So’nggi yangiliklar

15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  0 14:53Суперлига. "Олимпик" - "Бунёдкор" (матнли трансляция)  0 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  9 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  19 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  18 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  6 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  7 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  3 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  3 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  5

Sardor Mirzaev: Jamoamizning maqsadi chempionlik Yangiliklar

Sardor Mirzaev: Jamoamizning maqsadi chempionlik

Joriy mavsumda o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'ygan Lokomotiv klubi 8 avgust kuni 17-tur doirasida Farg'onada Neftchi jamoasiga qarshi maydonga tushib, 2:1 hisobida g'alaba qozondi va o'z mavqesini mustahkamlab oldi.

Ammo mazkur uchrashuvda katta futboldagi ilk qadamlarini farg'onaliklar safida qo'yib, ko'p yillar davomida Neftchi sharafini himoya qilgan, ayni paytda esa temiryo'lchilar tarkibida o'ynayotgan Sardor Mirzaev maydonga tushmadi. Biz mahoratli yarim himoyachining nima sababdan sobiq klubiga qarshi kechgan o'yinda qatnashmaganini aniqlash maqsadida undan intervyu oldik. Suhbat davomida futbolchiga o'zimizni qiziqtirgan yana bir nechta savollar bilan muro­jaat qildik. 


- Farg'onada kechgan uchrashuvda maydonga tushmadingiz. Bunga nima sabab bo'ldi?

- To'g'risini aytsam, buni o'zim ham bilmayman. Qaysi futbolchini o'ynatishni murabbiylar hal qilishadi. O'zingizga malum, Neftchi sobiq klubim. Farg'onada futbolga qiziqish kuchli va jamoa muxlislari o'ta qiziqqonlar. 8 avgust oqshomidagi o'yinda ham Istiqlol stadioniga ko'plab ishqibozlar tashrif buyurishdi. Balki mahalliy muxlislar bosimidan asrash uchun ham murabbiylar shtabi meni maydonga tushirmagandir? CHunki sobiq jamoangga qarshi mahalliy ishqibozlar oldida to'p surish qiyin. Menimcha, masalaning shu jihatlari  ham inobatga olingan bo'lsa kerak. Yana kim biladi, deysiz? 

- CHempionlik uchun kurashayotgan klub uchun har bir ochko qadrli. Ammo kutilmaganda jamoangiz 16-turda o'z maydonida Metallurg bilan durangga imzo chekdi. Mazkur natijani qanday izohlaysiz? 

- Aslida bekobodliklarga qarshi kechgan bahsda yomon o'yin ko'rsatmadik  hisobda ortda borayotib, tanaffusgacha muvozanatni tikladik. Ammo ikkinchi bo'limda tezroq g'alaba to'pini kiritish uchun biroz shoshildik. Menimcha, shu narsa bizga pand berdi. Oqibatda niyatimizga etolmay, durang­ga imzo chekishga majbur bo'ldik. 

- Lokomotiv davralar oralig'idagi o'quv-mashg'ulot yig'inini Avstriyada o'tkazib, mazkur yig'in doirasida bir qator o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazdi. Umuman olganda, hal qiluvchi bosqich bahslariga tayyorgarlik qanday kechdi? 

- Avstriya ajoyib mamlakat ekan. Mazkur yurtning havosi bizga mos. Futbol maydonlari sifati alo darajada. Mashg'ulotlar o'tkazish va futbol o'ynash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. SHu sababli, ko'plab Evropa jamoalari o'z yig'inlarini aynan ushbu davlatda o'tkazishadi.

Avstriyadagi yig'in chog'ida 4ta nazorat bahsi o'tkazib, 2ta uchrashuvda g'alaba qozongan bo'lsak, 1 o'yinda durangga imzo chekdik va yana bir bahsda mag'lubiyatga uchradik. Dastlabki, yani Isroilning Makkabi klubiga qarshi o'tkazilgan ilk o'rtoqlik uchrashuvi biroz qiyin kechib, unda 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdik. Turkiyaning Oqhisor Belediyaspor va Konyaspor jamoalariga qarshi juda yaxshi o'yin namoyish etib, birinchi o'yinda 2:1 hisobida g'alaba qozongan bo'lsak, Konyaspor bilan bo'lgan bahsda durangga imzo chekdik - 1:1. Takidlash joizki, turk klublari bilan bo'lgan o'rtoqlik uchrashuvlarida hech bir jabhada raqibdan qolishmadik.

Avstriyadagi so'nggi nazorat o'yinini BAAning Al-Ayn jamoasiga qarshi o'tkazib, 1:0 hisobida zafar quchdik.

Xorijdagi 3 haftalik yig'in va o'rtoqlik uchrashuvlari ikkinchi davra bahs­larida o'z samarasini berishi shubhasiz. 

- Lokomotiv joriy mavsumda o'z oldiga yuksak maqsadlarni qo'ygan. Lekin davralar oralig'ida klubni legionerlar tark etishdi. Jamoa xorijlik futbolchilarsiz ham o'z maqsadiga erisha oladimi?

- To'g'ri, legionerlarning o'rni ham bilinishi mumkin. Ammo tarkibimizdan eng sara mahalliy o'yinchilar joy olishgan. SHuning uchun o'z maqsadimizga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Joriy mavsumda klubimiz O'zbekiston chempioni unvonini qo'lga kiritish hamda mamlakat kubogini o'zida saqlab qolish uchun astoydil kurashadi.

- CHempionlik yo'lida jamoangizga qaysi klublar raqobat ko'rsatishlari mumkin?

- Albatta, Paxtakor va Bunyodkor. CHempion bo'lish uchun mazkur klublarda ham imkoniyat yuqori. Lekin biz ham maqsadimizga etish uchun astoydil harakat qilamiz.

- Jamoa ustozi Vadim Abramovning mashg'ulotlar olib borish jarayoni va o'yin uslubi xususida nima deya olasiz?

- Vadim Karlenovich jamoani rang-barang tarzda shug'ullantiradi. Uning o'yinga qo'llaydigan taktikasi umuman boshqalarnikiga o'xshamaydi. Ustozimiz asosan to'pni ko'proq nazorat qilish, qanotlardan hujumga o'tib, darhol pressing qo'llashni, shu tariqa raqibga umuman imkoniyat qoldirmaslikni uqtiradi.

- Joriy mavsum bahslari xususida nima deya olasiz?

- Oldingi yillar bilan solishtirganda, bu yil milliy chempionatimizda ancha o'sish ko'zga tashlanmoqda. Masalan, Neftchi oldingi darajasiga qaytyapti. Boshqa jamoalarning o'yinlarida ham ancha yuksalish bor. Raqobat shu kabi muntazam ravishda bo'lsa, ichki chempionatimiz yanada kuchayadi. 

- Jamoangiz bu yil o'z tarixida ilk marta Osiyo CHempionlar Ligasi musobaqasida ishtirok etdi. Lekin guruhdan chiqolmadi. Ushbu omadsizlikni qanday izohlaysiz?

- Takidlaganingizdek, klubimiz mazkur nufuzli turnirda birinchi marta qatnashdi. SHu bois, jamoamizga tajriba va mahorat etishmadi. SHunday bo'lsa-da, OCHLda ancha tajriba to'plashga erishdik.

- OCHL doirasidagi o'yinlardan birida - Ar-Riyodda Saudiya Arabistonining  Al-Hilol darvozasiga urgan golingiz juda chiroyli ko'rinish olgandi...

- Rostdan ham gol chiroyli chiqdi. Hisob 2:0 bo'lib turganida, 35-40 metrlar chamasi uzoqlikdan kuchli zarba berib, darvozani aniq nishonga olgandim. To'g'risini ayt­sam, bunday ajoyib tarzda to'p kiritaman, deb o'ylamagandim. Afsuski, o'sha uchrashuvda 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergandik. 

- Siz farg'onaliksiz va ko'p yillar davomida Neftchi sharafini himoya qilgansiz. Lokomotiv tarkibiga qo'shilishingiz qay tariqa yuz berdi? 

- 2013 yili farg'onaliklar bilan tuzilgan shartnomam nihoyasiga etdi. O'tgan mavsum arafasida Loko­motiv­dan taklif tushdi va buni qabul qildim. Boisi, menda temiryo'lchilar tarkibida mahoratimni oshirish imkoniyati paydo bo'lgandi va uni qo'ldan chiqarmadim. Ushbu qarorimdan afsuslanmayman. Boisi, Lokomotiv tarkibida o'z mahoratimni oshirib, anchagina tajriba to'pladim. SHuningdek, joriy yilning 29 mart kuni Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi kechgan o'rtoqlik uchrashuvida milliy termamizda debyutimni nishonladim. Bosh jamoaga nomzod futbolchilar qatoridan o'rin olganimdan xursandman. Yana milliy terma jamoamizdan chaqiruv olsam, murabbiylar ishonchini oqlash uchun bor imkoniyatlarimni ishga solaman. 

- JCH-2018 va OCH-2019 saralash bahs­larida ishtirok etayotgan bosh jamoa­mizning guruhdagi holati unchalik qoniqarli emas. Sizningcha, milliy terma jamoamizda vaziyatni ijobiy tomonga o'zgartirish imkoniyati bormi?

- Albatta. Boisi, endigina 2ta tur bahslari o'tkazildi va oldinda yana ko'plab uchrashuvlar bor. Faqat buning uchun keyingi o'yinlarda g'alaba qozonish shart. Nasib qilsa, terma jamoamiz o'z guruhida birinchi o'rinni egallaydi. 

- Futbolga qay tarzda kirib kelgansiz?

- Dadam havaskor futbolchi bo'lgan. Esimni taniganimdayam otam futbol o'ynashni kanda qilmasdi. SHu bois, millionlar o'yiniga bo'lgan qiziqishim 6 yoshimdanoq boshlangan. Avval ko'cha-ko'yda futbol o'ynab yurdim. To'rtin­chi sinfni tamomlaganimdan so'ng dadam mendagi iqtidorni sezib,  qo'limdan etaklab, Farg'ona viloyat futbol maktab-internatiga olib borgan. Ushbu o'quv dargohida Oydinbek Aliev va Durbek Mirzaboev futboldan tahsil bergan ilk murabbiylarim hisoblanishadi. Futbol maktabida 5 yil tahsil olib, keyin Neftchi klubiga ko'rikdan o'tish uchun keldim. Omadim chopib, ko'rikdan yaxshi o'tdim va 2008 yili jamoaga qabul qilindim. Avvaliga o'rinbosarlar tarkibida tajriba to'pladim. 2009 yilgi mavsumdan boshlab klubning o'sha paytdagi ustozi Yuriy Sarkisyan menga ishonch bildirib, asosiy tarkibda maydonga tushir­di. To'g'ri, boshlanishida biroz qiyin bo'ldi. Lekin o'yindan - o'yinga tajribam oshib bordi. Farg'onaliklar tarkibida 2013 yilgacha to'p surdim. 2014 yildan esa faoliyatimni Lokomotiv­da davom ettiryapman. 

To'g'risini aytadigan bo'lsam, Neft­chi singari mamlakatimizning etakchi klubi asosiy tarkibida 18 yoshimdayoq to'p suraman, deb o'ylamagandim. Ammo omadim bor ekan, bu menga nasib etdi. Fursatdan foydalanib, menga o'sha paytda asosiy tarkibdan joy bergan taniqli mutaxassis, ayni paytda Bunyodkorda faoliyat olib borayotgan Yuriy Vazgenovichga o'z minnatdorchiligimni bildiraman.

- Malumotlarga ko'ra, Neftchi tarkibida 2009-2013 yillar mavsumida 75ta o'yinda ishtirok etib, 6ta gol urgan ekansiz...

- Farg'onaliklar safida shuncha uchrashuvda ishtirok etganim rost. Lekin urgan gollarim borasidagi malumot noto'g'ri. Menimcha, bu boradagi ko'rsatkichim yanada yuqori.

- Garchi Lokomotiv chempionlik uchun kurash olib borayotgan bo'lsa-da, negadir jamoangizning o'z maydonida kechadigan o'yinlariga muxlislar tashrifi kam. Sizningcha, buning sababi nimada? 

- Toshkentda futbol klublari ko'p. Balki shuning uchun jamoamizning uy uchrashuvlariga tomoshabinlar kamroq tashrif buyurishayotgandir. Ammo so'nggi paytlarda stadionimizga ishqibozlarning tashrifi ancha oshdi.

Barcha muxlislar qiziqarli va keskin kurashlar ostida kechadigan futbol tomosha qilishni xohlashadi. Buning uchun biz - futbolchilar ko'proq mazmunli o'yin namoyish etishimiz kerak. SHunda o'yingohlarga tashrif buyuradigan ishqi­bozlar soni ham ortadi.

- Futboldan bo'sh vaqtingizda nima bilan shug'ullanasiz?

- Ko'proq oilam va do'stlarim davrasida bo'lishni maqul ko'raman.

- Futboldan tashqari, yana qaysi sport turiga qiziqasiz?

- Tennisga, lekin unchalik yaxshi o'ynolmayman (kuladi).

- Futbolchilikni tanlaganingizdan afsuslangan paytlaringiz ham bo'lganmi?

- Yo'q, aksincha, bundan faxrlanaman. Boisi, shu kasbning orqasidan ko'plab yurtlarda bo'ldim, do'stlar orttirdim, O'zbekiston yoshlar terma jamoasi safida jahon chempionatida ishtirok etdim, milliy terma jamoa tarkibida to'p surdim. 

- Qaysi futbolchining o'yinlariga havas qilasiz?

- Yoshligimdan Kakaning o'yinlarini ko'p marotaba kuzatganman va uning maydondagi xatti-harakatlari yoqadi. SHuningdek, uning kamtarligiga havas qilaman. Hamyurtlarimizdan esa Rossiyaning Krasnodar va milliy terma jamoamiz yarim himoyachisi Odil Ahmedovning o'yinlaridan zavq olaman.

- Qaysi mamlakat milliy chempionati o'yinlarini tomosha qilasiz va qaysi klubga muxlislik qilasiz? 

- Ispaniya La-ligasi uchrashuvlarini kuzataman va Madridning Real jamoasiga muxlislik qilaman. 

- Muxlislarga tilaklaringiz...

- Ishqibozlar baxtimizga hamisha sog' bo'lishsin, muxlislik qiladigan jamoalari doimo g'alaba qozonaversin.


Reyting: -1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика