So’nggi yangiliklar

23:56Юнус Али: "Пахтакор" биринчи бўлимнинг ўзидаёқ интригани йўқ қилиши мумкин эди, аммо..."  4 23:28ЕЧЛ. "Реал Мадрид" "Милан"га қарши бошланғич таркибини эълон қилди  5 23:12Камолиддин Тожиев: "Ҳаводан узатилган тўп дарвозамизга кириб кетди. Бугун бизнинг кунимиз эмас экан"  23 22:36Элит ОЧЛ. "Ал Насср" – "Ал Айн". Роналду асосий таркибда  17 22:18Суперлига. "Навбаҳор" – "Пахтакор" ва 24-турнинг бошқа учрашувларида қайси ҳакамлар ишлаши аниқ  9 21:50"Қизилқум" ўйинчисига қизил карточка кўрсатилиши керак эди" – Суперлига 23-туридаги баҳсли вазиятлар юзасидан Эксперт-ҳакамлар комиссияси хулосаси эълон қилинди  1 21:15Расман: Крестинин бошчилигидаги "Локомотив" мураббийлар штаби истеъфога чиқарилди  5 20:57ОФК Элит Чемпионлар лигаси. "Пахтакор" узоқ масофадан ўтказиб юборилган гол туфайли ўз майдонида "Ал Райян"га ютқазди  205 20:32Расман: "Бухоро" Суперлига йўлланмасини нақд қилди!  16 19:59Рўзиқул Бердиев: "Ғалаба учун нафақат яхши ҳимояланиш, балки ҳужумга эътибор қаратиш ҳам муҳим"  5 19:26"Арсенал" рекорд трансферни амалга оширишга тайёр   3 18:50Элит ОЧЛ. "Пахтакор" - "Ал Райян": Мусобақа бош соврини Тошкентда  5 18:22Бензема Мбаппега "Реал"даги ҳолати бўйича маслаҳат берди  9 17:46Элит ОЧЛ. "Пахтакор" - "Ал Райян": Асосий таркиблар маълум  6 17:04ПРО-Лига. "Машъал" ўз уйида "Бухоро"га имкониятни бой берди  9

Superligada nima gaplar? Yangiliklar

Superligada nima gaplar?

Superliganing 10-turi ortda qoldi va endi yangicha qiyofadagi chempionatimiz haqida ilk xulosalar bilan o'rtoqlashish uchun qulay fursat.

Bo'lib o'tgan 60 uchrashuvdan aksariyati muxlislarga yoqdi, qiziqish ortdi, stadionlarga ko'plab ishqibozlar qaytishdi. Dastlabki taassurotlar yomon emas. Har holda kuchli etibor natijasida hozircha Superliga qiziqishni ushlab turibdi.

Tashkiliy ishlar tomondan ancha harakat kuchaydi va bu o'z samarasini bermoqda. Xususan muxlislar bilan ishlash, o'yinoldi tadbirlar, stadionda muxlislar uchun yaratilayotgan sharoitlar borasida o'zgarishlar ko'zga tashlanmoqda. Lekin hali ideal qiyofada emas. Yani, bu bilan to'xtab qolish yaramaydi. Buyog'iga harakatni ham, ishtiyoqni ham oshirish lozim. Zero bir zum to'xtalish ham aks tasir etishi mumkin. Haqiqiy Superligaga qo'yilajak fundament juda mustahkam va ishonchli bo'lmog'i lozim. Hozircha muxlislar bilan ishlash, ularni chorlash chora-tadbirlari ishlanaverishi lozim. Bu xuddiki tadbirkor yangi biznesini boshlashidan avval o'sha ishga katta sarmoya kiritishiga o'xshaydi. Avvaliga doim xarajat va harakat. Foyda esa asta-sekinlik bilan keyinchalik kela boshlaydi. Agarda o'sha ishni sifatiga putur etmasa. Muhimi, mijozlarni o'z mahsuloti yoki xizmatiga ishontira olish kerak. Hozircha biz Superligada ishonch ko'prigini yaratish jarayonidamiz. Bu ko'prik mustahkam bo'lishi hammamizga bog'liq. SHuningdek, bundan barchamiz birdek manfaatdormiz.

