Samvel Babayan: "Bugungi futbol bayramida biz g'olib bo'ldik. Bunday derbilarda katta bo'lganman"
19 may 23:14
Yangiliklar
Samvel Babayan: "Bugungi futbol bayramida biz g'olib bo'ldik. Bunday derbilarda katta bo'lganman"
- O'yin haqida
- Birinchi navbatda barcha muxlislarimizni g'alaba bilan tabriklayman. Namanganda hozir katta bayram. Bu bizga kattaroq bosim yukladi. Bayram kunlari g'alaba qozonishimiz shart edi. Bugun tribunalar to'ldi. To'liq stadioni OCHL pley-off bahslarida ham ko'rmadim, to'g'risi. "Neftchi" muxlislariga ham rahmat. Ular jamoasiga bo'lgan muhabbatni namoyish etishdi. Yigitlarga katta rahmat. Biz o'z vazifamizni uddaladik. Doim g'alaba va xursandchilik bo'lsin.
- Bugungi tug'ilgan kuningiz bilan tabriklayman. Ruslan Jiyanov o'yinga o'zgacha chiroy qo'shdi. Uni ertaroq maydonga tushirishning iloji bormidi?
- O'tgan uchrashuvlardan so'ng ham aytib o'tgandim. Jiyanovni sekin astalik bilan asosiy tarkibga qo'shyapmiz. U asosiy tarkib futbolchisi. Biz Ruslanni ataylab eng foydali vaqtda maydonga tushirishni reja qilgandik va shunday ham bo'ldi. U bugun yaxshi o'yin o'tkazdi. Uning poziciyasida o'ynaydigan futbolchilar hujumda ko'p vaziyatlar yaratmagan bo'lishi mumkin, ammo ular jamoaga katta foyda keltirdi. Himoyada ko'p mehnat qilishdi. Afsuski, Jiyanov kabi futbolchimiz bitta dona. Maydonga tushishi bilan o'yinni kuchaytira oladigan futbolchilar soni jamoamda ko'proq bo'lishini istardim. Ammo hozircha bori shu. Bugun hujum chizig'ida yanada ko'proq o'zgarishlarga qo'l urish niyatim bor edi. Jiyanov maydonga tushdi va o'z vazifasini alo darajada bajardi.
- Avvalambor tug'ilgan kuningiz bilan tabriklayman. O'tgan mavsum "Navbahor" jamoasida sifatli zaxira yo'qligi sababli ko'p pand egandi. Jamoa joriy mavsum bir nechta tajribali futbolchilarni o'z safiga qo'shib oldi. Siz hozirgina hujumga yordam bera oladigan o'yinchilarni ko'proq maydonga tushirish istaganingiz borligini, ammo munosib nomzodlar kamligidan nolidingiz. Sizning fikringizcha Siavash Haqnazariy etarlicha mahoratga ega emasmi? Zaxirada Haqnazariydek kreativ va tajribali futbolchi bor, biroq siz zaxira o'rindig'iga yaxshiroq futbolchilar kerakligidan nolimoqdasiz.
- Siz qaysi tashkilotdansiz? Blogermisiz yoki jurnalist? Men ikki xil teng tarkibga ega bo'lishni istayman, ammo bizda bunday emas. Raqibimiz bugun 5ta o'zgarishga qo'l urdi va 4ta o'zgarish hujum chizig'ida ro'y berdi. Menga bunday imkoniyat yo'q. Faqatgina statistika uchun o'zgarish qilish noto'g'ri. Maydonga tushgan yangi futbolchi o'yinga sifat qo'shishi kerak. "Navbahor"ning o'yinlarini ko'rsangiz, kim zaxiradan o'yinga qo'shilib jamoaga yordam berayotganini bilib olasiz. Men o'zimdan o'zim bunday qarorga kelmayman. Men faktlarga asoslanib qaror qabul qilaman. Tarkibni tanlashda bir nechta jihatlarga etibor beraman. Mashg'ulotlarda kim qanday o'yin namoyish etayotganini ko'raman va shundan kelib chiqib qaror qabul qilaman. Bugungi uchrashuvda Iskanderov, Tabatadze, Ismoilovlar to'psiz ko'p mehnat qilishdi va shu sababli ko'p kuch yo'qotishdi. Bugun oson o'yin bo'lgani yo'q. Men zaxiramizda 4-5ta kuchli futbolchiga ega bo'lishni istayman, ammo hozircha buning iloji yo'q.
- Birinchi va ikkinchi bo'limda yaqqol vaziyatlar yaratildi, ammo vaziyatlardan foydalanish yana oqsamoqda. Jamoadan qanchalik ko'nglingiz to'lmoqda? Joriy mavsumda "Navbahor"ning chempionlik imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Kelajak haqida gapirmaylik. Hozirgi holat bo'yicha harakat qilishimiz kerak. Endigina 7-tur yakunlandi. Oldinda o'yinlar juda ko'p. Jamoadan to'liq ko'nglim to'lmoqda. Bugun to'psiz ham juda yaxshi harakatlandik. Hujumdagi vaziyatlar haqida gapiradigan bo'lsam, bugun ko'p vaziyat yaratdik. Vaziyatni yakunlash bo'yicha biroz omadimiz kelmadi. Standartlardan ham vaziyatlar yarata oldik. Raqib jarima maydonchasiga ichida agressivroq o'ynashimiz kerak edi. "Neftchi" o'z jarima maydonchasida 9 kishi bo'lib himoyalandi. Lekin biz baribir vaziyatlar yaratishda davom etdik va o'yin so'ngida gol urdik. Harakat va ishtiyoq yakunda o'z mevasini berdi. Biz ko'proq gol urishni maqsad qilgandik.
- "Navbahor" bosh murabbiyi sifatida ishlayotganingizdan beri "Neftchi" jamoasiga mag'lub bo'lmadingiz. Bunga sabab farg'onaliklarni yaxshi o'rganganingizdanmi?
- 1995 yillari ikki jamoa o'rtasida dahshatli derbilar bo'lib o'tardi. Men o'sha vaqti yosh yigitcha edim. 1996 yili esa biz chempionlikni nishonlagandik. Hozir esa zamon boshqacha. "Navbahor" - "Neftchi" to'qnashuvlari har doim qiziqarli kechgan. O'sha vaqtlari stadionlar to'lar edi. "Paxtakor"da ham deyarli 15 yil ishladim va o'sha vaqtlari "Neftchi"ga qarshi ko'p to'qnash kelganman. Dahshatli janglar guvohi bo'lganman. derbilar meni katta qildi. Bunday muxlislik barchaga qo'shimcha javobgarlik yuklaydi. Bugun futbol bayrami bo'ldi. Namangan shahridagi bayram bilan barchani yana bir bor tabriklayman.
Fikrlar