SHohid Tillaboev: “Liverpul” klubini qaramog'imizga oldik”
10 apr 2014 14:39
Yangiliklar
SHohid Tillaboev: “Liverpul” klubini qaramog'imizga oldik”
- SHohidjon, suhbatimiz avvalida o'tgan mavsum sarhisoblariga to'xtalib o'tsangiz. Har holda debyutant jamoa uchun yomon natija bo'lmadi, shundaymi?
- Albatta. “Istiqlol” klubini tashkil etish harakatlari 2012 yilda boshlangan edi. O'FFga o'z loyihalarimizni taqdim etdik. Federaciya rahbariyati rejalarimiz bilan tanishib chiqqach, jamoamizni to'g'ridan-to'g'ri 1-ligada ishtirok etishini taminlashdi. Bu ishonchli imkon qadar oqlashga harakat qildik. O'zbekiston Kubogida ikkita bosqichdan muvaffaqiyatli o'tdik. CHempionatda ham 2-bosqich bahslarida qatnashdik. Biz o'z oldimizga mahalliy yoshlarni etakchi klublarimiz hamda terma jamoalarimizga etkazib berishni maqsad qilib olganmiz. Klubimizning shiori ham shunga monand – “Yoshlar kelajagimiz!” SHu bilan birga o'zbek futbolida o'z o'rnimizga ega bo'lishni ham maqsad qilganmiz. O'tgan mavsum boshida jamoamiz oldiga qo'yilgan asosiy maqsad – 1-ligada kuchli 8ta klub safidan joy olish vazifasi bajarildi. Tarkibimiz juda yosh. 1995-97 yillarda tug'ilgan yosh futbolchilar soni 10 nafardan ziyod. Lekin bu yigitlarning barchasi o'yinga chanqoq. Bu yoshlarga o'rnak bo'lishi uchun Nodir Qo'ziboev, Nodir Odilov, Hasan Ergashev kabi oliy ligada suyagi qotgan futbolchilar bilan ham shartnoma imzolagandik. Bu o'z foydasini berdi. O'tkazilgan 14 ta o'yindan 11 tasida mag'lubiyatga uchramadik. Menimcha, bu yangi jamoa uchun yomon natija emas. CHempionatning so'nggi – Muborakda “Mashal”ga qarshi kechishi lozim bo'lgan uchrashuviga jamoamiz bormadi.
- Nima uchun bormadinglar? Buning sababini tushuntirib bera olasizmi?
- Buxoroning “Spartak” klubi bilan “To'qimachi” stadionida o'tgan uchrashuvda futbolchilar o'rtasida janjal yuzaga kelgandi. Bu vaziyatni o'rganib chiqqan PFL bir tomonlama qaror chiqardi, deb o'ylayman. Moddiy jarimadan tashqari, “Istiqlol”ga mehmonga borib o'ynash qarorini chiqarishdi. O'sha o'yin tafsilotlari matbuotda, xususan “Futbol sharhi” ko'rsatuvida ham batafsil berildi. Aslida janjal mehmon jamoa tomonidan yuzaga keltirilgan edi. “Spartak”ka esa “NBU-Osiyo” bilan o'ynashga ruxsat berishdi. Bu bilan men jamoamizni oqlamoqchi emasman. SHunchaki, PFL vaziyatni atroflicha o'rganib, keyin qaror chiqarsa yaxshi bo'lardi. Vaziyatni ko'r-ko'rona, yuzaki o'rganib, bir tomonlama qaror chiqarishdi.
- Jamoaning o'z stadioni va bazasi yo'qligi sabab, o'tgan mavsumni ijara asosida “To'qimachi” stadionida o'tkazdinglar. Ayniqsa, bazaning yo'qligi qo'shimcha qiyichiliklarni tug'dirmadimi?
- Jamoa tashkil etilayotgan paytda klub rahbariyati bosqichma-bosqich rivojlanish dasturini ishlab chiqqandi. Hozir shu reja asosida ishlayapmiz. O'tgan yili biz klub balansiga o'tkazmoqchi bo'lgan bazani so'nggi pallada yuzaga kelgan kelishmovchiliklar sabab qo'lga kirita olmadik. SHundan keyin viloyatdan taklif etilgan futbolchilarga poytaxtdan uy-joy qilib berdik.
- Jamoamizning asosiy maqsadlarida biri – oliy liganing etakchi klublari va turli yosh toifasidagi terma jamoalarga istedodli futbolchilarni etkazib berish, dedingiz. Buning uchun jamoa o'z tayyorlov maktabiga ega bo'lishi kerak. Bu yo'nalishdagi ishlar qanday yo'lga qo'yilgan?
- O'tgan yili bu rejamiz qisman amalga oshdi, deb ayta olaman. Poytaxtda faoliyat yuritadigan “Liverpul” bolalar-o'smirlar jamoasi bilan shartnoma imzoladik. Unga ko'ra, biz shu jamoaning 1997-2000 yillarda tug'ilgan yosh futbolchilardan iborat 4 ta tayyorlov guruhini o'z qaramog'imizga olganmiz. Ularni yil mobaynida federaciya badal to'lovlaridan tortib, futbol anjomlari, to'plar, liboslar bilan to'liq taminlab berdik. Bu tayyorlov guruhidagilar “Istiqlol” nomidan shahar birinchiligida qatnashishdi. SHu bilan birga 2-ligada ham jamoamiz bor. Bu klubimiz tarkibiga ham “Liverpul” jamoasidan eng istedodli yoshlarini taklif etdik. Yoshlar orasidan ikki nafarini 1-ligaga “zayavka” qildik. Bu ikki futbolchi 1997 yilda tug'ilgan bo'lib, ular “Istiqlol” bilan professional shartnoma imzolashdi va bu bilan katta futbolga qadam qo'yishdi.
- O'tgan yilgi mavsumda o'zini ko'rsata olgan va jamoa muvaffaqiyatiga xissa qo'shgan futbolchilar 1-liganing etakchi klublariga o'tib ketishibdi. Kimlar jamoa tark etdi?
- Bu bir tomondan yaxshi. Debyutant jamoa futbolchilariga etakchi klublarning qiziqish bildirishini xursandchilik bilan qabul qildik. Lekin tanganing boshqa tomoni ham bor. Ochig'ini aytish kerak, jamoamizni tark etgan futbolchilar o'tgan mavsum hech bir klubdan taklif olmay yurgan bir paytda, biz ularni ish bilan taminlagandik. Yaxshi sharoitlarda o'ynashdi. Maosh va mukofot pullari o'z vaqtida berildi. Murabbiyimiz bu o'yinchilar bilan alohida ishlab, ularni yuzaga chiqarishga yaxshigina mehnati singandi. Endi o'yinlari ochilib, jamoaga foydasi tegadigan paytda boshqa klublarga o'tib ketishdi. Ammo, “Istiqlol”dan kuchli, o'z oldiga oliy ligaga chiqish vazifasini qo'ygan jamoalarga o'tishganiga baribir xursand bo'ldim. Bir paytlar mamlakat yoshlar terma jamoasi tarkibida yorqin o'yin namoyish etgan Nodir Qo'ziboev “Qo'qon-1912” klubiga o'tdi. O'tgan yili uni “Registon” jamoasi bilan mavsumga tayyorgarlik ko'rayotganida safimizga qo'shib olgandik. Toshkentda o'ynasang, etakchi klub murabbiylari nigohini o'zingga qaratish oson bo'ladi va shu orqali avvalgi mavqeyingni qaytarib olishing mumkin, deganding. Ozmi-ko'pmi bunga erishdi, deb o'ylayman. “Qo'qon-1912” jamoasi o'z oldiga oliy ligaga chiqish vazifasini qo'ygan. Yana bir futbolchimiz – G'ulomhaydar G'ulomov. U ham istedodli futbolchi. O'tgan yili “Zarafshon” va “Qizilqum” jamoalarini birlashtirish natijasida G'ulomov oliy liga “zayavkasi”dan qolib ketgandi. Yarim yil davomida bizga katta yordam berdi. Uning kelajagi porloq, hali yaxshi jamoalar tarkibida o'ynashiga ishonaman. Oliy liga klublaridan taklif bo'lishiga qarama y, elitaga aniq chiqishni maqsad qilgan “SHo'rtan” jamoasi taklifini qabul qildi. G'ulomhaydarni g'uzorliklar bizdan harid qilishdi. Uchinchi futbolchimiz – Nodir Sagdullaev. “Lokomotiv” klubi tarbiyalanuvchisi bo'lgan bu himoyachi o'tgan yili jamoa topa olmay yurgan paytda uni safimizga taklif qilgandik. Bir yil davomida murabbiy uning yangi qirralarini kashf qildi, deb bemalol ayta olaman. O'zini har tomonlama ko'rsata oldi. Afsuski, bu Nodir ham oliy ligaga chiqish vazifasini qo'ygan “Oqtepa” jamoasi bilan shartnoma imzoladi.
- Jamoani tark etgan etakchi futbolchilarning o'rnini to'ldira oldinglarmi?
- Biz tajribali futbolchilarga murojaat qilmadik. Aksincha, yosh va istedodli yoshlarga urg'u qaratyapmiz. Qo'ziboevning o'rnini to'ldirish uchun o'tgan yili “SHo'rtan” tarkibida oliy ligada o'ynagan Ravshan Abduvohidovni taklif etdik. O'z vaqtida u ham mamlakat yoshlar terma jamoasiga chaqirilgan. Bundan tashqari, oliy liga klublarining o'rinbosarlar tarkibida o'ynagan futbolchilar bilan ham shartnoma imzoladik.
- “Paxtakor-2” jamoasiga qarshi o'tkazilgan O'zbekiston Kubogi doirasidagi o'yin bilan bu yilgi mavsumni boshladinglar. Mehmonda o'ynashinglar va 1-bo'limdan so'ng 0:2 hisobida mag'lubiyatga uchrayotganinglarga qaramay, yakunda g'alaba qozondinglar...
- “Paxtakor-2” jamoasiga Dilshod Nuraliev murabbiylik qilyapti. Bu mutaxassisga ortiqcha tarif berish shart emas. Qolaversa, “Paxtakor” jamoasi tarkibida juda ko'p istedodli futbolchilar bor. Yoshi katta o'yinchilardan cho'chimasdan, xatto 1-bo'limda ikkita to'p kiritishga ham muvaffaq bo'lishdi. Lekin baribir yakunda tajriba o'z so'zini aytdi. Isroil Tursunovning dubli va uning golli pasi evaziga jamoamiz 10 daqiqa ichida 3 ta to'p kiritib, g'alabani o'z tomoniga og'dirib oldi. Endi O'zbekiston Kubogining navbatdagi bosqichida “So'g'diyona” jamoasini qabul qilamiz. Taqvimga ko'ra, “Istiqlol” mamlakat chempionatining dastlabki 4 ta uchrashuvini mehmonda o'tkazadi. SHundan so'ng, birinchi uy o'yinimiz aynan “So'g'diyona”ga qarshi bo'lib o'tadi. O'ylaymanki, jamoamiz o'yinga-o'yinga jismoniy va funkcional tayyorgarligini maromiga etkazib boradi. Maqsadimiz – kubokdagi o'tgan yilgi natijamizni yaxshilash. O'tgan yili “Neftchi”dan ham o'tishimiz mumkin edi. Farg'onada avtogol evaziga mag'lub bo'lgandik. Sarkisyan maydonga jangovor tarkibni tashlashiga qaramay, munosib qarshilik ko'rsatgandik. Golga tortadigan 3-4 ta aniq vaziyatlar ham yuzaga kelgandi, ammo, yigitlardagi hachjon bunga yo'l qo'ymagandi. Javob bahsi to'liq bizning ustunligimizda o'tgandi. Afsuski, Nodir Qo'ziboev sobiq jamoasini ayab, bo'sh qolgan darvozaga to'p kiritmagan edi.
- O'tgan yili PFL tomonidan “To'qimachi” stadioni diskvalifikaciya qilinib, bu yilgi mavsum o'yinlarini betaraf maydonda o'tkazish majburiyati yuklangan edi. Hozir vaziyat qanday, belgilangan jazo o'z kuchida qolganmi?
- Avvalo, bu borada PFL bilan hali gaplashganimiz yo'q. O'tgan yili PFL “To'qimachi” stadionida muxlislar va maydon o'rtasiga to'siq o'rnatishimiz kerakligi hamda bu talab bajarilsa, mavsumni yana shu o'yingohda o'tkazishimiz mumkinligini aytandi. Endi bu oson bitadigan ish emas. Qolaversa, biz “To'qimachi”da ijara asosida o'ynaymiz. Ayni paytda “Istiqlol” jamoasi yangi mavsumni Toshkent viloyatining Pskent tumanidan o'tkazishga yaqin turibdi. Bugungi zamonaviy futbolda moliyaviy jihat birinchi o'rinda turadi. Aynan moddiy ahvolga qarab jamoa o'z rejalarini tuzib chiqadi. O'tgan mavsumni mahalliy kichik homiylarning yordami bilan o'tkazdik. Jamoamiz tashkil etilayotgan paytda davlat tashkilotlaridan birini klubga biriktirib qo'yish harakati bo'lgan. Ammo, bu jarayon juda sekin rivojlandi. Yil oxiriga kelibgina Vazirlar Mahkamasi tomonidan bu reja amalga oshdi. 1-ligada Toshkent viloyatidan jamoa yo'qligini inobatga olib, u erdagi muxlislarni ham xushnud etish maqsadida poytaxtdan 30 km uzoqlikda joylashgan Pskent tumanidagi stadionda uy o'yinlarini o'tkazishimizni aytishdi. SHu tariqa, endi jamoamiz barcha musobaqalarda Pskent tumani nomidan ishtirok etadi.
- Demak, klub mavsumni Pskentda boshlaydi, shundaymi?
- Aslida mavsumni Pskentda boshlamoqchi edik. Ammo, u erda hozir maydon chimi talabga javob bermaydi. SHuning uchun, birinchi davrani “To'qimachi” stadionida o'tkazishimiz ham mumkin. SHunday bo'lgan taqdirda ham har bir uy uchrashuviga Pskentdan keladigan muxlislar uchun alohida avtobus tashkil etish rejamizda bor. Bundan tashqari, bizda To'ytepa varianti ham bor edi. Lekin Olim Ashirov nomidagi 8 ming tomoshabinga mo'ljallangan stadion ayni paytda PFL talablariga to'liq javob bermasligi sababli, bu masala ham kun tartibidan olib tashlandi. Yana bir holat, hukumatimiz tomonidan Toshkent viloyatida futbolni yanada rivojlantirish, bu tumanga yana katta futbol havosini olib kirish vazifasi ilgari surilyapti. SHu maqsadda jamoaga tuman hokimligi ham homiylik qilishni nazarda tutgan. Ular klub oldiga oliy ligaga chiqish vazifasi qo'yilishi va shunga yarasha moddiy jihatdan yordam berilishni vada qilishdi. Biz o'z o'rnida “Istiqlol” jamoasining yuridik manzilini Pskent tumaniga ko'chirdik va bu haqidagi kerakli hujjatlarni O'FFga topshirdik. Yaqin kunlar ichida klub logotipi o'zgartirilishi lozim. SHundan so'ng jamoa to'liq Pskentning “Istiqlol” klubi deb yuritila boshlanadi. Birinchi davrani “To'qimachi” stadionida o'tkazamiz. U erda barcha havfsizlik choralari taminlanadi. Ikkinchi davradan Pskentga ko'chib o'tamiz. Stadionning o'zida bazamiz ham bo'ladi. Ayni paytda stadion va bazada tamirlash ishlari olib borilyapti.
- Birinchi ligadagi o'rtamiyona jamoaning bir yillik byudjeti qancha?
- Futbolchilarning maoshi, mukofot pullari, safar harajatlari, mashg'ulotlar jarayoni, o'yinchilarning uch mahal to'liq va to'g'ri oziqlanishi, xullas, barcha harajatlarni qo'shganda, tahminan 500-700 million so'm atrofida mablag' kerak bo'ladi. SHuncha mablag'ga ega bo'lsangiz, 1-ligada bemalol bir jamoani saqlab turish mumkin.
- Bilishimizcha, “Istiqlol” jamoasi Maxachqalaning “Anji” klubi bilan yaqin hamorlik munosabatlarini o'rnatgan ekan. SHu haqda ham malumot bersangiz. Bu hamorlikka bevosita Odil Ahmedovning aloqasi bo'lsa kerak?
- Albatta. Odil jamoamizning do'sti, muxlisi desa ham bo'ladi. Mana yaqinda ham Moskva shahrida bir oy bo'lib qaytdim. “Anji” klubi marketing, menejment, infratuzilmasi mukammalligi jihatidan Evropada etakchi o'rinlarda turadi. Bu mening fikrim emas. Evropalik mutaxassislar shunday xulosaga kelishgan. SHu safarim davomida “Anji” klubida malaka oshirdim. Klub infratuzilmasi, akademiyasi bilan yaqindan tanishib chiqdim. Bu bilim va ko'nikmalarimni jamoamizda ham tadbiq etishni boshladik. Rejaga ko'ra, bu yil istedodli futbolchilarimizni “Anji” mashg'ulotlarida bevosita ishtirok etishini taminlamoqchimiz. Bu borada yaqin kunlarda Maxachqala jamoasi bilan rasmiy shartnoma imzolash rejalashtirilgan.
- O'tgan yili shou-biznes vakili, aktyor Alisher Uzoqov bilan professional shartnoma imzolangan edi. Bu yil ham u “Istiqlol” sharafini himoya qiladimi?
- Albatta. U mashg'ulotlarda ishtirok etyapti. Alisher juda zo'r futbol o'ynamas, lekin haqiqiy professional futbolchilardan ko'ra, millionlar o'yinini yaxshi ko'radi. Uzoqov masalasida ko'p tanqidlar eshitdim. Xatto PFL rahbari ham futbolni shou-biznes bilan aralashtirib yuboryapsan, deb aytdi. Lekin mening o'z fikrim bor. Futbol federaciyasi, xususan PFL shuncha yildan beri qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmasin, stadionga muxlislarni qaytara olmayapti. Ammo biz birgina Alisher Uzoqovni jamoaga taklif qilish orqali bu narsaga ozmi-ko'pmi erishdik. Men bu so'zni hech ikkilanmay ayta olaman. Alisher 1-davradagi barcha o'yinlarimizda ishtirok etdi. To'g'ri, ko'p maydonga tushmagandir, ammo, u borgan o'yinlarda stadionlar deyarli to'ldi. Ishonmaganlar statistikani ko'rib olishlari mumkin. Uzoqovni ko'rish uchun ham muxlislar 2-3 mingtaga ko'payib ketgan holatlar bo'ldi, bu fakt. O'yinda maydonga tushmagan bo'lsada, tanaffus paytidagi mashg'ulotini muxlislar miriqib tomosha qilishdi. Xatto, ayollar, onaxonlar ham stadionga kela boshlashdi. SHu muxlislardan hech bo'lmaganda, 200 nafari futbolga qiziqib ketsa, bu bizning katta yutug'imiz bo'ladi. Penaltidan bo'lsada, gol urdi. 11 metrli jarima nuqtasidan adashayotgan professional futbolchilar qancha. Ayni paytda ham jamoa bilan birga mavsumga tayyorgarlik ko'ryapti. Tibbiy ko'rikdan ham muvaffaqiyatli o'tdi. Mashg'ulotlarni istedodli murabbiy Kamol Jo'nashev olib boryapti. O'zi ham yaxshigina futbolchi bo'lgan. Farg'ona olimpiya zaxiralari kollejida murabbiy bo'lib ishlagan. “Imkon-Oltiariq”, “CHust-Paxtakor” jamoalarida tajriba to'plagan. Uning shogirdlaridan, yani farg'onalik yosh futbolchilardan 6 nafari 2- ligadagi jamoamizda o'ynayapti. “A” licenziyasiga ega bu murabbiyimizning kelajagi porloq.
- Birinchi ligada muammolar etarli, kelishilgan o'yinlar ham yo'q emas. Bu borada fikringiz qanday?
- O'zim futbol o'ynaganim uchun bu narsani oldindan bilardim. Lekin bu darajada ildiz otib ketganligini bilmagan ekanman. Kelishilgan o'yinlardan tashqari, hakamlik masalasi juda ham ayanchli ahvolda. Eng achinarlisi, maqsadi umuman bo'lmagan jamoalar hakamlarga pul taklif qilishyapti. Endi oliy ligaga chiqishni maqsad qilgan yoki ligada o'z o'rnini saqlab qolishni maqsad qilgan jamoalarni tushunish mumkin. Aslida bu ham jinoyat. Ammo o'rtamiyona, 1-liganing doimiy azolariga bundan nima naf. 24 ta jamoadan 20 tasida maqsad yo'q. Bir hil sharoitda bo'la turib, nimaga hakam bilan kelishadi, nima uchun pul taklif qiladi, shu savolga haligacha javob topa olmayapman. Undan ko'ra, sog'lom raqobatni yuzaga keltirib, muxlislar mazza qilib tomosha qiladigan futbol namoyish etgan yaxshi emasmi? Kelishilgan o'yinlarni ko'rgan ishqiboz qaytib stadionga kelmayapti. Keyin eng yomoni, bu PFLning aybi – ikkinchi bosqichda 8 ta jamoa ishtirok etayotgan paytda, qolgan 16 ta jamoa bekorchi bo'lib qoladi. Ular uchun hech qanday musobaqa yo'q. Futbolchilar uzoq muddat o'yin amaliyotisiz qolib ketishyapti. Murabbiy jamoani tarqatib yubora olmaydi, chunki keyin “pulka” bahslariga qayta ro'yxatdan o'tkazishning iloji bo'lmaydi. To'rt oy mashg'ulot o'tkazish mumkin, lekin o'yin amaliyotisiz bari bir pul. Taqvim juda ham noto'g'ri tuzilgan.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Fikrlar