib ro'yxatga kirgan. O'ng qanotga esa birgina Alijonov jalb qilingan. Endi ko'pchilikda tabiiy savol tug'iladi: nega 3 chap qanot himoyachisiyu, birgina o'ng qanot vakili? Katanec avval ham Sayfievni zarurat tug'ilganda o'ng qanotda o'ynatgandi adashmasam. Unda bu vaziyatda ham tushunarli holat. 

Markaziy himoya vakillarida deyarli o'zgarish yo'q. Ayni paytda zo'r formada bo'lgan Husniddin Aliqulov, Rustam Ashurmatov, "Nasaf"ning yana bir etakchi himoyachisi Umar Eshmurodov va qolgan ikki nomzod asosan bahsli: "Lokomotiv" futbolchisi Islom Qobilov va AGMKda yarim himoyada foydalanilayotgan hamda oxirgi paytda asosan zaxiradan o'yinga qo'shilayotgan Abdulla Abdullaevni markaziy himoyaga chaqirish qanchalik to'g'ri? Bu poziciya bo'yicha Katanecga albatta savol bor: Nega juda yomon sport formasidagi, Superligada jon saqlash uchun kurashayotgan jamoaning himoyachisini terma jamoaga jalb qiladi? Buni qanday tushunish mumkin? Umuman personal qaraganda ham Qobilovning harakatlarini kuzatarmikan Katanec yoki avvaldan ro'yxatga qo'shilgani uchun o'zgarishsiz qoldirish maqsadida zaxira futbolchisiku baribir deya, nomiga chaqirarmikan? G'alatida. Nahotki Superligada boshqa himoyachi yo'q? Topsa bo'ladi, faqat buning uchun chempionatni hech bo'lmaganda kuzatish kerak. Bunday davomiy tanlovlardan keyin tabiiyki murabbiy manzili tomon bu kabi savollar tug'iladi.

Yarim himoya: Tushunarsiz vingerlar va o'yin amaliyoti kam O'runov

Katanec tanlagan yarim himoya vakillariga etibor bersak, negadir Jamshid ismidan boshqa barcha ismlar bor. Mayli, chaqirilmaganlar haqida pastroqda gaplashamiz.

Tayanch yarim himoyasiga Odil Hamrobekov, Akmal Mozgovoy va Otabek SHukurov.  Markazroqqa Oston O'runov va Sardor Sobirxo'jaev. Qanotda hujumkor vingerlar sifatida Aziz Turg'unboev, Oybek Bozorov, Hojimat Erkinov va SHahboz Umarov.

Demak, tayanch zonasiga javobgarlardan boshlasak, Hamrobekov tanloviga etiroz yo'q. Mozgovoy borasida bahsli bo'lishi mumkin. CHunki Akmal hozirgi kunda eng kuchli tayanch yarim himoyachi deyishga asoslar etarli emas.

SHukurov borasida ortiqcha gap-so'zga hojat yo'q. Faqat bir jihat, SHukurov "Karagyumruk"da asosan "sakkizlik"da o'ynayapti. Katanec undan yoki "oltilik" yo "sakkizlik" sifatida bemalol foydalana oladi. Bu yaxshi. Toza markaziy himoyachilar, yani erkinroq, hujumni keskinlashtiruvchi rol egalari sifatida Oston O'runov tanlovi ancha bahsli. Futbolchi yillab "Spartak"ning qaysidir jamoasida nomiga shug'ullanib yurib, yaqindagina "Ural"ga o'tib, endi futbol o'ynashni boshlashi bilanoq terma jamoa eshigini unga ochishga biroz vaqtliroq edi, nazarimda. Sardor Sobirxo'jaev borasida esa tanlovga qo'shilaman. Sardor "Paxtakor"da etakchilar rolida va ayniqsa Hamrobekov bilan zo'r bog'lab bo'la oladi. 

Qanot vingerlaridan Aziz Turg'unboevning qaysi o'yini va nima karomatlari evaziga chaqirilganini Katanec asosli ravishda tushuntirib berishiga shubham bor. Oybek Bozorov ham so'nggi o'yinlarda "Nasaf"da hech bir karomat ko'rsatgani yo'q, na gol uradi, gol golli uzatmalari bor. Uning vazifasida bu jihat juda muhim. SHu bois Turg'unboev va Bozorov tanlovi hozirgi kunda noto'g'riliga bo'yicha asoslar etarli. SHahboz Umarovning darajasi terma jamoaga qanchalik tortishining o'zi katta savol aslida. Uning hozirgi sport formasi esa ochig'i bizga qorong'u. Yana bir narsa borki, Kataney eplab o'zimizning ligani kuzatmayotganidan kelib chiqsak, Qozog'istonda o'ynayotgan Umarovning holatidan qanchalik xabardorligi juda dolzarb savol aslida. Umarovning chaqirilishi bu Masharipovning jarohati bois yig'inni o'tkazib yuborishi bilan bog'liq masalaligi kundek ravshan. SHu bois bu tanlovni ortiqcha muhokama qilmaslik ham mumkin. Lekin terma jamoa karvon saroymi, degan o'rinli va og'riqli savol beixtiyor tug'iladida. Qanot vingerlari orasida faqatgina hozirgi kundagi formasi tufayli Hojimat Erkinov borasida savollar yo'q.

Hujum chizig'i: SHomurodov va Sergeev

Bu chiziqqa bu gal Katanec ikki nafar asosiy futbolchilarimizni chaqirish bilan cheklangan. SHomurodov tabiiyki jamoa yulduzi, sardori va uning o'ynayotgani yoki o'ynamayotgani Katanecning tarkibni tanlashiga umuman dahli yo'q. CHunki boshqa poziciyalarda shunday tanlovlar borki, SHomurodov borasida bunday savol tug'ilmasligi normal holatga aylanadi. Aslida esa raqobat bo'lgani va munosib futbolchi terma jamoa eshigidan kirgani lozim. Istisnolar bo'ladi va u SHomurodov bilan bo'lishi adolatli qaror. SHu bois "Roma" o'z imkoniyatini kutayotgan SHomani ro'yxatdan chiqarish adolatdan bo'lmasdi va Katanec bu borada hech kimni hayron qoldirgani yo'q. Igor Sergeev haqida ham shunday fikrlar yangrashga haqli, faqat Sergeev ayni paytda terma jamoamizning ikkinchi raqamli hujumchisi. Bu fakt. Birinchi yoki ikkinchi raqamligi sog'lom raqobatda aniqlanyaptimi yoki o'ynayotgan ligalar darajasidagi farqmi, bu boshqa masala.

CHaqirilgan futbolchilar ichidan 5-6 nafari hozirgi kunda terma jamoa libosini kiyishga qanchalik loyiq yoki yo'q, bu borada savollar yangradi, to'g'rimi? Endi chaqirilmagan va Katanecning etibori butkul qaratilmayotgan futbolchilar haqida gaplashamiz.

"Jamshidlarga allergiyasi bormi"?

Dastlab Jaloliddin Masharipov jarohati bois chaqirilmaganini yana bir bor eslatib, endi Qatanec doim ignor qilayotgan futbolchilar haqida so'zlaymiz. Bugungi kunda darvozabonlar masalasida ortiqcha savol yo'q. Lekin hozirgi "Paxtakor" darvozasini qo'riqlayotgan Quvvatov nega terma jamoadan chaqiruv olmasligi qiziq. "Paxtakor" doim yuqorida va bunday jamoa darvozasini qo'riqlaydigan posbon terma jamoa ro'yxatidan tushib qolishi mantiqqa zid. Tushunaman, qachonki jamoa yuqori o'rinlarda bo'lmasa, tabiiyki o'sha jamoa darvozaboni terma jamoaga chaqirilmaydi. Bu futbolda yozilmagan qonunlar sirasiga kiradi desak ham bo'ladi. Misol keltirish uchun aytaman, Yusupov necha yillardan buyon barqarorlik ko'rsatmoqda. O'tgan yili ham, undan avvalgi mavsumlarda ham O'tkir Yusupov O'zbekistonning eng yaxshi 3 darvozabonidan biri edi. Lekin nega bu yildan terma jamoaga jalb qilinmoqda, bilasizmi? CHunki avvalgi yillarda Yusupov qanchalik zo'r turmasin, jamoasi pastki o'rinlarda yurardi. Bu yil esa chempionlikka kurashmoqda. "Paxtakor"da Suyunov birinchi raqamli darvozabon bo'lganda, Eldorni ham chaqirmayotgandi Katanec, hozirgi kunda endi Quvvatovni ham etibordan chetda qoldirmoqda.

SHunisi aniqki, Quvvatov daraja jihatidan Nematov yoki Ergashevdan bir bosh baland. 

Himoyachilar haqida gap ketganda masala aniq. Katanec nechtalab yig'inlar o'tdiki hali biror marta ham terma jamoa eshigini ochmagan futbolchilari bor. Superliganing eng yaxshi himoyachilaridan sanalgan Azamov, yozda Qatarga ko'chib o'tgan To'xtaxo'jaev kabi tajribali, futbolni aql bilan o'ynaydigan himoyachilarni Katanec nega ignor qilayotganini tushuntirib berishga asos topa olmasa kerak. Kechirasiz-u, terma jamoa mudofaa chizig'ida Qobilov o'ynab, Qatarda o'ynayotgan Islom To'xtaxo'jaev yoki "Paxtakor" etakchi futbolchisi Azamov yo'qligi kulguli emasmi? Yoki buning boshqa sababi bormikan? Qiziq tanlov kamida. Balki uslub jihatdan Katanecning talablariga boshqa tipdagi himoyachilar yoqsa, deylik jangchi, faqatgina xavfni bartaraf etish bilan cheklanadigan himoyachilar kerak bo'lsa, unda nega AGMKning asosiy himoyachilaridan biri Sardor Rahmonov yoki "So'g'diyona" azosi Sardor Qulmatovni jalb etib, ularni sinab ko'rmaydi? "Paxtakor"da yaxshi bir himoyachi Azmiddinov degan istedod chiqdi, "Qizilqum"da Bobur Yo'ldoshev degan tajribali himoyachi o'ynaydi. Nahotki sanab o'tgan himoyachilar zaxira uchun chaqiriladigan Qobilov yoki aslida yarim himoyachi bo'lgan, lekin Katanec negadir himoyada o'ynatadigan Abdullaevdan kuchsiz, zora bir marta bo'lsa ham tekshirib ko'rish shunchalik qiyin bo'lsa? Ajabo devorging keladida. 