Tashkiliy ishlar va o'yin oldi yoki atrofidagi gap-so'zlarga ortiqcha to'xtalmoqchi emasman. Keling, Superliga ichiga, u erdagi o'yinlarga nazar solamiz.

Ko'pchilik birinchi navbatda bu yilgi chempionat o'zgacha fayz va qiziqish bilan o'tayotganini takidlamoqda. Yani Oliy liga bilan Superliga o'rtasidagi farq sezilayotgani aytilmoqda. Xush, Oliy liga Superligaga aylangach futbol sifati shu qadar tez o'zgardimi? Jamoalar yashin tezligida kuchayib qolishdimi yoki biz payqamagan yana nimadir sodir bo'ldimi? Aynan shu savollarga javob izlab ko'ramiz.

Superliga o'yinlari ko'pchilikda katta qiziqish o'yg'otib turganiga ilk sabab - jonli efir. Yani deyarli har bir uchrashuvlar jonli efirda taqdim etilmoqda. Bu esa muxlislarni qiziqishini orttirishi bilan birgalikda murabbiy va futbolchilarni ruhlantiradi. CHunki avvallari ularning o'yinlari muntazam jonli efirda uzatilmasdi va xattoki ko'plab uchrashuvlari yozib olingan holda ham muxlislarga taqdim etilmasdi. SHu jihatlar ham futbolchilarni butun o'yin davomida shunchaki harakatlanishga emas, balki sidqidildan o'z ishlariga yondoshishlariga chorlamoqda. Murabbiylar esa har bir ko'rsatmalari yoki ehtiroslari kuzatuvda bo'lganini sezib turishibdi. SHu boisdan ham ularning ehtirosga berilishlari ham tabiiy chiqmoqda.

O'zbek futbol muxlislari nafaqat Konte yoki Gvardiolaning har bir vaziyat bo'yicha ehtiroslarini tomosha qilishmoqda, balki Qosimov, Berdiev yoki Baqoevning qanchalik kuyinib-pishayotganini, ehtirosli ko'rsatmalariyu, hakamga bo'lgan etirozlarini ham jonli ko'rishmoqda. Bu esa muxlislarga ham o'zbek futboliga bo'lgan ishonchini qaytarmoqda. Avvallari shunchaki uchrashuv natijasini internet orqali bilib, o'yin berilgan va kelishilgan, degan o'rganib qolingan xulosaga boradigan ishqibozlar, endi hammasini o'z ko'zlari bilan ko'rishmoqda. Yoki oldinlari kelishuvga erishishni istagan murabbiylar bu ishni Superligada qo'llab bo'lmasligini sezib ishlashmoqda. CHunki endi har bir o'yin nafaqat mutaxassislar yoki jurnalistlar tomonidan, balki har qanday kichik epizod muxlislar tarafidan ham muhokama qilinishi mumkin. Endi avvalgi king'ir ishlarni kichik auditoriyani ichida yashirib bo'lmaydi. Hammasi ko'zguda ko'ringandek aks etadi.

Yani Superliga katta etibor ostida boshlandi va shunday davom etmoqda. O'yinlar sifatiga keladigan bo'lsak, hozircha Oliy liga uchrashuvlaridan katta farq qilayotgani yo'q. Balki sifat bo'yicha hozircha biroz sho'ng'idik ham deyish mumkin. SHunchaki avvallari har bir o'yin bu qadar jonli olib ko'rsatilmagan va chempionatga etibor ham yo'qolgandi. Yo'qolgan etibor natijasida o'tgan chempionatimiz zerikarli tuyulgan. Hozir endi barcha har bir o'yinni ko'rmoqda, natijasiga qiziqmoqda va jamoalarni o'yinini ham solishtirib chiqish imkoniyatiga ega. Superliga futbol bo'yicha hozircha Oliy ligadan sifat borasida uzib ketmadi. Bu shunchaki qisqa vaqt ichida sodir bo'ladigan holat emas. Bunga etarlicha vaqt talab etiladi.

Nisbatan kuchsiz jamoalar kuchli ko'ringan raqiblaridan ochko olyaptiku, qanaqasiga sifat yoki o'zgarish yo'q, deb etiroz bildirish mumkin. Ha, to'g'ri, Superligada kutilmagan natijalar ham qayd etilmoqda. Yoki kuchli ko'ringan jamoalar nisbatan kuchsiz raqiblarini katta tashabbus bilan dog'da qoldirishmayapti. Superligaga bo'lgan kuchli etibor natijasida avvallari o'yinlarni kelishishga o'rganib qolgan jamoalar endi kurashish kerakligini tushunib etdi. Ular endi top darajadagi raqiblaridan qo'rqib emas, balki kurashish va o'zlarini ko'rsatish uchun maydonga tushishmoqda. Kuchli jamoalar esa avvallari o'rganib qolishgani to'liq kuchni sarflamasdan g'alaba qozonib bo'lmasligini asta-sekinlik bilan anglab etishmoqda. Aynan shu o'zgarishlar o'yinlardagi intriga, yani qiziqishni maksimal ushlab turibdi. SHuningdek, stadionga tomoshabinlar tashrifi ko'paygani ham o'yinga fayz bermoqda. Ajoyib muhitdagi o'yin bilan bo'm-bo'sh stadiondagi futbolni o'rtasida er-bilan osmonchalik farqi bor. Muxlislar bilan bezalgan uchrashuvni teleekran orqali ko'rish ham neytral ishqibozni o'sha o'yinga oshno qilib qo'yadi. Stadiondagi tabiiy ajoyib muhit esa o'z-o'zidan futbolchilarni ruhlantirmoqda va uchrashuvni shiddatli tus olishiga o'z hissasini qo'shmoqda.

Superligani qiziq va fayzli o'tayotganiga aynan mana shu jihatlar asosiy omil bo'lib turibdi. Yani kuchli etibor natijasida paydo bo'lgan qiziqish ko'pchilikda iliq taassurot qoldirmoqda. Natijada har tomonlama raqobat oshmoqda. Tashki va ichki raqobat vujudga kelmoqda. Buni xoh muxlislar o'rtasida deysizmi yoki jamoalarmi farqi yo'q. Fakt shuki, raqobat vujudga keldi. Oddiy tur yoki oy laureatlari bo'yicha ham tabiiy ravishda ichki raqobat paydo bo'lmoqda. Murabbiylar yoki futbolchilar endi shunchaki maosh yoki yutuqqa beriladigan mukofot pullari uchungina emas, balki ular tur yoki oy laureati bo'lish uchun etirofga ham munosib bo'lish istagida futbol o'ynashadi. Bu ham qo'shimcha motivaciya. CHunki etirofga loyiq bo'lishni kim ham istamaydi deysiz.

Hali o'yin sifati borasida qilinadigan ishlar ko'p. Bu endi murabbiylarning xizmati doirasiga kiradi. Murabbiylar tomonidan ham o'sish ko'zga tashlanmoqda. Buyog'iga har bir murabbiy o'z taktik qarashlaridan va imkoniyatlaridan kelib chiqib o'yinga reja tayyorlamoqda. Qaysi mutaxassis kimni taktik tarafdan yoki o'yin bo'yicha mag'lub etgani shundoq ko'rinmoqda.

Hakamlik alohida mavzu. Futboldagi eng qiyin va muhokamalarga ko'p sababchi bo'ladigan kasb vakillari borasida ham fikrlar ko'p. Hakamlik yaxshi tarafga o'zgargani va ochiqchasiga hech bir jamoa o'yinda "zararsizlantirilmayotgani" aniq. Lekin xatolar, ko'pol hatolar uchrab turmoqda. Afsuski ko'pgina xatolar bevosita o'yin natijasiga ham tasir ko'rsatmoqda. Ammo aynan Superligada hakamlik ham ancha pishib qolishiga shubha yo'q. Muhimi, ularning ham xatolari birdek ko'rinmoqda. Muhokama qilinmoqda. Hakamlik ham muhokama va tanqidlar natijasida o'sishiga shubha yo'q. Ayni paytda Superligada hakamlar bo'yicha avlodlar almashuvi kuzatilmoqda. Aynan shu o'tish davrida kim qanday salohiyatga ega ekanligini ko'rinadi.

Ko'ngilgi xira qiladigan jihat shuki, hali ham Superliga maydonlari ideal darajada emas! Toshkentdagi stadionlar, AGMK va "Nasaf"ning "Markaziy" stadiondagi maydon holatidan boshqa hech bir chim talab darajasida emas! Bu borada PFL hali ham kerakli chora topolmayotgani kishini ranjitadi. Superliga klubi uchun birgina maydonni ideal holatga keltira olmaslik - UYAT! Maydonni eplay olmayotgan jamoalardan tuzuk o'yin kutishning o'zi g'alati.

Hali aytib o'tganimdek, sifatli futbol avvalo ideal maydonlarda o'ynaladi. Hozircha ideal maydonlarimiz sanoqli va sifatli o'yin ham talab darajasida emas.


Superliga jamoalari haqida ikki og'iz:

To'g'risi, "Neftchi" jamoasi ko'rsatayotgan o'yin va uning natijalari Superligaga xos emas. Yani, jamoa Superliga darajasidan ancha past o'ynamoqda. Bu jamoaning o'yin uslubi haqida esa gapirishga til ojiz. CHempionat avvalida yozganimdek, "Neftchi" Superligada jamoalar ochko ulashuvchi manbai bo'lmoqda. CHempionatni Kovshov qo'l ostida boshlagan, Haydarov bilan davom ettirgan va hozirda Abdumalik Hakimov ko'rinish berayotgan jamoada kim bosh murabbiy, degan ham savol tug'iladi? Rul kimdaligini bilmadim-u, lekin rulni boshqaradigan tajribaliroq haydovchiga muhtojligini aniq "Neftchi".

"So'g'diyona" borasida ham Aleksandr Mochinovga (chempionat avvalida) ishonmasligim haqida yozgandim. Jizzaxliklar esa buni biroz kech tushunib etishdi va uning o'rniga Sergey Lushanni jalb etishdi. "So'g'diyona"da kuzatilgan ob-havo o'zgarishi jamoa manfaati uchun xizmat qildi. SHuningdek, jizzaxliklar Lushan kelganidan so'ng natijalarni ham yaxshilashni boshlashdi. O'yin borasida ham keskin o'zgarishlarni sezish mumkin. "So'g'diyona" ko'proq to'p bilan o'ynashga, raqiblarga hujumkor futbol taklif etishni boshladi. Ikkinchi davrada o'z tarkibini kuchaytirmoqchi bo'layotgan "So'g'diyona" hali kattaroq shovqin ko'tarishi mumkin. Lushanni "Bunyodkor"da ishlaganida ko'p tanqid qilganman va uni "qaldirg'ochlar"ni eplashiga ishonmaganman. Ammo Lushan "So'g'diyona"ni ko'tarishiga va jamoani yangi pog'onaga olib chiqa olish salohiyati borligiga shubhalanmayman. Uslub va mentalitet borasida Lushan va "So'g'diyona" bir-biriga yaqin va mos keladi.

"Qizilqum" ayni paytda eng ko'p mag'lubiyatga uchragan jamoa bo'lib turibdi. Jamoa o'yinida yaxshi o'zgarish bor. Yani "Qizilqum" doim hujumkor futbol namoyish etmoqda. Ammo har safar raqiblari qarshi hujumidan aziyat chekayotgan jamoa bosh murabbiyi ko'pgina o'yinlarni taktik jihatdan yutqazib qo'ymoqda. Himoya chizig'idagi o'yin to'g'ri yo'lga qo'yilmagani ko'plab mag'lubiyatlarga sababchi bo'ldi. Aktamov jamoani o'yinini tashkil etishni boshqattan ko'rib chiqishi lozim. Aks holda har safar o'yin jihatidan yaxshi ko'ringan "Qizilqum" chiziqlar o'rtasidagi bo'shliq tufayli jabr chekib qolaveradi. Aktamov taktik taraflama ancha ishlashi lozim. Elguja Grigalashvilidek mahoratli legioner xizmatidan to'liq va samarali foydalanish kerak. Har holda hozircha legionerlar ichidan yorqin o'yinlari bilan ajralib turgan Elgujaning qilayotgan mehnatlari besamar ketmoqda.

AGMK borasida nima deyish mumkin, doim kuchga tayangan futbol namoyish etadigan jamoa ko'z oldimizga keladi. Kumikov "Mashal"da ham, "Nasaf"da ham aynan shu taktik uslubiga tayanib o'ynagan. AGMKda ham bu ananasini davom ettirmoqda. Doim standart vaziyatlarini kutib o'ynaydigan jamoani Superligada ko'pgina murabbiylar yaxshi o'rganib olishdi. Kumikovda hozircha ikkinchi reja, yani "B" plani yo'qligi ko'plab o'yinlarda ochko yo'qotilishiga sabab bo'lmoqda. AGMK agarda jamoalarni o'z jarima maydonchasi atrofida o'yin qoidasini buzishga majbur eta olmasa, unda o'yindan kombinacion futbol orqali raqib himoyasini buzib kirishga qodir emas. AGMK to'liq standart va autlarga tayanib gol uradigan jamoa. Bu esa ularga qimmatga tushmoqda.

"Qo'qon-1912" joriy mavsumda juda tartibli o'yin ko'rsatishi bilan ajralib turibdi. No'mon Hasanov boshchiligidagi jamoa na raqibga gol urish imkoniyatini bermoqda, na o'zi ochiq futbol taklif etmoqda. Birinchi davrani asosan mehmonda o'tkazayotgan "Qo'qon-1912" uchun bu uslub vaqtincha ham bo'lishi mumkin. CHunki No'mon Hasanov doim safarda hujumkor futbol taklif eta olmaydi. SHuningdek, murabbiy tanlagan uslub deyarli o'zini oqlayapti, desak ham mubolag'a bo'lmaydi. Garchi jamoa hozircha kuchli-oltilikda bo'lmasada, qo'qonliklar kimsan "Nasaf", "Loko", "Paxtakor", "Bunyodkor" va "Navbahor"dan ochkolarni olishga erishishdi. Yani, "Qo'qon-1912" jamoasiga taslim bo'lmayotgan ricarlar deya tarif berish ham mumkin. Bu jamoa ishtirokidagi o'yinlarda kam gol urilmoqda. Hasanov hozircha mudofaa chizig'ini deyarli ideal holatga keltirgan. Hujum borasida esa kamchilik va muammolar mavjud. Ikkinchi davrada aynan shu muammolarga echim izlanishi lozim.

"Nasaf" esa kutilganidek yangi mavsum oldidan yo'qotilgan etakchilari tufayli har taraflama inqirozni boshdan kechirmoqda. Natijalar pasaygani bu nafaqat moliyaviy muammolar bilan bog'liq, balki etakchilari ketib qolgani natijasida murabbiy o'zgarishlarga qo'l ura olmayotgani va rotaciya uchun deyarli sharoit qolmagani ham o'z tasirini ko'rsatmoqda. Bu ketishda jamoa chempionat yakunida qaysi pog'onada yoki qaysi oltitalikda bo'lishini taxmin qilish ham mushkul. Sababi, jamoaning mavjud etakchilariga ham ko'plab haridorlar bor. Zaxirasi tor "Nasaf" uchun OCHL va Superligada start olish katta qiyinchiliklarni taqdim etdi. Jamoa asosan tiklanish bilan band bo'layotgani ham Superligadagi ko'plab o'yinlarda "Nasaf" murosaga kelishiga sababchi bo'ldi. Jismonan toliqib qolgan "Nasaf" ikkinchi davrada kerakli transferlarni amalga oshirmasa, jamoani bundanda qiyinroq scenariy kutayotganini taxmin qilish mumkin.

"Navbahor" asosan agressiv va keskin futbol (kezi kelganda ko'pol) taklif etadigan jamoa sifatida yodda qolmoqda. O'z uyida engilmas jamoaga aylangan "lochinlar" nihoyat safarda ham muvaffaqiyat qozona olishlarini isbotlashmoqda. Ko'proq standart vaziyatlariga tayanib gol urayotgan "Navbahor"da pozicion o'yin borasida muammolar mavjud. Ikkinchi davrada katta transferlarni amalga oshirmoqchi bo'layotgan namanganliklar, Superligada sovrinli o'rinlar uchun jiddiy kurashni taklif qilishlari haqiqatga yaqin.

CHempionatni o'ta muvaffaqiyatsiz boshlagan "Loko" uchun OCHLdan chiqib ketish va murabbiyni istefoga yuborish yaxshi taraflama tasir qildi. Endi bor etiborini Superligaga qaratayotgan "temiryo'lchilar" tezda o'z relslariga tushib olishdi va chempionlik poygasiga qo'shilish uchun dadil qadam tashlanmoqda. Bu jamoa davralar oralig'ida keraksiz legionerlar va ularni o'rniga zaxirani munosib to'ldira oladigan futbolchilarni jalb etsa, unda "Loko" nafaqat Oliy liga tarixidagi oxirgi chempion sifatida tarixga kiradi, balki Superligada ham pochinni ochib berishi mumkin. Ammo buni bajarish Oliy ligada chempionlikni qo'lga kiritilganidek oson yumush bo'lmaydi.

Butkul yangilangan "Metallurg"ni Andrey SHipilov ancha taktik jamoaga aylantira oldi. Babayanning soyasida jismoniy tayyorgarlik bo'yicha javob berib yurgan SHipilov ustozidanda salohiyatliroq ekanligini isbotlamoqda. To'g'ri, "Metallurg"da barcha sharoit mavjud, bu esa ishni osonlashtiradi. Lekin butkul yangi jamoani qisqa fursatda shakllantirish va to'g'ri o'ynata olish qobiliyat talab qiladi. Hozircha SHipilov ushbu ishni yaxshi uddalamoqda. Har holda safarda "Lokomotiv" va "Nasaf"dan ochko olish hazil ish emas. "Paxtakor"dan uchralgan yirik mag'lubiyat esa ko'proq o'ynamagan 5 nafar asosiy tarkib futbolchilari bilan bog'liq masala. Hozircha "Metallurg" istalgan jamoa uchun chaqilmas yong'oq vazifasini bajara olishini ko'rsatdi.

"Buxoro"ning o'z uyidagi tajovuzkor futboli har qanday ishqibozni o'ziga mahliyo etadi. Lekin jamoa safarga chiqqanda o'zgarmoqda. Har bir jamoa mehmondagi o'yinda o'zgaradi, bu tushunarli. Lekin o'sha o'zgarish natijasida "Buxoro" mehmonda kerakli ochkolarni to'play olmayapti. Aks holda jamoa hozir Superligada yakka peshqadam bo'lishi mumkin edi. Ulug'bek Baqoev o'zini murabbiy sifatida qanday salohiyatga ega ekanligini o'tgan debyut mavsumidayoq ko'rsatgandi. Bu yili esa murabbiy sifatida yanada o'sgani sezilib turibdi. "Buxoro" endilikda bir xil tarkibda emas, balki rotaciyani ham meyorida amalga oshirgan holda ikkita teng kuchli va raqobatbardosh jamoani vujudga keltirmoqchi. CHunki yuqori o'rinlar uchun kurashmoqchi bo'layotgan "Buxoro"ga bir xil tarkib bilan butun mavsumni birtekis o'tkazib bo'lmasligini Baqoev yaxshi tushunmoqda. Etiborlisi, Baqoev yangi shakllanayotgan "Buxoro"ni qisqa fursatda barqaror jamoaga aylantirdi.

"Bunyodkor" haqida to'xtalganda murabbiy imzosi ostida jamoa muvaffaqiyatli o'ynayotganini alohida takidlamaslikning iloji yo'q. CHunki jamoadagi mavjud moliyaviy inqiroz va tarkibdagi muammolarga qaramasdan peshqadamlar orasidan chiqib ketmayotgan "qaldirg'ochlar"ning asosiy ustuni - Mirjalol Qosimov. Kerak bo'lsa 120talik mix bilan ham klub imiji va jamoa manfaati yo'lida "Bunyodkor" darajasidan tushishga futbolchilarga ruxsat bermaydigan qatiyat sohibi - Qosimovning taktik bilimi hozirda Superligaga joziba qo'shib turibdi. "Bunyodkor" maydon tashqarisidagi va ichkarisidagi muammolarga qaramay mardonavor kurashmoqda va aksariyat o'yinlarda maydonni g'olib holda tark etmoqda. Mag'lubiyatga uchragan o'yinlarida ham jamoa boshini baland ko'tarib chiqib ketmoqda. CHunki jamoa ko'rsatayotgan o'yin va hech bir jabhada taslim bo'lmayotgani "qaldirg'ochlar"ga bo'lgan hurmatni oshirmoqda. Agarda ikkinchi davrada jamoaga kuchli bo'lmasada, shunchaki zaxira uchun futbolchilarni jalb etilsa, Qosimov Superligani shu sharoitda ham yutib berishga qodir. Murabbiyning ustun jihati, qo'l ostidagi yosh futbolchilarga g'oliblik ruhini singdira olmoqda. 

"Paxtakor"dagi sharoit va holat haqiqiy Superligaga xos va mos. Klubda barcha ish to'g'ri yo'lga qo'yilgan va aniq maqsad tanlangan. Lekin jamoa ko'rsatayotgan natijalar hozircha muxlislarini to'liq qanoatlantirmayapti. CHunki "Paxtakor"da o'yin va natija bobida barqarorlik yo'q. Kerakli va muhim o'yinlarda ishonilgan legionerlar yoki murabbiy imzosi yo'qolib qolmoqda. "Paxtakor" jamoasi faqatgina jismoniy jihatdan Superliga klublaridan yaqqol ustunlik qilmoqda. Arveladze esa hozircha jamoani o'zi yoki muxlislari istagandek o'ynata olmayapti. Lekin shunga qaramay jamoa ayni paytda turnir jadvalida peshqadam. Arveladze hozircha "Paxtakor"ni to'liq "Paxtakor"ga xos bo'lgan mentalitetda o'ynata olmayapti. "SHerlar" kuchsiz raqiblarni oson taslim etishayotgan bo'lsa, murabbiyi kuchli jamoalarga qarshi "Paxtakor" muammolarga duch kelmoqda. Lekin shunga qaramay jamoa chempionlik yo'lida qolgan jamoalarga ko'ra ko'proq imkoniyatga ega. CHunki tarkib borasida deyarli teng kuchli bitta zaxiraga ega. SHuningdek, ular ikkinchi davrada tarkibni yanada optimallashtirishlari mumkin.

Hozircha shunaqa gaplar...

Muallif :
Reyting: +23   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика