SHamolga uchirilgan pullar: o'tgan mavsumning eng yomon transferlari (mutolaa uchun)
31 may 12:46
Yangiliklar
SHamolga uchirilgan pullar: o'tgan mavsumning eng yomon transferlari (mutolaa uchun)
O'tgan mavsum bizni ko'p jihatlar, ayniqsa ko'plab gollar, sensaciyalar va ayrim kutilmagan voqealar bilan xursand qildi. Ammo, o'tgan mavsum hamma uchun ham yaxshi o'tgani yo'q. Bu ayrim klublarga ham, ayrim futbolchilarga taaluqli. Ularning hammasi ham kutilgan ishonchni oqlamadi. Bugun o'tgan mavsumning eng yomon transferlari haqida gaplashamiz.
Ansu Fati ("Brayton", ijara)
Fati qaysidir payt Lionel Messining o'rinbosari sifatida ham tilga olingandi. Yigitchaga "Barselona"da katta umidlar berilgandi, ammo bu umidlar haqiqiy holatdan ancha baland bo'lib chiqdi. Yosh ispan qaerdadir eplay olmadi, qaerdadir jarohatlar halal berdi. Futbolchi yakunda "Brayton"dagi Roberto De Zerbining oldiga rivojlanish va faoliyatini qayta qurish uchun yo'l oldi. Ammo, bundan ham hech narsa chiqmadi. 21 yoshli vinger o'tgan mavsum APLda 19ta o'yinda maydonga tushib, 2ta gol urdi, u har bir o'yinda o'rtacha atigi 26 daqiqa harakat qildi. Bu Lionel Messining raqamini olgan o'yinchidan kutiladigan narsa emas. Futbolchining kelajagi muvaffaqiyatsiz ijaradan so'ng yana so'roq ostida qoldi.
Renatu Sanshesh ("Roma", ijara)
Sanshesh "Bavariya"dagi muvaffaqiyatsiz davrdan so'ng "Lill"da bir necha yaxshi mavsum o'tkazdi. Keyinchalik portugaliyalikning faoliyatida yuqorilash bo'lgandek tuyuldi. Ammo, faqat tuyuldi. PSJga o'tish umuman o'yinchining foydasiga xizmat qilmadi, sababi u Parijda kam o'yin amaliyoti oldi. Sanshesh yaxshi sharoitlar uchun "Roma"ga yo'l olishga qaror qildi, ammo bu vaziyatni yanada yomonlashtirdi. 26 yoshli xavbek o'tgan mavsum A Seriyada faqatgina 7ta o'yinda harakat qildi. Bu jarohatlarsiz bo'lmadi, ammo Sanshesh sog' bo'lganda ham ko'p vaqtini zaxira o'rindig'ida o'tkazdi. Portugaliyalik butun mavsum davomida jarohati sabab 5 bor safdan chiqdi va faqatgina 3 bor asosiy tarkibda maydonga tushdi. Xarid qilish haqida gap-so'z bo'lishi mumkinmas.
Oriol Romeu ("Barselona", 3,4 mln evro)
"Barselona" yozda Serxio Busketsga o'rinbosar izladi. Xavi "Real Sosedad"dan Martin Subimendini xohlagandi, ammo "Jirona"dan Oriol Romeuni oldi. O'yinchining transfer narxidan kelib chiqsak, undan nimadir katta narsani kutish qiyin edi. 32 yoshli xavbek mavsumning ilk qismida yaxshigina o'yin amaliyotini oldi, ammo mavsumning ikkinchi qismiga kelib keskin qisqardi. Xavi ehtimol tarkibda ko'rishni unchalik ham xohlamayotgan o'yinchidan xafa bo'lishni boshladi. Endilikda Romeuning "Jirona"ga ehtimoliy qaytishi haqida xabarlar yangramoqda. Ushbu transferni kataloniyaliklar uchun muvaffaqiyatli deb atash qiyin. Futbolchi jamoani kuchaytirmadi, tayanch yarim himoyachisi masalasi hali ham ochiq qolmoqda.
Meyson Maunt ("Manchester Yunayted", 64 mln evro)
Mauntning MYUga o'tishi shov-shuvli va biroz kutilmagan bo'ldi. Birinchidan, mankunianlarning nega Brunu Fernandeshning poziciyasiga o'yinchi bilan shartnoma imzolashi, bundan tashqari buni katta pul evaziga qilishi tushunarsizroq bo'ldi. Ikkinchidan, Meysonning formasi savollar uyg'otdi. U o'zining "CHelsi"dagi so'nggi mavsumida APLda "gol+pas" tizimi bo'yicha atigi 5 (3+2) ochko to'pladi. Bu hayiqish o'tgan mavsumda tasdiqlandi. 25 yoshli xavbek o'tgan mavsum Premer-ligada atigi 14ta o'yinda harakat qilib, 1ta gol urdi. Mauntga jarohatlar halal berdi va futbolchi shu sabab APLning o'zida 20ta o'yinni o'tkazib yubordi. Ammo, u so'nggi 3ta o'yinda umuman qaydnomaga kirmadi. Angliyalikning yangi klubidagi istiqbollari tumanlashib bormoqda.
Sandro Tonali ("Nyukasl", 64 mln evro)
Avvaliga Tonalining "Milan"dan o'tishi juda kutilmagan bo'ldi, sababi u "rossoneri" tarkibida uzoq yillar qoladi deb hisoblangandi. Birozdan keyin ushbu transferdan barcha yutgandek ko'rindi. Angliya klubi sifatli o'yinchini oldi, "qizil-qoralar" esa ushbu pulni tarkibni kuchaytirishga sarflasha oldi. Ammo, tez orada ushbu bitimdan faqatgina "Milan" yutgani oydinlashdi. Italiyalikning sportga pul tikishini bilib qolishdi va shu sabab 27 avgustga qadar diskvalifikaciya qilishdi. SHunday ekan, 24 yoshli xavbek APLda atigi 8ta o'yinda harakat qilishga ulgurdi. Tonali ehtimol kelasi mavsum jamoaga ko'proq foyda berar, ammo o'tgan mavsum ushbu transfer muvaffaqiyatsiz bo'ldi.
Mateush Nunesh ("Manchester Siti", 62 mln evro)
"Manchester Siti" o'tgan yozda Ilkay Gyundogan ketganidan so'ng markazni kuchaytirishga qaror qildi. "SHaharliklar" bir yo'l ikki o'yinchi – Mateo Kovachich va Mateush Nunesh bilan shartnoma imzolashdi. Yangi o'yinchilar ko'p o'ynashdi deb bo'lmaydi, ammo portugaliyalikning ishlari xorvattikidan ko'ra ancha yomonroq ketdi. Nunesh "Vulverxempton"da o'ynab yurgan paytlari o'ziga top-klublar, jumladan "Manchester Siti" va "Liverpul"ni qaratdi. Ammo, portugaliyalik oliy darajaga o'tib, o'zini ko'rsata olmay qoldi. 25 yoshli xavbek o'tgan mavsum APLda bitta o'yinda o'rtacha 38 daqiqa o'ynadi. U sog' bo'la turib, bir necha tur o'ynamagan paytlari ham bo'ldi. "SHaharliklar" katta ehtimol bilan ushbu transferda adashishdi. Hatto chempionlar ham adashadi.
Brayan Saragosa ("Bavariya", 13 mln evro)
"Bavariya" rahbariyati so'nggi bir necha yillarda ko'plab g'alati qarorlar qildi. Saragosa bilan shartnoma imzolash ulardan biri. "Granada" o'yinchisining transferi avvaliga, ayniqsa mavsum o'rtasida tavakkaldek ko'rindi. Myunxenliklar ehtimol Serj Gnabrining tez-tez jarohat olishi sabab hujum chizig'ini kuchaytirishni xohlashgandir. Ammo, ligada qolish uchun kurashayotgan jamoa futbolchisi "rekordmayster" uchun haqiqatdan ham kuchayish bo'la olarmidi? 22 yoshli vinger yarim mavsumda faqatgina 7ta o'yinda ishtirok etdi. Ispanning moslashish jarayoni qiyin kechdi, sababi u na nemischada gapiradi, na inglizchada. Saragosaning uzoq istiqboli juda tumanli ko'rinish olgan.
Romeo Laviya ("CHelsi", 62 mln evro)
Laviyaning transferi aniq o'tgan mavsumning eng yomon transferlari ro'yxatiga kiradi, ehtimol eng yomonidir. "CHelsi"ning Premer-ligada faqatgina bitta o'yinda ishtirok etib, jami 32 daqiqa o'ynagan o'yinchiga 62 mln evro to'laganining o'zi etarlidir. "Ko'klar" o'yinchi bilan jarohati bo'la turib shartnoma imzolashdi, vaziyat keyinchalik faqat yomonlashdi. Haligacha hech kim 20 yoshli xavbekdan nima kutishni bilmaydi, sababi u "Sautgempton"dan ketganidan beri deyarli o'ynamayapti. Ehtimol kelasi mavsum nimadir o'zgarar, ammo ushbu transfer hozircha to'liq muvaffaqiyatsiz.
Footballhd.ru saytidan Alisher Ostonov tarjimasi
Fikrlar