SHu savollarga javob bormi Katanecda? O'ng qanotga nominal  bir himoyachini chaqirishdan avval, "So'g'diyona"da barqaror o'ynayotgan SHahboz Jo'rabekovni bir tekshirib ko'rish qiyinmi yoki bu savollarning hammasi Katanec Superligani astoydil kuzatmasligi bilan bog'liqmi, deb o'ylab qolasan kishi. 

Rossiyada yurgani va klub "propiska"si RPLniki bo'lgani uchun Oston O'runovni hozirgi kunda top darajada futbol o'ynayotgan, "Navbahor"ning haqiqiy "miya"siga aylangan Jamshid Iskanderovdan ustun qo'yish qanchalik to'g'ri? Qaysi mantiqqa asoslangan bunday tanlovlar? Iskanderov hozirgi ko'rsatayotgan futboli bilan terma jamoadan o'rin olmasligi futbol uchun sharmandagarchilik emasmi? Yoki oshirib yubordimmi? SHunchaki aytmoqchi bo'lganim, futbolchi yana nima qilishi kerakki terma jamoaga loyiqligini isbotlashi uchun? Yoki Jamshid Boltaboev singari maydonda "qora mehnat"ni bajaradigan futbolchiga ham hozirgi kunda terma jamoadan joy topilmasligi kishini ajablantiradi aslida. 

Hujum chizig'ida Belarusda qilishi mumkin bo'lgan barcha ishni amalga oshirib, chempionat tarixidan qisqa muddat ichida joy olib, rekordlar qarshisida turgan, asosiysi, hujumchi uchun kerak bo'lgan barcha ko'rsatkichlarni maksimal bajarayotgan va gollarni qalashtirayotgan Bobir Abdixoliqovning bu safar terma jamoa ro'yxatidan tushib qolgani va xattoki kengaytirilgan tarkibga ham kiritilmagani shunchaki NONSENS!

Malumot uchun shunchaki aytaman, kengaytirilgan tarkibda Bobir Abdixoliqov yo'q, oxirgi golini qachon urgani yodidan chiqqan SHerzod Temirov bor. Bu Katanec tanlovi. Norxonov, Temurxo'ja Abduxoliqov kabi futbolchilar hozirgi kunda terma jamoaning hech bo'lmasa kengaytirilgan ro'yxatiga tushishga munosibligini barcha sezib, tushunib turibdi. Lekin Bobir Abdixoliqov bu ro'yxatda yo'qligi uchun ham qolganlar xafa bo'lmasa bo'laveradi.

Maqsad Katanecga faqat tanqid toshlarini otish emas, ammo futbol va jamoaning o'yini avvalo tanlangan tarkib va to'g'ri selekciyadan boshlanadi. Boshlang'ich fazada qo'pol xatolar va raqobatsiz joylashuvlar jamoani muvaffaqiyat sari etaklamasligi aniq va eng qizig'i, buni hamma biladi. Ayniqsa o'zbek futboli muxlislari buni juda yaxshi biladi. CHunki bunday tajriba yaqin davrda kamida ikki marotaba yuz berdi. Hozir esa navbatdagisi davom etmoqda. Biz esa bunga jim qarab turolmaymiz, qo'limizdan kelgani buni gapirib ovunamiz, gaplarimiz esa matnga tushiriladi xolos. Balki qachondir to'g'ri xulosa qilishlariga turtki bo'lar degan maqsadda gapiramiz, balki deymanda...

Bu hammasi subektiv fikrlar va kimdir aniqki qo'shilmasligi mumkin va birinchisi albatta Katanec. Qo'shilmaslikka haqqi bor, tanlov uning ixtiyoridagi masala. Natijaga ham Katanec javobgar.

Biz shunchaki Katanec bildirilgan etirozlar yoki bildirilgan fikrlarga qo'shilmagan joylarini o'z talqinida asoslab bera oladimi, degan savolga javob bera oladimi? Bu ochiq va hozircha javobi yo'q savol.

Mundial ismli sobiq futbolchi

Reyting: +12   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика