Srechko Katanec bilan samimiy suhbat. Mundialga tayyorgarlik va saralashdagi raqiblar haqida (2-qism)
13 iyu 12:35
Yangiliklar


Srechko Katanec bilan samimiy suhbat. Mundialga tayyorgarlik va saralashdagi raqiblar haqida (2-qism)
Suhbatni boshlanishi va birinchi qismi:
Srechko Katanec bilan samimiy suhbat. Ilk hissiyotlar va saralash bosqichi haqida
Xursandchilik haqida:
"Bilasanmi, hamma erda barchasi bir xil. Tarixda birinchi marta katta natija qayd etilsa, barcha bayram qiladi. Baxt va eyforiya hissiyotlari bo'lishi tabiiy. Bu normal holat. Evro, Jahon chempionati yoki Osiyo Kubogi kabi katta musobaqada ilk marotaba ishtirok etayotgan terma jamoalar bilan shunday hodisa ro'y beradi. Butun dunyoda shunday va bu tabiiy holat"
MTJ bir yil davomida mundialga qanday tayyorgarlik ko'rishimiz kerakligi haqida:
"Bu savol endi menga beriladigan savol emas, do'stim. Qara, barcha mening tariximni va faoliyatimni biladi. Men qaerdan kelganman va nimalar qilganman. Faqatgina bir narsa ayta olaman. Tarkibdagi barcha futbolchilarning yoshi katta, ular yosh bola emas va allaqachon 18 yoshdan o'tib bo'lishgan. Ular futbol ichida va ular nima qilish kerakligini yaxshi bilishadi. Nimalarni qilsa, yaxshi natijaga erishish mumkinligini sen va mendan yaxshiroq bilishadi. Mening fikrimcha, bu shunchaki "boshlang'ich" nuqta. "Yakuniy" nuqta emas, agar bu natijani "yakuniy" nuqta deb qabul qilinsa, demak bu xato fikr. Futbolchilar o'z xayollarida bu natijani "yakuniy" nuqta deb qabul qilmasliklari kerak.
JCHdagi ishtirok juda ko'p faktorlarga bog'liq. Qura qanday kechadi va qaysi jamoalarga qarshi o'ynaymiz. Tabiiyki, mundialdagi jamoalarning darajasi saralash bosqichidagi raqiblardan kuchliroq bo'ladi"
Saralash bosqichidagi raqiblar haqida:
"Masalan, Yaponiya yoki Avstraliya kabi mamlakatlar bilan o'ynamadik. Futbol buyoqda tursin, uzoq mamlakatlarga safar qilish oson kechmaydi. Faqatgina bir marotaba Laosga bordik, xolos. Laosda sharoitlar yaxshi emas edi, stadion va mashg'ulot maydonlari. Lekin, guruhimizdagi "kuchsiz" deb qabul qilingan raqiblar ham juda katta muammolar yarata olishdi. KXDR juda juda yaxshi qarshilik ko'rsatdi va ko'plab penaltilardan foydalana olmadi. Bir nechta o'yinlarda so'nggi daqiqada o'tkazib yuborilgan gol evaziga mag'lub bo'lishdi. Ularga qarshi o'ynash juda-juda qiyin bo'ldi"
- Ha, hech qaysi o'yin oson kechmadi. Misol uchun, Qirg'iz Respublikasi terma jamoasi uchinchi saralash bosqichida ilk marotaba ishtirok etayotganiga qaramay, ular ko'pgina raqiblarni qiynab qo'yishdi.
- Qirg'iziston saralashning so'nggi bosqichida ilk marotaba qatnashganini bilmas ekanman.
- Ha, ular debyut qilishdi. Qirg'izistonda futbolga etibor kuchaygan. Sababi, Qirg'iz futbol ittifoqini mamlakatdagi eng nufuzli insonlardan biri boshqarmoqda.
- Siz BAAda terma jamoasini ham boshqargansiz. To'g'ri, oradan 15 yil vaqt o'tdi, ammo ular nimalarga qodir ekanligini yaxshi bilasiz. To'rtinchi saralash bosqichi yani pley-offda BAAda qanday natija qayd etishi mumkin?
- Bilmadim. Men u erda ishlagan vaqtim xorijlik futbolchi BAA pasportini olishi va terma jamoada o'ynashi imkonsiz edi. O'sha vaqtlari. Endi esa qara, oradan vaqt o'tdi va qanchalik futbol o'zgarib ketdi. Hozir BAA chet ellik futbolchilarga fuqarolik bera boshladi. Hozir tarkibda nechta xorijlik futbolchi borligini bilmayman, balki to'rttadir yoki beshta. Indoneziya ham shunday yo'l tutdi. Xorijlik futbolchilar va mahalliy futbolchilar o'rtasidagi raqobat va daraja masalasi ko'plab savollarni keltirib chiqaradi. Men hozir u mamlakatda emasman va vaziyatdan xabardor emasman. Barchasini bilish uchun, o'sha erda bo'lish kerak. Hayot shunday. Kimdirning qandaydir harakatini baholash uchun, uning o'rnida bo'lib ko'rish kerak. Sen o'sha erda bo'lish va jarayonni his qilishing kerak. Masalan, Saudiya Arabistoni terma jamoasida birorta xorijlik futbolchi yo'q. Oldin ham shunday edi. Men bir narsani aniq ayta olaman. Imkoniyat paydo bo'ldimi, undan foydalanish kerak. Masalan, biz yaxshi guruhdan o'rin oldik va ushbu imkoniyatdan foydalanishimiz kerak. Bizda imkoniyat paydo bo'ldi va biz bundan foydalandik. Biz bor-yo'g'i bitta o'yinda mag'lub bo'ldik, u ham bo'lsa so'nggi soniyadagi g'alati gol tufayli.
- Biz Jahon chempionatiga chiqib bo'ldik. Ushbu natijamiz orqali, Qatar terma jamoasidan kuchliroq ekanligimizni isbotlay oldikmi? Biz ularga Osiyo Kubogida alamli tarzda mag'lub bo'lgan edik-ku...
- Futbolchilar ushbu fikrga ishona olishi kerak. Raqibdan kuchli ekanligiga ruhan ishonish kerak. Keyin esa buni maydonda isbotlash kerak bo'ladi. Ustiga ustak, bittagina o'yin orqali emas. Bir nechta o'yinlarda. Agar futbolchilar o'z kuchiga ishonishsa, bir nimaga erishish mumkin. Mening fikrimcha. Sizlar terma jamoangizni qo'llab-quvvatlaysizlar va o'z jamoangizni ochiq va chiroyli futbol namoyish etishini istaysizlar. Buni amalga oshirish uchun esa, futbolchilar ushbu g'oyaga ishonch bildirishdi va ishona olishi kerak.
Davomi ertaga...
O’xshash yangiliklar

Fikrlar
Давоми эртага...
масалан бу гапни ким айтди журналистми ёки мураббийми.