Tachmurod Agamurodov: "O'yinni kuchaytiradigan futbolchi yo'q"

Aslanov Jasurbek
30 may 2015, 21:07
"Dinamo" - "Mashal" o'yinidan (0:1) so'ng, Tachmurod Agamurodov ishtirokida matbuot-anjumani bo'lib o'tdi.

- Futbolda shunaqasi ham uchrab turadi" - deya gap boshladi murabbiy. Ko'plab imkoniyatlardan foydalanmaysan, raqib esa bir imkoniyatni golga aylantirib g'alabani ilib ketadi. Bugun omad bizdan yuz o'girdi.

- Pavel Smolyachenko va Islom Sharipov maydonga tushmayapti...

Ularning ikkalasida ham jarohat bor, shu sabab ularni maydonga tushirmayapmiz.

- So'nggi o'yinlarda hujumga nuqta qo'yadigan futbolchi yetishmayapti, bu muammoni bartaraf etish uchun sizda reja bormi?

- Albatta. Yoshlar yetishib chiqmoqda. Ikkinchi davrada bu muammoni bartaraf etishga harakat qilamiz.

- Jamoaga yetakchi yetishmayotgandek...

- Nega endi, tarkibimizda Aziz Ibragimov, Nikolay Chipev, Mamatkazin, Akmal Xolmurodov, Avaz kabi tajribali futbolchilar bor. "Bunyodkor"ga qarshi o'yinda raqib darvozasiga ko'p zarba bergan edik. Bugun ham bizda imkoniyatlar bo'ldi. Lekin qayerdadir omad yetishmadi, qayerdadir tajriba. Buning ustida ishlashimiz kerak.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia