So’nggi yangiliklar

02:55Париж-2024. Франция Мисрни енгиб, финал йўлланмасини қўлга киритди  5 01:28"Атлетико" "Манчестер Сити" футболчиси учун 75 млн. евро таклиф қилди  0 01:11Саидазамат Мирсаидов: “Навбаҳор”га соврин ютиш учун келганман”  7 23:51Нико Уильямснинг "Барселона"га ўтишига унинг акаси қаршилик қилмоқда  2 23:10Париж-2024. Испания олимпия ўйинлари финалига чиқди  16 22:24Грузия терма жамоаси вакили "Ливерпуль"га ўтиши мумкин  2 21:54"Вест Хэм" 27 млн. еврога 31 ёшли ҳужумчи сотиб олди  1 21:23Марокаш - Испания ўйинида Илгиз Танташев алмаштирилди. Нега?  4 20:45ПСЖ 60+10 млн. еврога 19 ёшли футболчини сотиб олди  1 20:16"Барселона" Негрейрага пора бергани исобтини топмади, аммо...  10 19:59Ҳоланд: "Тез орада барчамиз энг яхши спорт формамизда бўламиз"  1 19:39ПСЖ "Айнтрахт" ҳимоячисини сотиб олмоқчи  1 19:18"Барселона" собиқ ҳимоячиси фаолиятини А Серияда давом эттириши мумкин  2 18:57"Байер" "Ливерпуль" собиқ ҳимоячисига қизиқиш билдирмоқда  1 18:34Ўзбекистон Кубоги. Чорак финал учрашувларида ишлайдиган расмийлар  3

So'nggi uch yilda uchta rahbarni o'zgartirgan "Neftchi" nima qilishi kerak? Yangiliklar

So'nggi uch yilda uchta rahbarni o'zgartirgan "Neftchi" nima qilishi kerak?

90 yillarda o'zbek futbolida o'z o'rniga ega bo'lgan "Neftchi"ning so'nggi yillardagi ahvolidan hech kim qoniqish hosil qilmay kelayotgan edi.

"Neftchi"ning sovrindorlar qatoridan yo'q bo'lishi avvalo farg'onaliklar, keyin vodiy ahli uchun katta yo'qotish bo'ldi. Bundan oliy liga ham ko'p narsani yo'qotdi. Har holda bitta kuchli jamoaning ko'rinmay ketishi chempionat saviyasiga soya solmay qolmadi.

Hammasi 2013 yilning 8-turidan boshlandi. O'z maydonida "Guliston"ni mag'lubiyatga uchratgan Yuriy Sarkisyan o'z vazifasidan ozod etildi. Unga qadar Yuriy Vazgenovich klubda ham murabbiy, ham boshqaruvchi vazifasini bajarardi. Bizga mana endi kirib kelgan menejer tushunchasi 90-yillarda Sarkisyan tomonidan amalda qo'llanib kelinardi. 2013 yil so'nggida "Neftchi" turnir jadvalini 9-o'rinda tugatdi. Bu ularning tarixidagi eng yomon ikkinchi natija bo'ldi. 2010 yil jamoa 10-o'rinda chempionatni yakunlagandi. 

Keling, avval tahlil qilib chiqamiz, nima uchun "Neftchi" ortga keta boshladi?

Avvalo Toshkentda "Paxtakor"dan keyin yana bitta kuchli jamoa paydo bo'ldi: "Bunyodkor". Yulduzlar "Bunyodkor"ga, kelajagi porloqlar esa "Paxtakor"ga kela boshlashdi. O'z-o'zidan "Neftchi" uchinchi pog'onaga tushdi. Ko'p o'tmay "Nasaf" degan stabil jamoa yuzaga keldi. "Bunyodkor" va "Nasaf" rahbariyati bor etiborni klubning infratuzilmasiga qaratishdi. "Neftchi"da esa hech nima o'zgarmay qolaverdi. "Paxtakor", "Nasaf" va "Bunyodkor" jamoalari asosiy etiborni bolalar futboliga qarata boshlaganlaridan keyin selekcionerlar vodiylik istedodli futbolchilarni poytaxt va vohaga tortib keta boshladilar. Farzandini "Neftchi" safida ko'rishni istagan, ammo niyati amalga oshmagan ota-onalar keyinchalik farzandlarini Toshkent va Qarshiga olib borishni maqul ko'rdilar. Bu esa "Neftchi"ning ertangi kuniga o'z tasirini o'tkazdi. Natijada "Neftchi"ning asosiy tarkibidan yangi Saidov, Akramov, Xolmatov va Fyodorov kabi futbolchilarni ko'rmay qoldik. Sarkisyanning ish uslubi eskirgan edi, lekin bu uni ko'chaga chiqarib qo'yish lozim degani emasdi. Yoxan Kroyff kabi uni "Neftchi"da faxriy prezident sifatida olib qolgan holda, klub strukturasini rivojlantirishni asosiy vazifa etib qo'yish kerak edi. Afsuski, unday bo'lmadi.

Sarkisyandan keyin klub Komiljon Mirzaboevga o'tdi. Klubning ishi o'nglanmadi. Aksiga olib ichki muammolar tufayli bu mutaxassis ham o'z lavozimidan ketdi va uning o'rniga Tohir Kapadze ish boshladi. Kapadzelar sulolasining eng kattasi ham "Neftchi"da uzoq qolmadi. Kecha uning o'rniga Farg'ona FF Vice-prezidenti Salim Zokirov klubda faoliyat boshladi. 

CHetdan turib shu narsani kuzatdik-ki, "Neftchi"da kim ishlamasin, ko'plab "yozdi-yozdi"larni ko'rdik. Bu esa klubda parokandalikka sabab bo'ldi. Klub ichida bo'linish paydo bo'ldi. Aynan shu narsa "Neftchi"ni orqaga tortib ketdi. Sarkisyandan keyin "Neftchi"da Evgeniy SHoxin, Amet Memet, Murod Ismoilov ishladilar. Bugun Andrey Fyodorov jamoaning natijasiga javobgar. Ismoilov o'zimizniki bo'lgani uchun vice-prezidentlarga o'z gapini o'tkaza olmadi va natijada o'zi jabr ko'rdi. Doim ham o'zi istagan tarkibni yig'a olmadi, yoshlar bilan ishlay desa rahbariyat natija talab qildi. Bu esa NOTO'G'RI! Andrey Fyodorovga jamoa o'tgach, uning oldidan natija olib tashlandi va klub erkin shakllana boshladi va buning natijasini bugun ko'ryapmiz. "Neftchi" OCHL uchun kurasha boshladi. Lekin so'nggi yillarda yo'l qo'yilgan xatolar oxir-oqibat so'nggi turlarga kelib pand bera boshlagan ko'rinadi, klub o'z maydonida "Andijon"ga imkoniyatni boy berdi. Bu esa Tohir Kapadze uchun qimmatga tushdi va u kishi o'z lavozimidan ozod etildi. 

SHu kungacha "Neftchi"dek boy tarixga ega jamoa boshqa klublardan futbolchini iajaraga olishni o'zi uchun or deb bilardi. Bugun esa jamoa tarkibida bir nechta ijaraga kelgan futbolchilar joy olganlar. Bu esa so'nggi yillarda jamoada bolalar futboliga bo'lgan etiborning keskin tushib ketganidan dalolat beryapti.

2013-15 yil davomida klub uchinchi rahbar qo'l ostiga o'tdi. 90-yillarda "Paxtakor"ning bolalar futbolidagi eng katta raqobatchisi "Neftchi" bo'lardi. Klub qachon qanday musobaqada bo'lmasin, faqat chempionlik uchun maydonga chiqardi. O'yinlarni Sarkisyanning o'zi bevosita maydonda kuzatar va o'ziga manzur kelgan futbolchilarni avvaliga o'rinbosarlar, keyin esa asosiy tarkibda sinab olardi. Afsuski, keyingi yillarda "Neftchi" qaramog'idagi o'smirlar birorta Respublika miqyosidagi musobaqada ko'rinmay qoldilar. Xorijdagi turnirlar haqida-ku, aytmasak ham bo'laveradi. "Bunyodkor", "Paxtakor" va "Lokomotiv" jamoalari bir yilda hech bo'lmaganda 3ta xorijiy turnirda ishtirok etib qaytadilar. Aynan shuning uchun ham bu jamoalar etakchilar qatoridan joy olyaptilar. Doim ham futbolda hakam yoki bironta holat natijaga tasir qilmaydi. Bolalar futboliga etibor berish orqali klub o'zining ertangi kunini iqtisod qilish bilan birga muxlislar kutgan natijani beradi.

Maqola orqali avvalgi rahbarni tanqid qilib, bugungi rahbariyatga yoqish niyatimiz yo'q. Maqsadimiz o'zgacha, "Neftchi"ni kuchlilar safiga qaytishini istasangiz, Farg'onaga bolalar futbolini qaytaring. Buning uchun hokim oldiga kirib, faloncha pul bersangiz, falon natijaga erishamiz deyish kerak emas. Istaysizmi-yo'qmi, tizim va struktura bo'yicha kamida 4ta jamoa "Neftchi"dan ancha ilgarilab ketgan. Mayli yana 3-4 yil "Neftchi" o'rtamiyona jamoa bo'lsin, lekin klub byudjetidagi pulni bolalarga ham berish orqali haqiqiy "Neftchi"ni qaytarish payti keldi. Bugun poytaxt va vohalik skautlar tinch o'tirayotganlari yo'q. Qaerda yaxshi bola chiqsa birinchilardan bo'lib o'z jamoalariga olishga harakat qilyaptilar. Hatto shunday voqealar bo'lyaptiki, "Neftchi" murabbiylariga ko'rsatishdan naf yo'q degan Farg'onadagi yoshlar murabbiylari o'z shogirdlarini Toshkent va voha jamoalariga ko'rsatishyapti. Maqsad pul ishlash emas, bizda yosh bolaning transferiga nari borsa 10ta to'p berishadi. Maqsad boshqa, ustoz o'z shogirdidagi istedod so'nib qolmasin deydi. 

Agar Salim Zokirov haqiqatdan ham "Neftchi"ning avvalgi mavqeini tiklashni istasa, bugundanoq bolalar futboli uchun maxsus dastur ishlab chiqsin. Kerak bo'lsa Fyodorovdan foydalangan holda o'z murabbiylarini chet ellarda o'qitsin, tajriba almashib qaytsinlar, nafaqat murabbiylar, boshqa bo'lim vakillariga ham professional ishlashni o'rgatadigan payt keldi.

Nodirxo'ja Yuldashev.


Reyting: +14   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика