So’nggi yangiliklar

19:21Суперлига. "Андижон" "Динамо"ни йирик ҳисобда мағлуб этди ва Суперлигада ўрнини сақлаб қолди  10 19:09Денис Коростиченко: "Бунёдкор" захираси бизникидан кучлироқ экан"  0 18:47Туркия. Алиқулов жамоаси иродали ғалабага эришди  0 18:20"Ростов" сўнгги 15 дақиқаликдаги 2та гол туфайли ЦСКАдан ғалабани юлиб олди  7 18:00"Севинч" - 14 карра Ўзбекистон Кубоги соҳиби!  3 17:42"Матч ТВ" графика оператори ишсиз қолди. Нега?  5 17:07Суперлига. "Бунёдкор" "Олимпик"ни мағлуб этди ва хавфли зонадан узоқлашди  1 16:54"Лестер" - "Челси". Кимлар асосий таркибда?  0 16:10МЮдагилар ёзда 42,5 млн. еврога сотиб олинган футболчига шубҳа билан қарашмоқда  0 15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  7 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  18 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  27 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1

Samvel Babayan hammasi haqida ochiq-oydin (1-qism) Yangiliklar

Samvel Babayan hammasi haqida ochiq-oydin (1-qism)

Paxtakor joriy yil yosh futbolchilarining shiddat va ishtiyoqlari evaziga chempionlikni qo'lga kiritdi.
Buni mutaxassislar ham, muxlislar ham inkor etmaydilar. Ammo kelasi mavsum jamoaga ancha og'ir bo'lishi turgan gap. CHunki endi raqiblar amaldagi chempion - Paxtakorga qarshi yanada katta ishtiyoq bilan kurashga kirishishlari tayin. Klub menejeri Samvel Babayan bilan yillik eksklyuziv suhbatimiz aynan shu mavzuda boshlandi.

KLUBGA SADOQAT

- Samvel Vyacheslavovich, joriy mavsum yosh futbolchilardagi kuchli ishtiyoq tufayli chempionlikni qo'lga kiritdinglar. Ammo bu ishtiyoq kelasi mavsumga etmay qolishidan cho'chimaysizmi?

- Yo'q, chunki Paxtakordagi har bir inson jamoamizga sadoqat ruhida tarbiyalangan. Futbolchilarimiz klub tarixi, ananalari va qadriyatlarini yaxshi biladilar va har safar maydonga chiqar ekanlar, g'alaba uchun bor kuchlarini beradilar.

- Klubga sadoqat ruhiyati yaxshi, albatta, ammo raqib jamoalar futbolchilarni mo'maygina mukofot pullari bilan siylab turishganida, bu ishtiyoq so'nib qolishidan tashvishlanmaysizmi? Masalan, aytaylik, Lokomotiv yoki Bunyodkor ularga ko'proq maosh taklif qilsa...


- Futbolchilarimizning baribir, jamoaga sadoqatli bo'lib qolishlariga ishonaman. Bizning moliyaviy imkoniyatlarimiz ham yil o'tgani sayin yaxshilanmoqda. Masalan, joriy yil biz uchun eng barqarori bo'ldi. Buning uchun avvalo, klubimiz prezidenti - Botir Rahimovga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bu inson jamoa uchun katta ishlarni amalga oshirmoqda va biz yaxshi o'yin orqali ishonchni oqlamoqchimiz.

- Demak, Paxtakor futbolchilari daromadida ham o'sish kuzatiladi.

- Ha, ammo bo'lar-bo'lmasga pul ulashishni istamaymiz. Futbolchi eng avvalo, o'z mehnatiga yarasha haq olishi kerak. Munosib bo'lmagan darajada ko'p maosh olishi undagi iqtidor va ishtiyoqni o'ldiradi. Agarda biror futbolchining o'yini sezilarli kuchaysa, shunga yarasha maoshini oshirishimiz turgan gap.

- Siz mavsum oxirida Miladinovichni Paxtakorga sadoqatli futbolchi sifatida tariflagandingiz. Ammo Boyan yaqinda Malayziyaga ketdi...

- Bunga o'zimiz ruxsat berdik. Bir narsani tushunishingizni istardim, Miladinovich 32 yoshga to'ldi, malayziyaliklar esa bizda olganiga nisbatan 4 barobar ko'proq pul taklif qildilar. Bunday vaziyatda uni qanday qilib ushlab qolishimiz mumkin? Bu insofdan bo'lmasdi. Boz ustiga, Boyanning klub bilan shartnomasi yakuniga etgandi. SHunday bo'lsa-da, takrorlayman, u har bir qadamini biz bilan maslahatlashgan holda tashladi va ketishiga o'zimiz ruxsat berdik. Bu ham Miladinovichning insoniylik xislatini ko'rsatib turibdi. Yana shuni aytishni istardimki, Boyan jamoamizga hali qaytadi. Balki futbolchi sifatida emasdir, ammo kelajakda albatta, qaysidir jabhada Paxtakorda faoliyat olib borishini istardik.

YOSHLAR QACHON ULG'AYISHADI?

- Mavsum boshida Temur Hakimovning iqtidoriga yuqori baho bergandingiz, ammo birinchi davra yakuniga etgani hamono uni ijara asosida Olmaliqqa yubordingiz. Bunga sabab nima?

- Biz Temurga katta imkoniyat berdik, asosiy tarkibda maydonga tushirdik. Ammo u har doim ham ishonchni oqlamadi. Hakimov haqiqatan, iqtidorli yigit, ammo yoshlar futbolidan kattalar darajasiga chiqishda muammoga duch kelmoqda. SHu sababli, yani tajriba orttirishi uchun Olmaliqqa ijaraga berdik.

- Abbos Maxstaliev bilan ham shunday holat yuzaga keldimi?


- Yo'q, Abbos bilan biroz boshqacha vaziyat. Bu futbolchining professionallik xislatiga hech qanday etiroz yo'q. Abbos mashg'ulotlar vaqti ham, o'yinlarda ham doimo bor kuchi bilan harakatlanadi. Ammo gap shundaki, Paxtakor asosiy tarkibiga o'tishda unda ham o'ziga xos muammolar sezildi. Jamoada undan kuchliroq futbolchilar bor edilar. Qisqasi, Abbosni bekor zaxirada ushlab turishni istamadik.

- Bu futbolchilar kelasi mavsum Paxtakorga qaytishadimi? Axir yaqinda Navro'z Alimovni tarkibga qo'shib oldinglar. Yana Igor Sergeev, Bahodir Pardaev va Anvar Soliev kabi hujumchilar bor.


- Navro'z Alimovga kelsak, uni ancha iqtidorli, deb bilaman. Yana Paxtakor tarkibida o'z iqtidorini to'liq ochishiga ishonaman. Ijaradagi futbolchilar haqida esa shuni aytishim mumkinki, 14 dekabrda hammani yig'ishni ko'zlab turibmiz. O'shanda bir qarorga kelamiz.

-  Tarkibda bu qadar ko'p hujumchi yig'ilishi - ortiqcha harakat emasmi?


- Bizni oldinda uzoq va og'ir mavsum kutib turibdi. SHunday ekan, hammaning o'z o'rni bor.

LEGIONERLAR

- Siz mudom Maxaradze va Miladinovich haqida ijobiy fikr bildirasiz. Ammo bu futbolchilar o'yin uslublari va texnik salohiyatlari jihatidan o'zimiznikilardan uncha ajralib turmasdilar. Aytaylik, OCHLda Janubiy Amerika va Afrikadan legioner jalb qilishgan klublar etakchilik qilmoqdalar...


- Gapingizga tushundim. Biz o'z imkoniyatlarimiz darajasidan kelib chiqib legioner taklif etamiz. Afrikalik futbolchilar borasida shuni aytishim mumkinki, ular har doim ham bizning futbolga moslashib ketolmaydilar. Bunday legionerlarda intizom borasida muammolar ko'p bo'ladi. Natijada foydadan ko'ra, zararlari tegishi mumkin. SHu sababli, Afrikadan legioner qidirishga uncha rag'bat sezmaymiz. Janubiy Amerika futbolchilari esa transfer bo'yicha ancha qimmat sanalishadi. U erdan tuzukroq futbolchi olish uchun kamida 1 million dollar to'lash kerak. To'g'risi, bunga qurbimiz etmaydi. Agar vaqti kelib, kuchli sarmoyador topsak va pulimiz ko'paysa, Braziliya yoki Argentinadan bajonidil futbolchi olib kelishimiz mumkin. Ammo hozir buning imkoni yo'q. O'zimga qolsa, hozir BAAda o'ynayotgan braziliyalik Jusiley Anjidan ketmoqchi bo'lgan vaqtda uni sotib olardim. Bu futbolchining o'yini menga juda yoqadi. Biroq afsuski, ayni payt qimmatbaho transferni o'zimizga ep ko'rolmaymiz. Jusileyning narxi 5 million evro edi. Qani edi, shunday transferni amalga oshira olsak...

YANA O'SHA RIJKO

- Paxtakor chempionlikni qo'lga kiritdi, ammo shu bilan birga bazi o'yinlar kuzatildiki, yumshoq aytganda, yaxshi taassurot qoldirmadi. Masalan, Navbahorga qarshi kechgan ikki o'yinda ham Yuriy Rijko so'nggi daqiqalarda penaltiga tortadigan qo'pollik ishlatganiga qanday izoh berasiz?


- Futbolda har narsa bo'lishi mumkin. Rijko ham shunchaki, xatoga yo'l qo'ydi.

- Ammo ikki o'yinda bir xil xatoni qaytargani g'alati emasmi? Bu futbolchi haqida qanday fikrdasiz?

- Yuriy Rijko uncha kuchli futbolchi emas. Ammo Navbahor uchun muhim ahamiyatga ega. Modomiki, Navbahor o'tgan mavsum arzirli natija qayd etgan ekanmi, demak, bunda Rijkoning ham hissasi bor. Men uning o'yinini kuzatdim, ko'p uchrashuvlarda asosiy tarkibda maydonga tushdi va Navbahorning yaxshi natijalarga erishishiga o'z hissasini qo'shdi. U jismonan baquvvat, bosh bilan yaxshi o'ynaydigan, o'ziga yarasha mahoratga ega futbolchi. Ammo bizga qarshi o'yinlarda ruhiy jihatdan barqaror emasligi ko'rinib qoldi. Bu ham bizning baxtimiz, raqibning esa omadsizligi.

- Bunday futbolchi jamoangizda bo'lganida, unga nisbatan qanday chora ko'rardingiz? Haydab yuborarmidingiz?

- Nimaga endi haydash kerak? Axir hamma ham xato qiladi. Negadir Rijkoning xatosini hamma gapiradi, ammo Egor Krimec aybini eslamaydi ham. Yodingizdami, Egor to'pni o'z darvozabonimizga bosh bilan oshirib berishda adashib, raqibga oldirib qo'ygandi. O'sha vaziyatda Navbahor hujumchisi xavfli vaziyatga chiqib ketgandi. Bu o'ta qo'pol xato, hatto Rijko yo'l qo'yganidan ham qo'polroq! Men har doim himoyachilardan to'pni darvozabonga bosh bilan oshirib bermaslikni talab qilaman. Hatto mashg'ulotlar vaqti ham bunga alohida etibor qaratamiz. U esa baribir, shu ishni qildi. Nega bu haqda gapirmaysiz?

- CHunki Egor bir xatoni ikki o'yinda takrorlagani yo'q.

- Rijko ham ataylab qilmadi. Aks holda, bizga qarshi o'yindan so'ng uni tarkibdan chetlatishmasmidi? Men Nav­bahorning keyingi o'yinlarini ham kuzatib bordim, Rijko asosiy tarkibda tushdi. SHunday ekan, ortiqcha gapga ne hojat? Aslida bunday gaplar Navbahor uchun tuhmat emasmi? Jamoa futbolchilari butun o'yin davomida bizga qarshi bor kuch bilan o'ynadilar, harakat qildilar, evaziga bunday gaplarni eshitib o'tiribdilar. Paxtakor futbolchilarining intervyulariga bir qarang, hammalari o'tgan mavsum eng og'ir o'tgan uchrashuv sifatida Lokomotiv yoki Bunyodkorga qarshi kechgani emas, balki aynan Navbahor bilan bo'lgan o'yinni ko'rsatmoqdalar. Navbahorning bazi muxlislari esa, o'sha o'yindan keyin ham o'z jamoalari shaniga turli bo'htonlar qilishdi. Aslida bundaylarni muxlis sanamayman. SHu yaxshimi? Namanganda kechgan o'yindan so'ng o'tkazilgan matbuot anjumanida bir kishi turli bo'lmag'ur gaplarni aytgandi. Men bundaylarni jamoa muxlisi, deb bilmayman.


ISTE'FO TALAB QILISHSA...?

- Bu yil ishingiz yaxshi kechdi, ammo 3 yil muqaddam muxlislar istefo talab qilishgani yodingizdan chiqmagan bo'lsa kerak. Murabbiylik ishi shundayki, mudom istefo xavfi ostida turasiz. Mabodo muxlislar sizdan istefo talab qilib, yana banner ko'tarib chiqsalar, buni qanday qabul qilasiz?


- Almashtirilmas odam yo'q, faqat takrorlanmaydigani bo'lishi mumkin. Agar vaqti kelib, ishim klub rahbariyatini qanoatlantirmay qo'ysa, o'z o'rnimni bo'shatib berishga tayyorman. Men klubimizning asosiy akcioneri bilan aka-ukadek munosabatdaman. Mustahkam aloqalarimiz hamkorlik yoki ish chegarasidan ham chetga chiqishi mumkin. Ammo men olib borayotgan ish unga yoqmasa, istefo berishni paysalga solmayman. Biroq shu bilan birga aytishim lozim, o'rnimga keladigan odam mendan ko'ra, yaxshiroq bo'lishi shart! Mana, qanday ishlash kerakligini ko'rsatib qo'ydim. Paxtakorda 13 yildan buyon faoliyat olib boraman va bu vaqt oralig'ida kichik imkoniyatlar bilan uzoq yillik kelajakka etadigan poydevor yaratdik. Mehnatlarimiz samarasi hozirdan ko'rinmoqda...

Davomi bor.
Reyting: -2   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика