So’nggi yangiliklar

00:47Чалобага АПЛнинг уч клуби қизиқиш билдирмоқда  0 00:30"Барселона" Мексика терма жамоаси мураббийлар штабига қўшилган Маркес учун 2 миллион евро олди  0 00:03"Милан" ҳимоячиси Бельгияга йўл олди  0 23:46"Реал Мадрид" бошқа ҳеч кимни сотиб олишни режалаштирмаяпти  0 23:29"Челси"ни 12 нафар футболчи тарк этиши мумкин - барча номлар маълум  2 23:12Туркия. Турғунбоевнинг ягона голи "Сивасспор"га ўртоқлик ўйинида ғалаба тақдим этди  2 22:55Ўртоқлик ўйини. "Арал" Суперлига жамоасини мағлуб этди  4 22:27Венесуэлада ВАР томонидан белгиланган офсайд чизиғи муҳокамаларга сабаб бўлди  13 22:00"Челси" Сарр билан шартномани бекор қилди. Футболчи эркин агент сифатида "Ланс"га йўл олади  1 21:43"Футбол бола тилидан" лойиҳаси давом этади. Меҳмонимиз — 9 ёшли Диёрбек Равшанов  0 21:21Шерзод Эсанов “Андижон” мухлислари билан хайрлашди  11 21:02Испания ОТЖ бош мураббийи: "Бор эътиборимизни Ўзбекистонга қарши ўйинга қаратганмиз"  21 20:49Париж-2024. Ўзбекистоннинг Испанияга қарши қандай либосда майдонга тушиши маълум  22 20:21Хёйбьерг "Тоттенхэм"дан "Марсел"га ўтди  3 20:00Расман: Мбаке — "Барселона" футболчиси!  5

SHarmandali mag'lubiyat. Katanec hamma narsa qilib ko'rdi, ammo baribir "tarsaki" edi Yangiliklar

SHarmandali mag'lubiyat. Katanec hamma narsa qilib ko'rdi, ammo baribir "tarsaki" edi

Srechko Katanec kelganidan keyin SHveciyaga yutqazgan (1:2) va Malayziyani yirik hisobda mag'lub etgan (5:1) edik.

Har ikkala uchrashuvda futbolchilarimiz juda yaxshi taassurot qoldirishgandi. SHvedlarga yutqazgan bo'lsakda, o'yinimizdan ko'nglimiz to'lgandi. Bugun esa Katanec va terma jamoamiz rosmana "tarsaki" edi.

O'zbekiston o'rtoqlik uchrashuvida Iordaniyaga yirik hisobda mag'lub bo'ldi

Katanec boshlang'ich tarkibda yanglishdi...

Bosh murabbiy Iordaniyadagi yig'inga olib ketgan o'yinchilar orasida hech biri toza hujumchi ortida o'ynaydigan futbolchilar emasdi. Oybek Bozorov o'ynagan, biroz ko'nikmasi bor, Aziz Amanovni ham ko'proq shu joyda ko'rayotgandi murabbiy (o'ynatib ham ulgurgandi hujumchi ortida). Masharipovning klubi ixtiyoriga qaytib ketishi sabab vingerlarimiz soni bittaga kamaydi. Bugun boshlang'ich tarkibga sloveniyalik mutaxassis uch nafar vingerni kiritdi. Ular orasidan Bozorov hujumchi ortiga qo'yildi. Zaxirada esa bittagina qanotda o'ynashi mumkin bo'lgan o'yinchi qoldi: A.Amanov. Ayni shu omil keyinchalik o'yinimizga salbiy tasir qildi...


Katanec o'yin davomida taktikani 3 marta o'zgartirdi, o'yinchilar joylashuvini esa doimiy o'zgartirdi. Bellashuvni 4-2-3-1 taktik sxemasida boshladik, 4-4-2da davom ettirdik va 4-3-3 bilan tugatdik. Bir qarashda zo'r-a! Lekin, bularning hammasi sharmandalikka qarab ketayotgan natijani qutqarib qolishga qaratilgandi. Afsus, o'xshamadi.

Raqib 1-bo'limda juda bo'sh o'yin ko'rsatdi, faqat jismoniy jihatdan ular kuchliroq edi. Biz esa avvalgi ikki bahsga qaraganda ancha yomon o'ynab turib ham ko'plab vaziyatlar yaratdik.


Qobilov va Umarov eng yomoni bo'lishdi

Birinchi golni o'tkazib yuborishimizdan sal avval Islom Qobilov oddiy vaziyatda Otabek SHukurovga pas beraman deb raqibga to'pni sovg'a qilib qo'ydi va Adnan Hamad shogirdlari yo'q joydan qarshi hujumga o'tish imkoniga ega bo'lishdi. Bu birinchi "signal" edi. 30-daqiqada Qobilov birinchisidan ham kattaroq "qovun" tushurdi. Yana oddiy vaziyatda elementar pasni berishda xato va to'p raqibga oldirib qo'yildi. Bu safar uning ortida sheriklari yo'q edi. Iordaniyaning 10-raqamdagi vingeri Musa Al-Tamari Islomga bosim qilib to'pni olib qo'ydi, o'zi oldiga yurdi va jamoadoshi Faysal Bahaga hammasini chaynab berdi. Qizig'i, bu "Lokomotiv" markaziy himoyachisining oxirgi xato emas ekan. 37-daqiqada himoyadan berilgan uzun pasga chiqib borgan Qobilovni Ali Olvan bir haarkat bilan "uxlatib ketdi". Yana xavfli hujum, bu safar boyagi Faysal to'pni oyog'idan yo'qotib qo'ydi va Islomning o'zi ortga qaytib kelib uchinchi xatosini tuzatishga ulgurdi. Bir bo'limda uch qo'pol xato terma jamoa markaziy himoyachisi uchun juda ko'p.

Birinchi bo'limning yana bir antiqahramoni SHahboz Umarov bo'ldi. Masharipovning joyida tushgan BATE vingeri Jaloliddinning teskarisi ekanligiga guvoh bo'ldik. Yani, "Al Nassr" azosi doim pas qidiradi, uning paslari zarbalaridan ancha sifatli. Umarovda esa zarbasi paslaridan kuchliroq. Ha, bugun ayniqsa kuchliroq bo'ldi. CHunki, bugun u asosan osmonlarga zarba beraverish bilan vaqt o'tkazdi. CHap qanotimiz juda kam ishladi, chapdan tashkillashtirilgan hujumlarning deyarli hammasi SHag'bozning juda noaniq zarbalari bilan yakunlanaverdi. SHu kuni u maydondagi hammadan ko'p zarba berdi va hammasi noaniq. Eng ko'p to'p yo'qotgan futbolchi ham aynan Umarov bo'ldi. Ochig'i, tanaffusda Katanecdan Qobilov hamda Umarovni almashtirishini kutgandim. Lekin, murabbiy BATE azosiga tegmadi va narigi qanotdagi Hamdamovni Amanovga almashtirdi. Qobilov esa joyini Abdulla Abdullaevga bo'shatib berdi.


Butun o'yin asosan jamoa uchun emas, o'zi uchun o'ynagan Umarov 90 daqiqa maydonda qoldi, qiziq. Balki, bunga yuqorida keltirganim zaxirada birorta vingerni qolmagani sababdir.


Katanecdan ikkinchi va uchinchi yurish, ammo... samarasiz

56-daqiqada jarima zarba ijro etilgandan keyin to'p yo'l-yo'lakay 6-raqamdagi markaziy himoyachi Nasib Abdullohning boshiga tegib Eldor Suyunov darvozasidan joy oldi. Vaziyat chigallashib keta boshladi. Katanec vaziyatdan chiqish uchun taktikani o'zgartirdi va 4-4-2ga o'tdi.

I.Yo'ldoshev, O.Bozorov va biroz avval engil jarohat olgan D.Tursunov o'rniga F.Sayfiev, I.Sergeev va H.Aliqulov tushdi.

Buyog'iga Malayziyaga qarshi yaxshi ish bergan taktikaga o'tildi, ammo harakatlar va paslar pala-partish tus ola boshladi. Raqibning jismonan yaxshiroq holatda ekanligi 2-bo'limda yaqqol o'z so'zini aytdi. Yuqoridagi tarkibga etibor bering, ikkala qanotdagi vingerlarimiz ham yaratuvchi, kutilmagan paslar bilan maqtana oladigan o'yinchilar emas. Aksincha, asosan kuchli zarbalari bilan tanilishgan. SHomurodov va Sergeev juftligiga esa paslarni etkazib bera oladigan vingerlar kerak edi. Vaziyatda to'g'ri baholagan murabbiy 11 daqiqadan keyin taktikamizni 4-3-3ga o'zgartirdi. Bunda SHomurodov o'rnini Aziz G'aniev egalladi.


Taktikaning uchinchi marta o'zgartirilishi ham bizga yordam bermadi. CHunki, shu kuni markaziy himoyachilarimiz raqibga yordam berishga oshiqaverishdi. 83-daqiqada shunchaki himoyadan tepib yuborilgan to'pni qaytaraman deb A.Abdullaev uni raqibga tashlab berdi. Jarayonning davomida esa Hamza Dardurdan tezlikda qolib ketdi va raqib darvozabonimiz bilan birga-bir chiqib ketishiga yo'l qo'yib berdi. O'sha epizodda ikki nafar iordaniyalik futbolchi 5 nafar futbolchimizni "echib ketdi".


Ochig'i, uchrashuvning oxirgi 7-8 daqiqasida futbolchilarimiz "bardak" futbol namoyish etib berishdi. Menimcha, uchinchi goldan so'ng ularni o'zlarida ham ishtiyoq va xohish yo'qolib qoldi.


Tursunov va Sayfiev eng yaxshi

Doston Tursunov almashtirilguncha maydondagi eng yaxshi o'yinchimiz bo'lib turgandi. Tuppa-tuzuk o'ynab turgandi. Uning zaxiraga olinishiga olgan kichik jarohati sabab bo'ldi, nazarimda. 60-daqiqada tushgan Farruh Sayfiev ham Tursunov bilan birga eng yaxshi bo'ldi. Katanec kelganidan keyin dastlabki ikki o'yinda 3ta golli pas bergan Farruh asosiy tarkibdagi o'rnini ancha mustahkamlab oldi. Bugun ham zaxiradan bahsga qo'shilib bir nechta ajoyib paslarni ijro etdi. Bir gal qanotdan Malayziyaga qarshi Norchaevga beragni kabi pas uzatdi, Sergeev va Amanov kerakli joyda emasdi. Keyinroq markazda erlatib kesma (aniq) pasni ijro etdi. 90-daqiqada esa uchrashuvdagi eng zargarona pas ham Sayfiev ijrosida amalga oshirildi. Farruh maydonning birinchi yarmi tomondan ikkinchi yarmi tomonga shedevrni ijro qildi hamda Sergeevni birga-bir vaziyatga chiqarib yubordi. Bu pasni ko'rsa Brunu Fernandesh-u, Kevin de Bryuynelar ham olqishlaydi. Sayfievning ideal pasini Igor ko'kka sovurdi, shunday pas uvol ketganini chatoq bo'ldi.


Odatda Masharipov va Sayfiev harakatlanadigan chap qanot bizda eng faol bo'lardi, bugun esa ularsiz chap qanot o'ng qanotdan passiv bo'ldi. Jaloliddin - Farruh tandemi chapda asosiy ekanligiga amin bo'ldik.

Bunday o'yin va natija Katanec uchun foyda bo'lishi kerak. Mag'lubiyat fojia emas, undan xulosa chiqarmaslik fojia. Katanec bugun anchagina jihatlarni o'zi uchun bilib olgan bo'lsa ajab emas. Ikkita yaxshi o'yindan keyin, bunaqasini ham ko'rdi (k). Umid qilamiz, murabbiy o'rtoqlik o'yinlaridagi mana shunday xatolardan kerakli xulosalarni chiqarib boradi va kelajakdagi rasmiy bellashuvlarda bunga yo'l qo'ymaslikka urinadi. Buguncha esa sharmandali mag'lubiyatni qabul qilib oldik.

Yosh bola paytim ko'chada otam va akam bilan birga rahmatli buvimlarni (Alloh rahmatiga olgan bo'lsin) ko'rib qaytayotganimizda erda oxirigacha chakilmasdan tashlab yuborilgan tamaki (sigaret)ga ko'zim tushdi. Boshlang'ich sinf bolasining hayoliga to'satdan erdagi tamakini tortib ko'rish fikri keldi . Otam va akam yo'lda davom etishardi, men esa tamakini olib qo'limda ushlab biroz o'ylanib turdim va ko'zimni yumib tortib ko'rdim. Ko'zimni ochsam ro'paramda akam turibdilar. Yuzimga yaxshigina musht tushdi. Zarbadan endi yig'lamoqchi bo'lganimda akam: -"Yana bir marta qo'lingda tamaki ko'rsam, o'sha qo'lingni sindiraman", - dedilar. Va bu voqeani otamga aytmadilar. Yosh bola paytim akamdan egan o'sha musht bir umrga dars bo'ldi. Qaytib umuman tamakiga yaqinlashmadim. O'sha musht uchun avvalo joyida aqlimni kiritib qo'yishlariga sababchi bo'lgan Allohdan va bunga sababchi bo'lgan akamdan hozirgacha minnatdorman. Umid qilaman, bugungi "tarsaki" Katanec uchun yaxshigina dars bo'ladi. Har holda eng yaxshisiga umid qilamiz.

Muallif : Tolibjon Qosimov
Reyting: +39   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика