So’nggi yangiliklar

10:35МЮнинг қимматбаҳо футболчиси Туркияга ижарага кетиши мумкин  0 10:07Балотеллининг янги жамоаси маълум  0 09:36Ўзбекистон терма жамоасининг бугунги баҳс учун тахминий таркиби  25 09:07Goal нашри "Олтин тўп"га асосий номзодлар рейтингини тузиб чиқди  8 08:39Каземиронинг МЮдаги келажаги маълум  14 08:08Расман. "Рома" яна бир трансферни эълон қилди  7 07:40Бугун Ўзбекистон МТЖ ЖЧ-2026 саралашининг 3-босқичидаги илк учрашувини ўтказади  19 00:45Юртимизга куз кириб келди, қалбимизда эса ҳамон ёз ҳукмрон  7 00:31Эра ўз якунига етди... 2003 йилдан бери илк бор Роналду ва Месси "Олтин тўп" учун номзодлар рўйхатига киритилмади  21 00:11"Олтин тўп" учун 30 нафар номзод номи эълон қилинди. Улар орасида Роналду ва Месси йўқ  11 23:50Унаи Симон, Лунин, Эми Мартинес ва бошқалар — France Football йилнинг энг яхши дарвозабони бўлиш учун номзодларни эълон қилди  2 23:29France Football йил клуби номинацияси учун номзод жамоаларни эълон қилди  4 23:06Хаби Алонсо, де ла Фуэнте, Анчелотти — France Football талқини бўйича йил мураббийи ким бўлади?  7 22:48"Қўқон-1912" қачон ўз стадионига қайтади? Жамоа бош мураббийи жавоб берди  2 22:32Ямаль, Гюлер, Гарначо — France Football йилнинг энг яхши ёш футболчиси бўлиш учун номзодларни эълон қилди  5

Sevdiyor Hamraqulov: "Qizilqum"dan "kerak emassan", "ketaver" deb ketkazib yuborishgani alam qilgan" Yangiliklar

Sevdiyor Hamraqulov: "Qizilqum"dan "kerak emassan", "ketaver" deb ketkazib yuborishgani alam qilgan"

Bu safar bizning savollarimizga Pro-ligada debyut qilgan “Ittifoq-Navoiy” jamoasining sardori Sevdiyor Hamraqulov javob beradi.

Uning Pro-liga va "Qizilqum" jamoasi haqidagi fikrlari sizlarni befarq qoldirmaydi deb o'ylaymiz.

- Sevdiyor keling suhbatimizni o'tgan mavsum haqidagi fikrlaringiz bilan boshlasak. Jamoangiz ilk debyutdayoq kuchli ekanligini ko'rdik ammo, zaxira torligi mavsumning ikkinchi qismida pand berdi. Xullas, hammasi haqida batafsil gapirib bersangiz...

- Ha, men va jamoamizning har bir vakili uchun o'tgan bir yil judayam hayajon ostida o'tdi. To'g'ri, jamoada ko'pchilik futbolchilar shu qatorda o'zim ham Superliga havosidan nafas olgan bo'lsakda bu musobaqadagi ilk debyutimiz edi. Jamoamiz mavsumga juda yaxshi tayorgarlik qo'rdi. Mavsumning birinchi qismida natijalarimiz yaxshi bo'ldi. Afsuski, mavsumning ikkinchi qismi biz uchun omadsiz yakunlandi. Tajribali futbolchilar jamoani tark etganligi va jamoada zahira kamligi bunga asosiy sabab bo'ldi deya olaman. SHunga qaramasdan jamoamiz ilk debyutda yaxshi taassurot qoldirdi deb o'ylayman. Lekin, jamoadagi barcha futbolchilar mavsum ohirigacha bor kuchlarini berib harakat qilishgani tahsinga loyiq va jamoa sardori sifatida ularga minnatdorchilik bildiraman.

- Bilamiz, siz bir necha yil ilgari Navoiyning yana bir jamoasi “Qizilqum” va G'uzorning “SHo'rtan” jamoalarida Oliy ligada (hozir Superliga) harakat qilgansiz. Hozirda esa Pro-ligada ham debyut qildingiz. Ikkala chempionatning sezilarli darajada farqlari sezgan bo'lsangiz kerak...

- Oliy liga va Pro liganing farqi juda katta bo'larkan. Lekin, negadir meni ko'pchilik “Qizilqum” jamoasidagi faoliyatimni eslashadi. Lekin, men Oliy ligadagi ilk ishtirokim “SHo'rtan” jamoasida bo'lgan. O'shanda kuchli bo'lgan futbolchilar Igor Taran va Zafar Polvonov menga Oliy ligada hayajolarni engishimga yordam berganlar. Ha, yana bir narsa bu ikkala chempionatning asosiy farqi shundaki, Oliy ligada futbolchi aql va tez qaror qilish hususiyatini ishga solishiga to'g'ri keladi. Pro ligada esa tezkorlik birinchi o'rinda. Agar tezkorlik bilan harakat qilmasangiz nimagadir erishishingiz qiyin bo'ladi.


- “Ittifoq-Navoiy” jamoasiga sizni kim taklif qilgan va nega aynan bu jamoani tanlagansiz. Tajribali futbolchilar aksariyat qismi kuchli jamoalarni tanlashadi. Lekin, sizning tanlovingiz boshqacha bo'ldi...

- Albatta, mavsum boshida meni Farg'onaning “Istiqlol” jamoasi o'z tarkibiga qo'shib olmoqchi bo'ldi. Ammo, men talabaman va o'qishni Navoiyda davom ettirishim kerak edi. SHu sababdan Farg'onaga ketmadim. SHu paytda menga “Ittifoq-Navoiy” jamoasi taklif bilan chikdi. Jamoa murabbiylari va bosh direktori Alimardon aka meni jamoaga taklif qildi. Menga bu taklif o'zgacha ko'rindi, yakunda chorlovni qabul qildim. Ustiga-ustak menda o'zimni yana bir boshqa atmosferaga ega chempionatda sinab ko'rish imkoni bo'lgandi. SHunday qilib “Ittifoq-Navoiy” jamoasiga keldim va debyutimni o'tkazdim.

- Keling endi jamoangizning O'zbekiston kubogidagi ishtiroki haqida gapirib bersangiz. Birinchi ishtirokdayoq jamoangizning nimchorak finalgacha etib kelishi va Toshkentda “Oq-tepa” jamoasiga qarshi uchrashuvi va boshqalar...

- Bu savolni kutgandim. Ha, o'sha kunlar biz uchun juda yoqimli edi. SHuncha yil futbol o'ynagan bo'lsamda bunchalik rohatlanmagan edim. Bu kunlar mening faoliyatimda unutilmas xotiraga aylanib qoldi. Bilasizmi, O'zbekiston kubogiga qura tashlash marosimi kuni bizni hech kim tanimasdi ham. Hattoki, bunchalik natija ko'rsatishimizni etti uxlab tushiga ham kirmagan bo'lsa kerak. Lekin, biz uddaladik va birinchi ishtirokdayoq yaxshi natija ko'rsatdik. "Oq-tepa" jamoasi bilan uchrashuv juda qiziqarli bo'lgandi. Menimcha, o'shanda nimchorak final uchrashuvlari orasida bizning o'yin eng shiddatli o'tgan bo'lsa kerak. Afsuski, men o'shanda birinchi bo'limda haroratim ko'tarilib ketganligi sababli ikkinchi bo'limda jamoamga yordam bera olmadim. Ishonasizmi o'sha kuni maydon yonardi. Bilasiz, “Oq-tepa” jamoasining stadion maysasi suniy qoplamali chimdan iborat. SHu sababdan ham mening haroratim ko'tarilib ketgandi. Xullas o'sha kun mening va jamoadoshlarimning qalbida unutilmas kun bo'lib qolgandi. Nima bo'lganda ham birinchi ishtirok uchun juda yaxshi natija ko'rsatdik deb o'ylayman.


- Yangi mavsumda ham “Ittifoq-Navoiy” jamoasida qolasizmi yoki takliflar bormi?

- Endi to'g'risi takliflar bor. Ammo, menimcha jamoada qolsam kerak.Sababi men yana bir bor ushbu jamoa bilan o'tgan mavsumdagi natijamizdan yanada yaxshiroq natija ko'rsatish niyatim bor.

- Yangi mavsumda o'zbek jamoalari uchta frontda bahsga kirishadi. SHu jumladan sizning “Ittifoq-Navoiy” jamoangiz ham. Ayni vaqtga kelib jamoangiz mana shu musobaqalarda bir xil tempda o'yin ko'rsatishga kuchi etadimi?

- Albatta, bir xil tempda bir necha musobaqada o'yin o'tkazish juda qiyin. Hatto buni buyuk jamoalar ham uddalay olmaydi. SHu sababdan mavsum boshlanishiga yaqin rahbariyat bilan yanada aniq maqsadni oldimizga qo'yamiz va mana shu maqsadimiz sari intilamiz. Zaxiramizni esa bunga etarlicha tayyorlab boramiz.


- Sevdiyor nima uchun “Qizilqum” jamoasini tark etgansiz?

- Bu juda uzun hikoya. O'shanda “Qizilqum” jamoasidan ketaman deb o'ylamagandim. Jamoaning asosiy tarkibiga etib kelishda juda katta mehnat qildim. Bir zumga bo'lsada, o'zim ustimda ishlashda to'xtamadim. Ammo, endi asosiy tarkibga kelganimda meni oddiygina ketkazib yuborishgan. Yani 2014 yilda yoshlar tarkibidan asosiy tarkibga jalb etishdi va men yangi mavsumga asosiy jamoa bilan tayyorgarlik ko'rishim aniq bo'lgandi. Hattoki, yangi mavsum uchun tayyorgarlikka, Farg'onaga “Hokim kubogi” da va Turkiyada o'tkaziladigan xorij yig'inida qatnashishimni aytishdi. Lekin, dastlab Farg'onaga asosiy jamoa bilan ketmadim. Aksincha yana yoshlar jamoasi bilan Navoiyda qoldim. Men buni tezda esimdan chiqardim va xorij yig'iniga tayyorgarlik ko'rdim. Jamoa musobaqadan qaytdi va Turkiyaga tayyorgarlikni davom ettirish uchun jo'nab ketdi. Bu safar ham jamoa tarkibida yo'q edim. Qarangki, yangi mavsumda asosiy tarkibda o'ynashimni aytganlar bu vaqtga kelib: “Kechirasan sening o'rninga boshqa kuchli futbolchi topdik”,- deb qo'limga hujjatlarimni tutqazib yuborishdi. Bilasizmi, eng alam qilgani nima edi? Menga o'shanda bir necha jamoalardan takliflar bo'lgandi va jamoadagilarga: “Agar meni asosiy tarkibda ko'rmayotgan bo'lsanglar, xujjatlarimni beringlar, menga takliflar bo'lyapti, o'sha takliflarni ko'rib chiqaman”,-dedim. Ular esa: “Yo'q, sen aniq yangi mavsumda asosiy tarkibda bo'lasan va jamoaga yordam berasan”,- deb aytishdi. Oxirida yana "kerak emassan", "ketaver" deb ketkazib yuborgani alam qildi. Mayli, futbol beshafqat o'yin. Nima ham qila olardim, balki haqiqatdan ham mendan kuchlisini topa olgandir. Ammo, shuncha kuch sarflab, endi niyatimga etishdim deganda hammasi men uchun alamli tugagani ko'ngilni xira qilgandi.

- Albatta, “Qizilqum” jamoasida erisha olmagan orzularingizga “Ittifoq-Navoiy” jamoasida erishdim deb o'ylaysizmi?

- Hammasiga bo'lmasada aksariyat qismiga erishdim desam adashmagan bo'laman. Sababi “Ittifoq-Navoiy” jamoasi bilan O'zbekiston kubogida o'ynadim. Jamoani sardor bo'lib barcha bahslarda maydongga boshlab chiqdim. Mana shuning o'zi mening orzularimni amalga oshganligini ko'rsatib to'radi.

- Sevdiyor mazmunli suhbat uchun rahmat...

- Sizlarga rahmat aytaman, ishlaringizga rivoj tilab qolaman. Xalqimizga esa sabr qilib, uyda o'tirishlarini va karantinga rioya qilib qolishlarini aytgan bo'lardim. Kam qoldi, yana bir necha fursatdan keyin biz mana shu virus ustidan birinchilardan bo'lib g'alaba qozonamiz. Keyin esa yana yashil maydon uzra muxlislar etiboriga shiddatli futbol uchrashuvlarini hadya etishda davom etamiz.


SHoxrux Meylixolov suhbatlashdi

Reyting: +4   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика